Tayanch tushunchalar
Moliyaviy hisobot auditining maqsadi, auditorning mijoz oldidagi xat-majburiyati, oferta, tekshirish o’tkazishda shartnoma, biznesni bilish, auditning ishchi hujjatlari, aldash va xato, auditor ishi sifati.
X BOB. AUDITNING ISHCHI STANDARTLARI
10.1. Auditorlik dalillar va ularni olish usullari
Auditorlik tekshiruvi davomida auditor chiqaradigan qarorlarining asoslanganligini ko’rsatish uchun dalil yig’adi. Tekshirish davomida yig’ilgan va tahlil qilingan ma’lumotlar auditorning qaror qabul qilishi uchun asos bo’lib xizmat qiladi va auditorlik dalillari deyiladi.
Auditorlik dalillari nafaqat auditorlarga, balki ushbu dalillardan asosiy foydalanuvchilar qatoriga kiradigan korxona rahbariyati uchun ham juda zarur hisoblanadi.
Korxona rahbariyati uchun axborotlar tarkibi mansabdor shaxslarning bajaradigan funktsiyalariga qarab aniqlanadi. Masalan, korxona mulkdorlari, ta’sischilari hamda rahbari uchun avvalo mablag’larning miqdori hamda likvidligi, soliqqa oid munosabatlar, foydaning taqsimlanishi, dividendlarning hisoblanishi kabi ma’-lumotlar zarur bo’ladi.
Menejerlar uchun esa asosan foydaning miqdori va me’yori, tannarx hamda rentabellik, korxonaning to’lovga qobiliyatlilik darajasi kabi ma’lumotlar zarur.
Bevosita korxonadan moliyaviy manfaat mavjud tomonlarga auditorlik xulosasi bilan tasdiqlangan tashkilotning moliyaviy hisoboti ishonchli ma’lumotlari taqdim etiladi.
Boshqa tashqi foydalanuvchilarga soliq to’lovlari, byudjetdan tashqari fondlarga ajratmalar xususidagi ma’lumotlar taqdim qilinishi mumkin.
Barcha tomonlarning axborotga bo’lgan talabini qondirish maqsadida auditor korxona moliya-xo’jalik faoliyatini, uning moliyaviy hisobotini tekshiradi. Bunday vaziyatda auditordan auditorlik dalillari va isbotlarini olish talab etiladi.
Auditorlik tekshiruvi davomida yig’iladigan hujjatlarning miqdori cheklanmagan. Auditor o’zining malaka talablaridan kelib, buxgalteriya hisobotining ishonchliligini tasdiqlovchi isbot va dalillarning miqdorini mustaqil holda belgilaydi.
Auditorlik dalillari, agarda hujjatlar va aktivlar, xususiy kapital va majburiyatlarning haqiqiy holati bilan tasdiqlanganda, ishonchli hisoblanadi.
Auditorlik dalillarini yig’ishda moliyaviy axbo-rotlarning rad etilishi mumkinligini inobatga olgan holda isbot yig’ish usullarini tanlashi mumkin.
Auditorlik isbotlari, avvalo, relevant hamda to’liq bo’lishi lozim. Isbotlarning relevantligi biror-bir muammoni hal qilishda uning o’rnini aniqlashni bildirsa, to’liqlik esa har bir aniq vaziyatda ichki nazorat tizimini baholash va auditorlik xulosasining to’g’riligi ehtimolligi asosida aniqlanadi. Har qanday holatda auditor yig’ilgan dalillar auditorlik xulosasini yozish uchun foydali bo’lishini nazarda tutishi lozim.
Auditorlik isbotlari ichki, tashqi hamda aralash bo’lishi mumkin.
Ichki dalillar mijozdan og’zaki so’rov yoki yozma tasdiq asosida olinishi mumkin. Tashqi dalillar 3-shaxsdan yozma tasdiq asosida olinishi mumkin. Aralash dalillar mijozdan og’zaki yoki yozma tasdiq asosida hamda 3-shaxsdan tasdiqlangan holda olinishi mumkin.
Auditor uchun eng qimmatli dalil tashqi dalillardir, so’ngra aralash hamda ichki dalillar zarur bo’ladi.
Yozma shaklda yoki hujjat shaklida olingan dalillar og’zaki dalillarga nisbatan ishonchli hisoblanadi. Yig’ilgan dalillar auditorning ishchi hujjatlarida aks ettiriladi.
Quyidagilar auditorlik dalillarini yig’ish manbalari bo’lib hisoblanadi:
– iqtisodiy sub’ekt hamda 3-shaxslarning birlamchi hujjatlari;
– iqtisodiy sub’ektning buxgalteriya hisobi registrlari;
– iqtisodiy sub’ekt xodimlari va 3-shaxslarning og’zaki tushun-tirishlari;
– inventarizatsiya natijalari;
– buxgalteriya hisoboti.
Xo’jalik muomalalarini kuzatish mobaynida yig’ilgan dalillar auditor uchun muhim hisoblanadi.
Auditorlik isbotlari va dalillarining ishonchliligini aniqlashga bir qancha omillar ta’sir qiladi: auditorlik tavakkalchiligi darajasi, turli xil manbalardan olingan dalillarning turli-tumanligi va boshqalar.
Agarda auditor dalillarni turli xil manbalardan olsa, auditorlik tavakkalchiligi kamayadi. Auditorlik dalillarini yig’ish nafaqat buxgalteriya hisoboti-ning ishochliligini isbotlashga, balki mijozga turli xil tavsiyalar berishda ham qo’l keladi. Auditning maqsadi, tekshiriladigan ob’ektlarni qamrab olish darajasi hamda hujjatlarni qay darajada olishga bog’liq holda auditor tomonidan tekshiruv davomida turli xil usullar ishlati-lishi mumkin. Auditor tomonidan auditorlik tekshiruvi davomida o’tkaziladigan usullarga quyidagilar kiradi:
Do'stlaringiz bilan baham: |