Ta'lim jarayonida bilish faoliyatining bosqichlari. O`qituvchi o`quvchilarni yangi bilimlarni faol idrok qilishga, uni hayotda qo`llay olishga tayyorlaydi. Bu tasodifiy hodisa bo`lmay, o`quv jarayonining mantiqi shuni taqozo etadi. O`quvchilarning o`qituvchi sabog`ini o`zlashtirish jarayoni bilimlarni idrok qilish, tushunish, mustahkamlash hamda ularni amalda qo`llash bosqichlaridan iborat bo`ladi.
Bilimlarni o`zlashtirish voqelikdagi narsa va hodisalarni sezish va idrok qilishdan boshlanadi. Bilimlarni o`zlashtirishda bu bosqichlarning ahamiyati nihoyatda kattadir.
Idrok - borliqni odam ongida aks etishidir.
Idrok o`quvchilarning bilimlari, amaliy tajribasi darajasiga qarab muayyan maqsadni ko`zlovchi jarayon bo`lmog`i kerak. O`qituvchi idrokni yoki bevosita kuzatishni yo`lga qo`yayotganida kuzatish manbalarini sinchiklab tanlayli.
O`quvchilarning bilish faoliyatidagi ikkinchi - bosqich bilimlarni tushunish va umumlashtirishdir. Tushunchalarning hosil bo`lish jarayonida induksiya va deduksiya kabi fikrlash masalalari katta o`rin tutadi. Induksiya - xususiy hollardan umumiy qoidaga boradigan, deduksiya esa - umumiydan xususiyga boradigan fikr yuritish yo`lidir.
O`quvchilarning bilish faoliyatidagi uchinchi bosqich - bilimlarni mustahkamlash va qo`llashdir. Mustahkamlashning mohiyati yangi materialni idrok qilish vaqtida hosil bo`lgan muvaqqat bog`lanishlarni puxtalashdir. Mazkur jarayonda bo`sh va betakror bog`lanishlar mustahkamlaniib boradi.
O`quvchilar faolligini oshirish uchun materialni dastlabki mustahkamlash vaqtida materialga oid savollar qo`yish bilangina kifoyalanmaslik kerak. Buning uchun o`quvchining kitob va darsliklar bilan mustaqil ishlashdan, turli xil mashqlar, amaliy mashg`ulotlarni bajarish, ko`rsatmali qurollar, kompyuterlar ustida ishlashlaridan ham foydalanish mumkin. Materialning keyingi mustahkamlanishi uy vazifalarini bajarish jarayonida davom etadi. Materialning har bir keyingi darsda takrorlanib borishi, mavzu yoki bo`limning oxirida umumlashtiruvchi takrorlash o`tkazilishi hamda o`quv yilining oxiridagi takrorlash mustahkamlashning zaruriy elementidir.
Bilim, ko`nikma va malakalarni muvaffaqiyatli egallab olish vositalaridan biri - avval o`zlashtirib olingan bilimlarni amalda qo`llashdir. Amaliyot jarayonida bilimlar to`ldirib boriladi, ularni amalda qo`llanish ko`nikmasi hosil qilinadi. Amaliy vazifalarni hal qilish vaqtida bilimlarda ehtiyoj paydo bo`ladi, bu esa yangi bilimlarni egallash uchun turtki beradi.
Foydalanilgan adabiyotlar ro’yhati R.Mavlonova, N. Vohidova, N.Rahmonqulova “Pedagogik nazariyasi va tarixi” // T. : Fan va texnologiya, 2010, B - 11-13
M.Jo’rayev “Fizika o’qitish metodikasi” //T.: ABU MATBUOT – KONSALT, 2015, B-18-21