Ulug‘bek madrasasi (Buxoro)
Buxoro shahrida joylashgan Ulug‘bek madrasasi Muhammad Tarag‘ay Ulug‘bek tomonidan bunyod etilgan
U Amir Temurning kenja o‘g‘li Shohruxning to‘ng‘ich o‘g‘li bo‘lib, 1394-yil 22-martda Eronning Sultoniya shahrida tug‘ilgan. U 1409-yil otasi Shohruxning yordamida Movarounnahr taxtini egallaydi va u yerda 40 yil, 1449-yilgacha hukmronlik qilgan. U buyuk olim bo‘lib, astronomiyaga oid “Ziji jadidi Ko‘ragoniy” asarini, tarixga oid “To‘rt ulus tarixi” asari va musiqaga oid 5 ta risola yozgan.
Madrasa qurilishi o‘rta asrlarning so‘nggiga to‘g‘ri keladi. U XV asrning birinchi choragida, ya’ni1417-yilda qurib bitkazilgan.
Temuriylar sulolasi hukmronligi davrida bunyod etilgan bu obida Buxoro shahrining eski shahar qismida, Abdulazizxon madrasasi ro‘parasida bunyod etilgan.
XV asrning birinchi choragida Movarounnahrda Temuriylar o‘rtasida taxt uchun kurash kuchayib ketdi. Movarounnahr va Xurosondan tashqari barcha hududlar Temuriylar qo‘lidan chiqib ketdi.
Me’moriy obidaninng qurilishida guvala va paxsadan tashqari xom va pishiq g‘isht, yog‘och (tut va yong‘oq daraxti)lardan keng foydalanilgan.
Me’moriy inshootdagi (dizayn) ustunlar, derazalar, devorlar ganch o‘ymakorligi asosida ishlangan. Shiftlar g‘isht o‘ymakorligi asosida naqshlangan. Bosh tarzida mahobatli peshtoq, 2 qanotida 2 qavatli hujralar va burchaklarida guldastalar joylashgan. Guldastalar tepasi qubbali qilib ishlangan. Madrasaning asosiy bezagi peshtoqida bo‘lib, unda sirkor g‘ishtchalardan tashqari, rang-barang gulli parchin va koshindan foydalanilgan. Hovlining shimoliy va janubiy tomonlari qisqaroq ko‘rinishga ega bo‘lib, devorlari, ravoq va peshtoqlari oq, feruza va binafsha rang va sirkor g‘ishtlar bilan pardozlangan. Hujralar ichi ganch suvoqli. Madrasa 53 metrga 41,6 metrni tashkil etadi. Masjid 15,5 metrga 5,5 metrni tashkil etadi. Darsxona esa 5,5 ga 5,5 metrni tashkil etadi. Madrasa eshigining tabaqalariga arab yozuvida “Ilm olish har bir muslim va muslima uchun farzdir” deb yozib qo‘yilgan. Bundan tashqari peshtoqda Amir Temur davrida Erondan keltirilgan ustaning avlodi Ismoil ibn Tohirning nomi ganchkor va turli bezaklar asosida yozilgan nasta’liq xatida saqlanib qolgan. Naqshlarida yulduzsimon bezaklar ko‘p va ayvon ustunlari zarhallangan.
Me’moriy inshoot Sharq an’analarini o‘zida mujassamlashtirgan gumbazsimon, arkli, to‘rtburchak va “Chor” uslubda qurilgan.
Madrasaning o‘ziga xos tomonlaridan biri shundaki, u balandligi jihatidan Buxorodagi boshqa madrasalarga qaraganda pastroq va hujralarining ko‘pligi bilan alohida ahamiyat kasb etadi. Bu Ulug‘bek tomonidan qurdirilgan dastlabki madrasadir. Madrasaning boshqa madrasalardan farqi shundan iboratki, uning ikki chetida minoralar mavjud emas. Xonaqoh pesh ayvonlari esa 8 tani tashkil qiladi.
Bugungi kungacha me’moriy obida atroflarida bog‘lar tashkil qilingan. Bizgacha Ulug‘bek madarasasi ancha o‘zgargan holda yetib kelgan. 1950-1970 va 1990-1996-yillarda ta’mirlangan. Madrasaning ta’mir talab yerlari qayta rekonstruksiyadan chiqarilgan. Madrasa ko‘chasiga esa o‘rta asr uslubida toshlar yotqizilib, yo‘llar hosil qilingan. Hozirgi kunda madrasa ochiq osmon ostidagi muzey sifatida chel el sayyohlari hamda O‘zbekistonlik milliy madaniy merosga qiziquvchilarning ziyoratgohiga aylangan.
O‘zbekiston hukumati tomonidan berilayotgan e’tiborga to‘xtaladigan bo‘lsak, 1997-yilda Buxoro shahrining 2500 yilligi munosabati bilan Buxorodagi barcha obidalar qatorida Ulug‘bek madrasasi ham qayta ta’mirdan chiqdi. YUNESKO tashkilotining Butun Jahon yodgorliklari ro‘yxatiga kiritildi. 1993-yilda Buxoro shahrining tarixiy markazi (1-sessiya, Kolumbiya) “Butunjahon madaniy meroslari ro‘yxati”ga kiritilgan.
Me’moriy inshoot rivojlangan va so‘nggi o‘rta asrlarning eng yirik ta’lim muassasasi bo‘lgan. Abdullaxon II davrida Jo‘ybor shayhi Xoja Sa’d tomonidan (1586) butunlay qayta tiklangan va yirik madaniyat va ma’rifat maskani vazifasini o‘tagan. Manbalarda aytilishicha, Ulug‘bek 1419-yil 28-noyabrda madrasaga tashrif buyurgan va ta’lim olayotgan talabalarga in’omlar ulashgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |