Telegram kanal
:@tarixolimpiada
U (?, Buxoro – 1727 yil Xiva, – Xiva xoni: 1714-1728) Jonto‘raxonning
o‘g‘li bo‘lib, 1714-yil Yodgorxon vafotidan so‘ng, Buxorodan keltirilib Xiva
taxtiga o‘tqazilgan. Sherg‘ozixonga qarshi Orol bo‘yida yashovchi qoraqalpoqlar
Ishimxon boshchiligida isyon ko‘tarishgan. Sherg‘ozixon ular ustiga qo‘shin tortib
katta o‘ljalar, ko‘plab asirlar bilan qaytgan. 1715-yilda Sherg‘ozixon
Xurosonga
yurish qilib Mashhadni egallagan, Nishopurni qamal qilib egallay olmagan (1716).
Sherg‘ozixon davrida Pyotr I tomonidan yuborilgan Bekovich-Cherkasskiy
josuslik ekspeditsiyasi qirib tashlangan (1717). Rossiya imperiyasi Xiva xonligini
o‘z ta’sir doirasiga kirita olmagach, har ikki davlat o‘rtasidagi munosabatlar
keskinlashgan. Rossiya hukumati Xiva xonligi orqali O‘rta
Osiyoga kirib kelish
fikridan voz kechmagan, bu paytda Rossiyada Buxoro xonligining Qulibek
boshchiligidagi elchilari bor edi. Rossiya hukumati F. Benevenini ularga qo‘shib
Buxoroga jo‘natgan va Buxoro xonligini Xivaga qarshi gijgijlagan. Qalmiqlar xoni
Ayuqaning Sherg‘ozixonga yuborgan ma’lumotiga ko‘ra (1723-yil may), rus
qo‘shinlari Saratovda to‘planib, 1724-yilning bahorida Xivaga yurishga
tayyorgarlik ko‘rishgan. Sherg‘ozixon Orol bo‘yidagi
isyonkor qabilalar ruslarni
Xivaga boshlab kelishidan va o‘rniga Buxorodan keltirilgan (1721) Temur sultonni
xon qilib ko‘tarishlaridan xavotirda edi. Temur Sulton xonlikdagi Vazir, Gurlan,
Shohobod, Bag‘lon, Uyg‘ur, Yangi Urganch, Xonqa va Hazoraspni olgan bo‘lsa-
da, butun xonlikni egallay olmagan. Xonlikdagi ichki urushlar Sherg‘ozixon
vafotiga qadar davom etgan. Sherg‘ozixon Xivadagi Madrasa (Sherg‘ozixon
madrasasi) qurilishi chog‘ida mashhadlik g‘ulomlar tomonidan o‘ldirilgan.
Munisning yozishicha, Sherg‘ozixon odil, ma’rifatparvar hukmdor bo‘lib, ko‘p
vaqtini ilm ahli bilan suhbatda o‘tkazgan. Uning davrida ilm-fan va she’riyat
rivojlangan.
Xivadagi Ichan qal’a me’moriy obidalari tizimida joylashgan Sherg‘ozixon
madrasasi so‘nggi o‘rta
asrlar davrida, 1719-1726-yillar oralig‘ida bunyod etilgan.
Xiva shayboniylari sulolasi hukmronligi davrida qurilgan bu inshoot Xiva
xoni Sherg‘ozixonning Xurosonga yurishi (1718) chog‘ida qurila boshlangan.
Me’moriy obidaning bunyod etilishida har xil o‘lchamdagi xom va pishgan
g‘isht, loy, yog‘och, maxsus “qir” qotishmasidan va shunga o‘xshash ashyolardan
keng foydalanilgan.
Madrasaning bosh tarzi 2 qavatli. Ulkan peshtoq orqali kiraverishda
gumbazli
miyonsaroy, uning 2 burchagida chortoq tarhli, gumbazli masjid va
darsxona joylashgan. Miyonsaroy tepasidagi kichik hujralar talabalar uchun
yotoqxona bo‘lgan.
Devorlariga tokcha, taxmon, kosamonlar ishlangan. Hovli
atrofidagi 1 qavatli qator hujralar oldi ayvonli bo‘lib, hovli o‘rtasida hovuz
joylashgan.
Madrasa Sharq me’morchiligi an’analarini o‘zida mujassamlashtirgan,
to‘rtburchak tarhli, “Chor” uslubida bunyod etilgan.
Me’moriy obidaning o‘ziga
xos tomoni shundaki, uning ichki qismida
maqbara ham bunyod etilgan. Maqbara madrasaning bosh tarziga tutash qilib
qurilgan. Madrasaning g‘arbida qurilgan kichik xonaga xon jasadi dafn etilgan.
Madrasa bir vaqtning o‘zida maqbara vazifasini ham o‘tagan.