Mo‘yi Muborak madrasasi
Madrasa Toshkent hokimi Mirzo Ahmad qo‘shbegi tomonidan bunyod etilgan bo‘lib, “Toshkent tarixi” asarining muallifining ma’lumot berishicha, Ahmad qo‘shbegi asli Qo‘qonlik bo‘lib, tug‘ilgan yili ma’lum emas. Uning otasi Amir Umarxon davrida Toshkentga yuborilgan mas’ul shaxslardan biri bo‘lgan. Mirzo Ahmad 1830-1831-yillarda shu shaharning hokimi lavozimida faoliyat yuritgan. U Qo‘qon xonligidagi munosib xizmatlari va qipchoqlar qirg‘inidagi faol ishtiroki evaziga Xudoyorxon tomonidan Toshkent shahri hokimi lavozimiga tayinlangan. Muhammad Solihxo‘janing yozishicha, Mirzo Ahmad Chor Rossiyasining Toshkentga birinchi hujumi paytida 1864-yili halok bo‘lgan. Mirzo Ahmad qo‘shbegi mazkur madrasaning bekam-u ko‘st faoliyat olib borishi uchun o‘z hokimligi davridayoq eski Toshkent, Saroig‘och va Xonqo‘rg‘onda o‘zlashtirilgan yerlarni hamda boshqa turdagi mulklarni vaqf qilgan.
Me’moriy obida so‘nggi o‘rta asrlarning oxirlarida, ya’ni1856-1857-yillarda Toshkentning Hazrati imom mavzesida, Qaffol Shoshiy maqbarasi janubida bunyod etilgan.
Me’moriy obida o‘rnida qurilgan dastlabki inshoot (XVI) nurab, tolibi ilmlar uchun yaramay qolganligi uchun bu madrasa o‘rnida yangi bir madrasani bunyod etish boshlanadi. Eng asosiysi, bu madrasada Muhammad (s.a.v.) payg‘ambarimizning muborak mo‘ylari (soch tolalari) saqlangan. Yangi madrasaning bunyod etilishi “Muborak mo‘y”ning saqlanishiga ham xizmat qilgan.
Mazkur inshoot bunyod etilgan davrda davlatda Minglar sulolasi hukmronlik qilgan.
Madrasaning bunyod etilishida har xil o‘lchamdagi xom va pishgang‘isht, loy, yog‘och, koshin, temir va shunga o‘xshash mahsulotlardan foydalanilgan.
Madrasa tarhi ham, me’moriy yechimi ham o‘ziga xos bo‘lib, uning peshtoqi rangin, naqshinkor gullar bilan bezaklangan. Inshoot tashqi bezaklarida asosan ko‘k rang ustunlik qiladi. Madrasa to‘rtburchak tarhli, gumbazli bo‘lib, uning 13 hujrasi mavjud. Me’moriy obidaning kiraverish eshiklarining yuqori qismi turli xil gulli kosinkori naqshlar bilan bezaklangan. Bezaklarning ikki chetki qismida gulli naqshlar chizilgan bo‘lib, u guldan boshqa naqshlar tarqagan. Me’moriy obidaga kiraverish qismi ham me’morchilik an’analarini o‘zida yaqqol namoyon etgan bo‘lib, madrasa ichkarisiga naqshinkor qilib ishlangan eshiklardan kiriladi. Eshikdan kiraverishda dunyoga mashhur “Mus’hafi Usmon” tagkursi ustida turibdi. Madrasaning gumbaz osti naqshlari insonni beihtiyor o‘ziga jalb etadi, naqshlarda asosan yashil, moviy va tilla ranglar mahorat bilan ishlatilgan. Madrasaning boshqa hujralarida turli xil hajmli va turli davrlarda ko‘chirilgan va boshqa tillarga ko‘chirilgan Qur’on nusxalari saqlanmoqda. Madrasa eshiklari yog‘och o‘ymakorligining yorqin namunasi demakdir. Dastlab inshoot ta’lim maskani sifatida faoliyat yuritgan.
Madrasa Sharq me’morchilik an’analarini o‘zida mujassamlashtirgan, “Chor” uslubida, eshiklari esa xotamkori uslubida bunyod etilgan.
Madrasani bunyod ettirgan Toshkent hokimi Mirzo Ahmad madrasa bitgach, unga Abdulmajidxon eshonni (sobiq muftiy Ziyovuddin eshon Boboxonning bobosi) mudarris etib tayinlagan. Kutubxonaning kitob fondi haqida gapirganda, marhum muftiy Eshon Boboxon hazratlarining nomini tilga olish maqsadga muvofiqdir. Chunki, O‘rta Osiyo va Qozog‘iston musulmonlari diniy idorasi tashkil etilgan dastlabki yillardanoq (1943) uning raisi Eshon Boboxon hazratlari shaxsiy kutubxonalaridagi mingdan ortiq qo‘lyozma kitoblarni idora kutubxonasiga taqdim etgan. Ularning ishlarini, keyinchalik Nodirxon domla 1943-1970-yillarda xalqdan sotib olingan yoki hadya tariqasida yig‘ilgan qo‘lyozma va bosma kitoblar hisobiga boyitgan. Bu mo‘tabar maskanda xalifa Usmon davrida (644-656) kiyik terisiga hijoz xatida yozilgan qadimiy Qur’oni Karim (Usmon Mus’hafi) saqlanmoqda. Bu muqaddas Qur’onning eng nodir qo‘lyozmalaridan hisoblanib, XIV asrda Amir Temur tomonidan Suriyadan olib kelingan.
Obidaning bugungi kundagi holati haqida fikr yuritadigan bo‘lsak, inshoot mustaqillik yillarida ta’mirlandi. Jumladan, Toshkent shahrining 2200 yilligi munosabati bilan shahardagi me’moriy obidalar qatorida Mo‘yi Muborak madrasasi ham ta’mirlandi. Me’moriy obida atroflari ko‘kalamzorlashtirildi. Madrasa tomiga yangi gumbaz o‘rnatildi. Ganchkori bezaklar Nodir Hoshimov, Sharofuddin Ziyovuddinov, Bahodir Ashirov kabi iqtidorli ustalar qo‘lidan chiqdi.
Me’moriy obidaga hukumatimiz hamda Xalqaro tashkilotlar tomonidan berilayotgan e’tiborga to‘xtaladigan bo‘lsak, inshoot YUNESKO tashkilotining Butun Jahon yodgorliklari ro‘yxatiga kiritlgan. 2007-yil AYSESKO tashkiloti tomonidan “Toshkent – islom madaniyatining poytaxti” deb e’lon qilindi. Bu esa nafaqat Toshkent, balki butun respublikamizning jahon hamjamiyatida tutgan o‘rniga o‘z hissasini qo‘shmay qolmaydi. Bundan tashqari me’moriy obidaga tashrif buyuruvchilarning also keti uzilmaydi. Madrasaga nafaqat O‘rta Osiyo davlatlaridan, balki Yevropa mamlakatlaridan ham tashrif buyurishadi. Bundan bilishimiz mumkinki, bizning milliy qadamjolarimiz chet davlat vakillarini ham befarq qoldirmaydi.
Me’moriy obidaga hukumatimiz tomonidan berilayotgan e’tiborga to‘xtaladigan bo‘lsak, inshootda bir necha bor ta’mirlash ishlari olib borildi. Jumladan, 2007-yil Hastimom majmuasi bunyod etilgan davrda me’moriy obida atrofidagi e’tiborga molik obidalar ham tamirlandi. Bundan tashqari, mamlakatimizda madaniy hamda me’moriy obidalarni huquqiy jihatdan himoyalash va ularni asrash maqsadida bir qator qonunlar qabul qilindi.Jumladan,2000-yil 30-avgustda “Madaniy meros obyektlarini muhofaza qilish va ulardan foydalanish to‘g‘risida” hamda 2008-yil 12-sentabrda “Muzeylar to‘g‘risida”gi qabul qilingan qonunlarningo‘zi ham buning yorqin dalilidir.
Do'stlaringiz bilan baham: |