4-§.Qadimgi Yunoniston va Rim huquqining
rivojlanish xususiyatlari
Afina va Spartada huquqning asosiy belgilari. Afina va Spartaning
huquq tizimi o‘xshash bo‘lib, ularda huquqning qadimgi manbai odat
hisoblangan. Ayniqsa, Spartada yozilmagan odat huquqi muhim o‘rin
tutgan. Spartada yozma qonunchilikning shakllanishi ilotlar va
spartaliklarning huquqiy holatini mustahkamlash bilan bog‘liq holda
shakllandi. Bu afsonaviy qonun ijodkori Likurg nomi bilan bog‘liq. Uning
qonunchiligi «Retra» deb atalgan hujjatlarda keltirilgan. O‘sha davrning
tarixchisi Ksenofont ma’lumotlariga qaraganda, Likurg spartaliklarning
savdo bilan shug‘ullanishlarini taqiqlash to‘g‘risida qonunlar chiqargan.
Afinada miloddan avvalgi 611-yilda arxont Drakont davrida birinchi
yozma qonunchilik tarkib topgan. Ular bizgacha yetib kelmagan, u
o‘zining qattiq jazo tizimi bilan mashhur bo‘lgan. Miloddan avvalgi VI
asrda Solon davrida ham ko‘plab qonunlar qabul qilingan. U o‘z
qonunlarini 16 yog‘och taxtaga yozib qo‘ydirgan. Ammo bu ham
bizgacha yetib kelmagan. Miloddan avvalgi V–IV asrlarda qonunchilik
faoliyati kengayib, xalq majlisining umumiy ahamiyatga ega qarorlari
qonun kuchiga ega bo‘lgan.
Spartada uzoq vaqtlargacha jamoa yer egaligi saqlangan. Miloddan
avvalgi IV asrning birinchi yarmida uy va yer bilan bog‘liq hadya,
vasiyatga oid shaxsiy mulk huquqlari joriy etilgan. Afinada esa xususiy
mulkchilik rivojlangan. Ular turli da’volar bilan himoya qilingan. Lekin,
mulk huquqi shakllanmagan. Fuqarolik huquqi yerga, qulga, ish
hayvonlariga nisbatan xususiy mulkchilikning rivojlanganligi bilan
79
xarakterlanadi. Shuningdek, davlat mulkchiligi ham mavjud bo‘lib, uning
obyekti turli ashyolar bo‘lgan.
Spartada majburiyat huquqi uncha rivojlanmagan, Afinada esa
majburiyatlar keng tarqalgan. Ularning shartnomalardan va deliktlar
(beruxsat harakat natijasida zarar yetkazish)dan kelib chiqadigan turlari
ajratib ko‘rsatilgan. Jumladan, zakalat, garov, kafillik, oldi-sotdi, ijara,
ssuda, shaxsiy ijara, pudrat, qarz, omonat, sherikchilik, topshiriq,
vositachilik kabi shartnomalar amal qilgan. Ko‘chmas mulklar yozma
shartnoma predmeti bo‘lishi mumkin edi.
Afinada nikohga kirish majburiy, ajralish erkaklar uchun erkin
bo‘lgan. Bir nikohlik oila amalda bo‘lgan. Afinada nikoh tuzishning ikki
shakli ajratilgan: kuyovning kelin otasi yoki homiysi bilan tuzadigan
oddiy shartnomasi va mansabdor shaxslar yoki sud oldida nikoh tuzish.
Ikkinchi turi merosxo‘rlar yoki olib saqlangan farzandlarga nisbatan amal
qilgan. Ota oilada juda katta hokimiyatga ega bo‘lgan. Bolalar ota-onasini
hurmat qilish, ularni qariganda boqishga majbur bo‘lgan.
Spartada ayollar jamiyat va oilada katta mavqega ega bo‘lishgan.
Nikoh asosan juft (monogomiya) shaklida bo‘lgan. Lekin, guruhiy oila
qoldiqlari ham saqlangan. Masalan, aka-ukalar bitta xotinga ega
bo‘lishgan.
Afinada meros qonuniy va vasiyat bo‘yicha qoldirilishi mumkin
bo‘lgan. O‘g‘illar bo‘lsa qizlar merosxo‘r bo‘la olmagan. Meros o‘g‘illar
o‘rtasida teng taqsimlangan. Agar merosxo‘rlar bo‘lmasa avval ota tomon
qarindoshlar, so‘ngra ona tomon qarindoshlar merosga taklif etilgan.
Solon davridan boshlab vasiyat bo‘yicha meros paydo bo‘lgan. Buning
uchun o‘g‘li bo‘lmagan vasiyat qoldiruvchi sog‘lom bo‘lishi va mustaqil
hal etishi shart bo‘lgan.
Afina huquqida jinoyat va jazo ibtidoiy jamoa tuzumining ko‘pgina
qoldiqlarini saqlab qolgan. Jinoyat faqat jabrlanuvchini qiziqtirgan.
Ayblov jabrlanuvchi tomonidan qo‘zg‘atilgan va qo‘llangan. Aybdor
jarima to‘lagan yoki jazolangan. Jinoyatlar xususiy da’vo tartibida
ko‘rilgan. Jinoyat huquqida faqat davlatga qarshi, dinga qarshi, oilaga
qarshi, shaxsga va mulkka qarshi jinoyatlar turlari uchun javobgarliklar
o‘rnatilgan. Jazolarning o‘lim, mol-mulkni musodara etib mamlakatdan
haydash, tan jazolari, sharmanda qilish, siyosiy huquqlardan mahrum
qilish va boshqa turlari amal qilgan. Jinoyat jamoat joyida sodir etilsa
aybdor aniq jazolangan, kechasi sodir etilsa o‘ldirilgan. Ehtiyot chorasi
sifatida ozodlikdan mahrum etish chorasi qo‘llanilgan. Spartada ham shu
turdagi jinoyatlar va jazolar tizimi mavjud bo‘lgan.
80
Afinada sud ishlarini faqat to‘la huquqli fuqarolar tashabbusi bilan
boshlangan. Ba’zi kishilar maxsus xabar beruvchilar – sikofontlar
vazifasini o‘taganlar va ayblovni qo‘llaganlar. Alohida sud organlari –
maxsus mansabdor shaxslar faoliyat ko‘rsatgan. Sud jarayoni muayyan
tartibga bo‘ysungan. Sud majlisi sudyalarning yashirin ovoz berish yo‘li
orqali chiqarilgan qarorlari bilan tugagan.
Sud qarorlari va hukmlari ustidan gelieyaga apellatsiya tartibida
shikoyat qilish mumkin edi. Gelieyaga, hatto xalq yig‘inida ko‘rilgan sud
ishlari yuzasidan chiqarilgan qarorlar ustidan ham apelyatsion shikoyat
qilinishi mumkin bo‘lgan. Gelieyaning qarori qat’iy bo‘lib, shikoyatga
o‘rin bo‘lmagan.
Do'stlaringiz bilan baham: |