1- savol: Sintaktik munosabat va uning turlari.
Darsning maqsadi: Sintaktik birliklar qismlarining sintaktik munosabati, uning turlari to’g’risida tushuncha hosil qilish .
Identiv o’Quv maQadlari:
Sintaktik munosabat turlarini aytib beradi.
Sintaktik munosabat nima ekanligini tushuntirib beradi.
Berilgan matndan sintaktik munosabat turlarini topib beradi .
1.4.Sintaktik munosabatlarning ifodalanishidagi nomutanosiblik haqida fikr yuritadi.
1-savol bayoni:
1. Sintaktik birliklar – so’z birikmasi, gap va matnning mohiyatini bilib olish ularni tashkil etuvchi qism – bo’laklarning belgi xususiyatlarini o’rganishni taqozo qiladi. Qismlar belgi-xususiyatlari doirasida ularning o’zaro munosabati va aloqasi masalasi muhim o’rin tutadi. Zero, sintaktik butunliklar yoki birliklar ayni qismlarning o’zaro munosabati va aloqasi natijasidagina yuzaga keladi. Sintaktik birliklar qismlarining (so’z, gap bo’lagi, sodda gap, qo’shma gaplarning) mazmuniy munosabati kishi ongida aks etgan moddiy dunyodagi elementlarning o’zaro munosabatini aks ettiradi. Masalan, predmet va uning belgisi (ta’mi-mazasi, rangi, miqdori va boshqa xususiyati) o’rtasidagi munosabat, harakat va uning belgisi (tarzi, sababi, o’rni, payti va shu kabilar) o’rtasidagi munosabat, harakat va uning sub’ekti o’rtasidagi munosabat, harakat va uning ob’ekti o’rtasidagi munosabat va boshqalar. Demak, sintaktik munosabat sintaktik birliklar komponentlarining o’zaro mazmuniy munosabatini ifodalovchi sintaktik kategoriyadir. Mazmuniy sintaktik munosabatlarni umumlashtirgan holda quyidagi turlarga ajratish mumkin:
Sub’ekt va predikat munosabati yoki sub’ektli munosabat.
Belgi va predmet o’rtasidagi munosabat yoki atributiv munosabat.
Belgi bilan harakat o’rtasidagi munosabat yoki relyativ munosabat.
Predmet (ob’ekt) va harakat o’rtasidagi munosabat yoki ob’ektli munosabat.
Sub’ektli munosabat sub’ekt va uning harakati munosabatidir. Bu munosabat ikki xil bog’lanish orqali ifodalanadi. Birida ega va kesimning moslashuv yo’li bilan bog’lanishi orqali ifodalanadi. Masalan: Behzod kelyapti. Ikkinchisida esa sub’ektni bildiruvchi qism qaratqich aniqlovchi shaklida, qaratuvchi predmetni bildiruvchi qism egalik shaklida qaralmish vaziyatida keladi. Demak, qaratuvchi va qaralmishning moslashuv aloqasi orqali ifodalanadi. Masalan : Otamning xotirasi .
Anglashiladiki,sub’ektli munosabat borliqdagi ma’lum holat- vaziyatni aks ettiradi va tilning ikki xil birligi orqali ifodalanadi : a) gap orqali (ega-kesim orqali); b) so’z birikmasi orqali (qaratuvchi va qaralmish orqali). Sub’ektli munosabatning bu ikki turini farqlash uchun ega-kesim munosabati orqali ifodalangan sub’ektli munosabatni predikativ, qaratuvchi-qaralmish munosabati orqali ifodalangan sub’ektli munosabatni nopredikativ (muvofiqlashuv) munosabati terminlari bilan atash mumkin.
Relyativ munosabat bir qancha semantik modellarga ega :
1. Harakat-uning sifat yoki miqdor tavsifi (tez gapirmoq, ko’p o’ylamoq).
2. Harakat-uning yuzaga chiqish o’rni (Toshkentdan kelmoq, Germaniyada ishlamoq ).
3. Harakat yoki belgi- uning yuzaga chiqish payti (Tushda kelmoq, hamisha baxtiyor);
4. Harakat yoki belgi-uning yuzaga chiqish sababi (Betobligi uchun bora olmadi yoki betobligidan bora olmadi,mehribonligi uchun hurmatli);
5. Harakat-uning yuzaga chiqish maqsadi (davolanish uchun bordi, o’qish uchun keldi va boshqalar.)
Atributiv munosabat belgi-predmet semantik modelidagi so’z birikmasi uchun xosdir: oq ko’ylak, yaxshi inson, to’rtinchi sinf kabilar. Shoir Abdulla Oripov tipidagi birikmalar ham atributiv munosabatning bir turidir.
Ob’ektli munosabat ob’ekt-predmet, predmet-belgi (chog’ishtiruv birikmalarda: Dadamdan katta, Anvardan kuchli va boshqalar) semantik modellaridagi so’z birikmalarida ifodalanadi. Demak, sintaktik munosabat turlari bilan ularning ifodalanishi o’rtasida nomutanosiblik bor. Bir sintaktik munosabat ikki va undan ortiq shakllarda ifodalanishi mumkin. Bu tildagi shakl va mazmun nomutanosibligining bir ko’rinishidir. Bulardan tashqari, undalma, kirish, kiritma orqali ifodalanadigan sintaktik munosabat turlari ham borki, bu mazmuniy munosabat yuqoridagi mazmuniy munosabatlardan farqlanadi.Bu undalma orqali ifodalangan predmetning (tinglovchining) gap (jumla) orqali ifodalangan mazmun bilan va kirish, kiritma orqali ifodalangan mazmun bilan jumla mazmuni o’rtasidagi sintaktik munosabatlardir.
Atributiv, relyativ, ob’ektli, sub’ektli munosabatlar gapning sintaktik tuzilishi orqali ifodalanadigan mazmunning ikki birligi o’rtasidagi munosabat bo’lsa,kirish,kiritma,undalma bilan jumla o’rtasidagi munosabat, jumla mazmuni bilan so’zlovchi,tinglovchi o’rtasidagi munosabatdir. Birinchi tipdagi munosabat o’zining shakliy bog’lanish vositalari va usuliga ega bo’lsa (moslashuv,boshqaruv,bitishuv), ikkinchi turi bunday xususiyatga ega emas. Shuning uchun keyingi tip gap bo’laklari bilan grammatik aloqaga kirishmaydigan unsurlar hisoblanadi. Ular so’zlovchining munosabati bilan bog’liq bo’lganligi sababli sub’ektiv munosabat ham hisoblanadi. Birinchi tip esa ob’ektiv munosabatdir.
Do'stlaringiz bilan baham: |