Ajoyib xushxabar!
Ijtimoiy tarmoqlarda keng tarqalgan ajoyib xushxabarni o’qib, to’g’risi yuragim bir entikib , ko’zimga yosh keldi. Hazrat Alisher Navoiy haqida nimadir yozgim kelar edi, lekin hech botina olmas edim. Mana shu xabar bir turtki bo’ldi desam mubolag’a bo’lmaydi.
Xabarda aytilishiga ko’ra: bu yil ulug’ shoir Alisher Navoiy tavalludining 580 yilligi arafasida masjidlarda Navoiy haqiga qur’on xatm qilinib, duo o’qiladi.
Prezident huzurida o’tgan yig’ilishda taniqli adabiyotshunos Shuhrat Rizayev: “ Hazratni bobomiz deymiz. Lekin ul zotni farzandi bo’lmagan. Biz o’g’illik, farzandlik qilib, bu yil masjidlarda ma’naviy padarimizning ruhi pokiga xatmi qur’on o’qilishiga ruxsat bersak…” deya taklif bildirgan.
Taklif qabul qilingan. Va O’zbekiston tarixida ilk bor Navoiy tug’ilgan sana islomiy an’analarga muvofiq boshlanadi. Bu ish qachonlardir bo’lishi kerak edi. Nioyat, bobomizga farzandlik burchimizni ado etadigan bo’libmiz. Ushbu xabarni eshitib nafaqat men, balki butun O’zbekiston xalqi shod bo’lsa ajab emas.
Yana bir taklifni, Toshkent davlat o’zbek tili va adabiyoti universiteti dotsenti Dilnavoz Yusupova “ O’zbekiston bog’chalarida “Navoiy bobo ertaklari”, maktablarda esa “Navoiy” darslarini joriy etish kerak”deya ta’kidladi
Yosh avlodga ta’lim-tarbiya berishni mana shundan boshlashimiz kerk aslida. Chunki , bobomiz turkiy tilning gullab-yashnashiga o’z xissasini qo’shdi. O’sha davrda turkiy tildan ko’ra forsiy tilda ijod qilish ham oson, ham qulay edi , lekin Navoiy turkiy tilning imkoniyatlarini keng ochib berdi. Shuning uchun u o’ziga forsiy tilda yozilgan asarlariga “Foniy” (o’tkinchi, vaqtincha), turkiy tilda yozilgan bitiklariga “Navoiy” (kuy,navo) deb taxallus qo’ydi. Uning asarlar gultojisi bo’lmish “Xamsa” asari birinchi bo’lib turkiy tilda bitilgan edi. Navoiygacha xamsanavislar Nizomiy Ganjaviy, Xusrav Dexlaviy, Abdurahmon Jomiylar o’z “Xamsa”sini forsiy tilda yozgan edi. Bobomizning “Xamsa” asarini Abdurahmon Jomiy o’qib “Agar bu asarni bizdan oldin yaratganda edi, bizning Xamsamizni hech kim o’qimagan bo’lar erdi” deb bu asarga yuksak baho bergan edi. Alisher Navoiy nafaqat nasriy asarda , balki she’riy janrlardan ruboiy, muxammas, musaddas, turkiy janr bo’lmish tuyuq, eng kichik janrdan fard kabilarda sermazmun ijod qilgan. Yana bir buyuk zot Zahiriddin Muhammad Bobur ham Navoiyga shunday ta’rif beradi:
“Alisher nazri yo’q kishi erdi ,ungacha hech kim ko’p va xo’p yozg’on ermas…”
Buyuk bobomiz nafaqat adabiyot, tarix,o’zbek tilining rivojiga , balki, butun soha uchun kerakli ma’lumotlarni o’z asarlarida keltirib o’tgan. Uning “Makorim ul- axloq,” “Lison ut-tayr”, “Hayrat ul-abror”, “Munshaot”, “Muhokamat ul-lug’atayin”, “Majolisun-nafois” kabi asarlari bugungi kunda dasturil amal bo’lishi lozim. Zero, “Beshilardan tushib bolalar, Navoiyni o’qishi kerak…” deganda shoir haq edi.
So’zim so’nggida shuni aytmoqchimanki, Alisher Navoiyni faqat 9-fevralda emas, balki,o’tayotgan har bir kunimizda yod etsak maqsadga muvofiq bo’lar edi.
Abdiraupova Zarnigor Ohangaron tumani
11-umumiy o’rta ta’lim maktabining
ona tili va adabiyot o’qituvchisi.
Do'stlaringiz bilan baham: |