Demak, to’rtlik turkiy she’riyatda alohida mustaqil janr sifatida shakllangan. Shu jihatdan qaraganda, Yusuf Xos Hojibning “Qutadg’u bilig” dostoni tarkibiga kiritilgan to’rt misralik she’rlarning ham ruboiy yoki to’rtlik deb atash muammosi mavjuddir. Chunki bu she’rlar ham ruboiy shaklida, to’rt misralik qilib yozilishidan qat’iy nazar, ularning vazni hazaj bahrida emas, balki barmoq vaznida bitilgandir. Shu sababli ham “Qutadg’u bilig”dan o’rin olgan to’rt misralik she’rlarning qadimgi turkiy adabiyotdagi to’rtlik janrining namunalari deb qarash haqiqatga yaqindir. Lekin e’tiborli tomoni shundaki, “Qutatg’u bilig”dagi to’rtliklarning qofiya tizimi ruboiynikiga mos keladi. Demak, bu shakl barmoqdagi to’rtlik hamda aruzdagi ruboiy an’anasining birlashgan natijasi ham bo’lishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |