Bog'liq AHOLI SONINING TANLAMA STATISTIK KUZATUVINI TAYYORLASH VA O
III. Kuzatuvni o‘tkazishning asosiy tashkiliy qoidalari 8. Kuzatuvni tashkil etish va o‘tkazish bilan bog‘liq chora-tadbirlar o‘z vaqtida va sifatli bajarilishini ta’minlash, kuzatuvni o‘tkazish ishlarini muvofiqlashtirish va uning monitoringini olib borish, uning natijalarini tahlil qilish Aholi sonining tanlama statistik kuzatuvini o‘tkazish bo‘yicha respublika komissiyasi tomonidan amalga oshiriladi.
9. Respublika hududlarida tayyorgarlik tadbirlarini belgilangan muddatlarda so‘zsiz va sifatli amalga oshirish va kuzatuvni o‘tkazish maqsadida Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari huzurida aholi sonining tanlama statistik kuzatuvini o‘tkazish bo‘yicha hududiy komissiyalar tashkil etiladi.
Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan aniq chora-tadbirlar va mas’ul bajaruvchilar ko‘rsatilgan holda tayyorgarlik tadbirlarini tashkil etish va kuzatuvni o‘tkazish bo‘yicha tegishli qarorlar qabul qilinadi.
Tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan davlat statistika organlari bilan birgalikda aholi punktlarida doimiy yashovchi aholi soni ko‘rsatilgan holda aholi punktlarining to‘liq ro‘yxati tuziladi. Bunda doimiy yashovchi aholi soni to‘g‘risidagi davlat statistika ma’lumotlari hisobga olinadi.
Tumanlar va shaharlar hokimliklaridan olingan aholi punktlarida doimiy yashovchi aholi soni ko‘rsatilgan barcha aholi punktlari ro‘yxati Qoraqalpog‘iston Respublikasi Vazirlar Kengashi, viloyatlar va Toshkent shahar hokimliklari tomonidan umumlashtiriladi hamda Respublika komissiyasiga taqdim etiladi.
10. Kuzatuv aholi punktlarida tasodifiy keng qamrovli tanlov asosida Davlat statistika qo‘mitasi tomonidan shakllantirilgan va Respublika komissiyasi tomonidan tasdiqlangan ro‘yxat bo‘yicha o‘tkaziladi.
11. Aholini to‘liq va yalpi qamrab olishni ta’minlash maqsadida tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan Yer resurslari, geodeziya, kartografiya va davlat kadastri davlat qo‘mitasining hududiy organlari hamda boshqa tashkilotlar bilan birgalikda kuzatuv o‘tkaziladigan aholi punktlari ko‘chalari nomlari ko‘rsatkichlari hamda uylar, kvartiralar tartib raqamlari xatlovdan o‘tkaziladi va tartibga solinadi.
12. Tanlab olingan aholi punktlarining fuqarolarning o‘zini o‘zi boshqarish organlari tomonidan manzillar ro‘yxatlari tuziladi, kuzatuv o‘tkazilayotgan aholi punktida aholi soni to‘liq qamrab olinishini ta’minlash uchun har bir uyda (kvartirada) yashovchilar soni ko‘rsatiladi.
13. Tumanlar va shaharlar hokimliklari tomonidan davlat statistikasi hududiy organlari bilan birgalikda statistika organlari xodimlari, oliy ta’lim muassasalarining o‘qituvchilari va yuqori bosqich talabalari, akademik litseylar, kasb-hunar kollejlari va umumta’lim maktablari o‘qituvchilari orasidan ma’lumotlar to‘plovchi (so‘rovnoma o‘tkazuvchi) shaxslar kontingentini tanlash tashkil etiladi. Xodim yashaydigan joy kuzatiladigan aholi punktiga borish uchun qulay bo‘lishi kerak.
Ma’lumotlar to‘playdigan shaxslar kontingenti bir kunda o‘rtacha 50 kishini so‘rab chiqish mo‘ljalidan kelib chiqib belgilanadi.
Shaxslar kontingentini tanlashda ma’lumotlarni to‘plash jarayonida zamonaviy fikrlaydigan, tashabbuskor, mas’uliyatli va qo‘yilgan vazifalarni bajarishni ta’minlashga qodir bo‘lgan shaxslar jalb etilishini ta’minlash zarur.
Tanlab olingan shaxslar kontingenti hududiy statistika boshqarmasi boshlig‘i tomonidan tasdiqlangan nomi yozilgan belgi (guvohnoma) bilan ta’minlanadi.
14. O‘zbekiston Respublikasi Davlat statistika qo‘mitasi va Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Ijtimoiy tadqiqotlar instituti tomonidan:
statistika organlari va Ijtimoiy tadqiqotlar instituti xodimlari orasidan har bir aholi punktida so‘rovni o‘tkazish muvofiqlashtirilishini ta’minlaydigan supervayzyerlar (nazoratchi instruktorlar) tayyorlanadi;
tumanlar va shaharlar hokimliklari bilan birgalikda joylarda ma’lumotlarni to‘plash uchun tanlab olingan shaxslar kontingentini o‘qitish tashkil etiladi. O‘quv seminarlarida so‘rovnomalarni namunali to‘ldirish, keyinchalik xatolarni tahlil qilish va yuzaga keladigan qiyinchiliklarni tushuntirish bo‘yicha amaliy mashg‘ulotlarni o‘tkazish nazarda tutiladi. O‘qitish ishga o‘qitilayotganning o‘rganilgan materialni o‘zlashtirib olishi to‘g‘riligini va tayyorgarligi darajasini majburiy tekshirish bilan tugallanadi.
15. Ma’lumotlar to‘plashda ishtirok etayotgan shaxslar kontingentiga aholi sonini kuzatish tadbirlarini moliyalashtirish uchun Davlat statistika qo‘mitasiga ajratilgan mablag‘lar hisobidan mukofot puli to‘lanadi.