Ahmad Yassaviy va Yunus Emro she'riyatining badiiy mushtarakligi
Ahmad Yassaviyning hayoti haqida ma’lumotlar yetarli emas.U Yassi shahrida, Turkistonda ruhoniy oilasida tug‘ilgan. Uning otasi Ibrohim Turkistonning taniqli shayxlaridan bo‘lgan. Onasi Qorasoch momo nomi bilan mashhurdir.
Islom dini aqidalari va o‘z asoslagan g‘oyalarni she'riy tarzda bayon etish asosida keng omma orasiga kirib boradi. Yassaviy hikmatlarining axloqiy, falsafiy, ilohiy asoslari to‘g‘ridan-to‘g‘ri "Qur'on" g‘oyalari va payg‘ambar Muhammad Alayhissalom hadislari negizida shakllanadi. Ahmad Yassaviy hikmatlarida payg‘ambar Muhammad Alayhissalom ta'limotida ulug‘langan ma'naviy-axloqiy xislatlar-muruvvat, saxovat, qanoat va rostgo‘ylik targ‘ib qilinadi, bildirilayotgan fikrlar kishilarni faqat Allohga tobe bo‘lishga undaydi.
Uning hikmatlarida pand-nasihat asosiy o‘rin tutadi. Ularning barchasida so‘fiylik tariqatining amollari - haqiqatni bilish. Haqni sevish, nafsu dunyodan chekinishga da'vat etuvchi g‘oyalar o‘z aksini topgandir. Inson ruhi va ongini har qanday illat, qabohatdan ozod etish kerak, ana shundagina insonda axloqida ko‘zga tashlanuvchi ayrim nuqsonlar yuzaga kelmaydi, degan fikrlar komil insonni shakllantirishning asosiy yo‘llaridan biri sifatida e'tirof etiladi.
Yunus Emro o’rta asrlarda yashagan turk shoirlari ichida turk tilida asarlar yozib, yozganda ham keng xalq ommasiga tushunarli tarzda ravon she’rlar yaratib mashhur bo’lgan shoirdir. U turk tilida ma’rifiy she’rlar yozgan shoirlarning eng mashhuri, buyuklaridan, eng birinchilaridandir. Nafaqat turk xalqi, balki butun dunyo uning muxlisidir. Yunus Emro juda chuqur fikrlarni sodda qoliplarda, shakllarda ifodalash qobilyatiga ega; juda keng, kuchli fikrlarni qisqa, ixcham jumlalar , misralar holida tushuntira oladigan bir shoir; iftixor qila oladiganimiz bir insondir.
Ahmad Yassaviy va Yunus Emro she'riyati g'oya,ma'no-mazmun,shakl jihatidan ham bir umumiy asosga tasbeh kabi tizilgan.Ahmad Yassaviy hikmatlaridan ruhlangan Yunus Emro o'z ilohiylarini yaratgan.Bu oʻrinda oʻzbek tasavvufshunos olimi Ibrohim Haqqul nomini alohida tilga olib oʻtish lozim.Ibrohim Haqqul Ahmad Yassaviyga bagʻishlangan maqolasida shunday yozadi: "Yunus Emroning devoni umumiy ruhi va bosh pafosi bilan Yassaviy tajribalaridan aytarli farq qilmayd.Qolaversa, Yassaviy Yunus Emroning ulugʻ salafi.
Haqdin manga nazar boʻldi,
Haq eshigin ochar boʻldim.
Kirdim Haqning gʻaznasina,
Duru gavhar sochar boʻldim...-
deydi Yunus Emro.Ahmad Yassaviy ham ayni shu ehtiyoj va maqsad bilan hikmatlar aytgan."Toliblarga duru gavhar sochtim mano",-degan Yassaviy Yunus Emroga oʻxshash soʻfiy shoirlarga.(I.Haqqulov She'riyat - ruhiy munosabat.Toshkent,1989.24-bet)
Qurʼonga koʻra quyosh,oy, yulduzlar va hayvonlardan tortib, tabiatda bor boʻlgan eng kichik yaratiliqlargacha Allohning tajallisini aks ettiradi.(Yıldırım,2004,156).Yunus Emroning she'rlaridagi inson va boshqa barcha jonli-jonsiz yaratiqlar ham ishqni anglatmoq uchun tilga kiradi.Tabiat unsurlari sevgilisi hasratidan chekkan gʻamini,unga boʻlgan sogʻinch hissini va minnatdorlik tuygʻusini kamtar bir darvesh nomidan tilga keltiradi.(Kadir Kaplan."Yunus Emre'nin şiirlerinde insan ve Doğa)
Oshiqlari g'avvos bo’lub cho’msa daryo,
Chiqsa andin ulug' durlar bo’lur paydo.
Jondin kechmay jonon yuzin ko’rmoq qoyda?
Emgak birlan tobg'on qo’ldin ketmas bo’lur.
(Ahmad Yassaviy)
Chigʻir nega ingragaysen?
Dardim borki ingragaymen.
Men Mavloga oshiq boʻldim,
Uning uchun ingragaymen.
Mening otim dardli chigʻir,
Suvim oqar shildir-shildir.
Boʻyla amr aylamish Alloh.
Uning uchun ingragaymen.
Meni bu dardga qordilar
Qoʻlu qanotim qirdilar.
Chigʻirga loyiq koʻrdilar,
Shuning uchun ingragaymen.
Duradgorlar meni yoʻndi,
Har aʼzom oʻrniga qoʻydi.
Ingraganim Allohdan keldi,
Shuning uchun ingragaymen,
Suvimni pastdan olurmen,
Keyin yuksakdan toʻkurmen,
Koʻring,ne zahmat chekurmen,
Shuning uchun ingragaymen,
Men bir togʻning ogʻochiydim,
Na totliydim,na achchiqdim.
Men Mavloga duochiydim,
Shuning uchun ingragaymen.
Darvesh Yunus aytur:axiy,
Koʻz yoshi toʻkar gunohim,
Haqqa oshiqmen,vallohi,
Shuning uchun ingragaymen.
( Yunus Emro)
Yunus Emro she'rlarini oʻqiganimizda Yassaviy hikmatlarining nafasi ufurib turganini his qilamiz.Yuqoridagi fikrlarga tayangan holda Yassaviy hikmatlaridan parcha hamda Yunus Emroning "Chigʻir nega ingragaysen" she'rlarining mushtarak jihatlarini tahlil qilishga harakat qilamiz.
Oshiqlari g'avvos bo’lub cho’msa daryo,
Chiqsa andin ulug' durlar bo’lur paydo.
Tasavvufda daryo, dengiz ilohiyot muhitining cheksizligiga qiyoslanadi.Tariqatga kirgan inson, sahroda qolgan tashna kabi shu dengiziga intiladi. Suv ilohiy cheksizlik,fayz sifatida talqin etiladi.Oshiqlar qachonki gʻavvos boʻlib suvga choʻmish darajasiga yetganlaridagina, undagi haqiqat durlari,gavharlariga yetishishlari mumkin.Tasavvufda haqiqat bosqichiga yetgan oshiqgina gʻavvos kabi ulugʻ daryoning durlarini terishi mumkin.
Tasavvufda "dur", "gavhar" chuqur ma'noga ega timsol."Ilmu hunar" qiymat e'tibori bilan koʻpincha "gavhar"ga qiyoslanadi. "Miqoʼiti ushshoq"da guhar-solikni soʻz injusiga molik aylaydigan maʼniyi haqiqiy deb sharhlangan.
Chigʻir nega ingragaysen?
Dardim borki ingragaymen.
Birinchi navbatda chigʻirga toʻxtalib oʻtamiz.Bilamizki,chigʻirning vazifasi suvni yuqoriga olib chiqishdan iborat.Suvni chiqarish davomida "chigʻir" ancha mashaqqatlar tortadi.Yassaviy hikmatlaridagi eng asosiy mavzulardan biri ham aynan shu.Oshiqning Haq va haqiqatga yetishish yoʻlidagi mashaqqatlari va sabr,bardoshi.Manzilga yetganidagi mukofoti esa " gavhar","durlardur":
Oshiqlari g'avvos bo’lub cho’msa daryo,
Chiqsa andin ulug' durlar bo’lur paydo.
Chigʻirning ingrashiga keladigan boʻlsak, chigʻir aylanadigan vaqtida ovoz chiqaradi bu oʻz ma'nosida.Biz izlagan ma'no esa yor vasli umidida nola qilayotgan oshiq ovozi:
Men Mavloga oshiq boʻldim,
Uning uchun ingragaymen.
Biz "chigʻir" timsolida ilohiy ishqqa yetishmoqchi boʻlgan jamiki oshiqlarni tasavvur qilishimiz mumkin.
Jondin kechmay jonon yuzin ko’rmoq qoyda?
Emgak birlan tobg'on qo’ldin ketmas bo’lur.
Ahmad Yassaviyning ushbu ikki misrasi Yunus Emroning yuqoridagi she'rining butun mazmun mohiyatini ochib berish uchun asos boʻlgan desak xato boʻlmas.
Meni bu dardga qordilar
Qoʻlu qanotim qirdilar.
Chigʻirga loyiq koʻrdilar,
Shuning uchun ingragaymen.
"Chigʻir"ning dardga qorilishini ijobiy ma'noda tushunishimiz lozim.Sababki,bu dard Haqqa yetishmoq uchun qadam qoʻygan oshiqning mashaqqatlarining boshlanishidir.Qolgan misralarida tariqat yoʻliga kirgan solikning pir etagidan tutib, shariat, tariqat, maʼrifat bosqichlaridan oʻtishini koʻrishimiz mumkin:
Duradgorlar meni yoʻndi,
Har aʼzom oʻrniga qoʻydi.
Ingraganim Allohdan keldi,
Shuning uchun ingragaymen,
Do'stlaringiz bilan baham: |