21-Mavzu. “Parol kiritish oynasi” loyixasi: Edit komponenti.
Edit boshqarish obyekti va uning xossalari. Har qanday ilova ma’lumotlarni chiqarishi bilan birga unga ma’lumotlarni kiritish imkoniga ega bo‘lishi kerak. Delphi muhitida buning eng sodda usuli ilova oynasiga Edit (Kiritish maydonchasi) boshqarish obyektini kiritishdir. Bu obyekt boshqarish obyektlarining standart panelida oltinchi bo‘lib joylashgan va uning yorlig‘i .
Bu obyektning ko‘plab xossalari ilova oynasi obyekti Formniki kabi. Unda ham Left, Top, Width, Height xossalari bor. Unda Caption xossasi yo‘q. Shuning uchun u odatda Label obyekti bilan birga ishlatiladi. Uning asosiy xossasi Text (Matn) bo‘lib, unga kiritilgan matn satri shu xossada saqlanadi. Agar bu xossaga biron bir matn satri qiymatini bersak, bu satr uning kiritish maydonchasida aks etadi.
Kiritish maydonchasi obyektining yana bir muhim xossasi ReadOnly (faqat o‘qish uchun) deb ataladi. Bu xossaning qiymati mantiqiy kattalik bo‘lib, faqat True (rost) yoki False (yolg‘on)ni qabul qiladi. Dastlab bu xossa qiymati False (yolg‘on) deb o‘rnatilgan. Shu sababli unga ma’lumotlarni kiritish mumkin.
Agar bu xossa qiymati True (rost) ga o‘zgartirilsa, u holda unga foydalanuvchi tomonidan ma’lumot kiritib bo‘lmaydi. Lekin ilova undagi ma’lumotlarni o‘zgartira oladi. Bu nimaga kerak, degan savol tabiiy. Edit obyekti Labeldan farqli ravishda ramkaga olingan va unga kiritilgan ma’lumot chiroyliroq ko‘rinadi. Agar biz undan ma’lumot chiqarish uchun foydalanmoqchi bo‘lsak, bu ma’lumot foydalanuvchi tomonidan o‘zgartirmasligini ta’minlashimiz kerak bo‘ladi.
Edit boshqarish obyektining boshqa xossalari. Edit obyektining yana bir foydali xossasi MaxLength deb ataladi. Uning yordamida maydonchaga kiritiladigan matn satri uzunligini chegaralash mumkin. Masalan, maydonchaga o‘quvchining tug‘ilgan yili kiritilishi kerak bo‘lsa, MaxLengthni 4 ga teng qilib olish ko‘p hollarda unga adashib boshqa ma’lumotlarni kiritib yuborishning oldini oladi.
Edit obyektining yana bir foydali xossasi Font bo‘lib, uning yordamida maydonchaga kiritiladigan matn uchun shriftni, shrift o‘lchami, rangi va shriftning yana bir qator xossalarini o‘rnatish mumkin. Bu xossa boshqa obyektlarda, masalan, Form obyektida ham bor. Agar biz shriftni ilova oynasi uchun o‘rnatsak, u ilova oynasidagi barcha obyektlarga ham ta’sir qiladi. Buning oldini olish kerak bo‘lsa, ilova oynasidagi obyektning
ParentFont (ajdodi shrifti) xossasining qiymatini rostdan yolg‘onga o‘tkazish lozim.
Editning yana bir foydali mantiqiy xossasi AutoSize (o‘lchamni avtomatik tanlash) bo‘lib, maydonchaga kiritilayotgan matn ko‘paygan sari maydoncha o‘lchami kattalashib borishini ta’minlaydi. Agar bunda maydoncha yonidagi boshqa obyektlarni berkitib qo‘ymasligi kerak bo‘lsa, bu xossa qiymatini rostdan yolg‘onga o‘tkazish kerak bo‘ladi.
Kiritish maydonchasi foydalanuvchining parolini kiritish uchun mo‘ljallangan bo‘lsa, parolni boshqalar ko‘rmasligi uchun u boshqa belgi, masalan, “*” bilan almashtiriladi. Edit da bu imkoniyat ham ko‘zda tutilgan. Uning PasswordChar xossasi maydonchaga kiritilgan harflar almashtiriladigan belgining tartib raqami (32–127)ni bildiradi. Dastlab u #0 ga teng va u kiritilgan harf boshqasiga almashtirilmasligini bildiradi. Agar biz uni #42 bilan almashtirsak, maydonchaga kiritilgan harflar o‘rniga
harfi aks etadi. #42 o‘rniga bevosita ekranga chiqarilishi kerak bo‘lgan belgini kiritish ham mumkin. Masalan, “-“, “+”, “*”, “.”.
Do'stlaringiz bilan baham: |