II. Asosiy qism
2.1. Eronning tabiati va qadimgi aholisi
Eronning tabiati va qadimgi aholisi. Eron janubi-g`arbiy Osiyodagi qadimgi davlatlardan biridir. Eron qudratli davlatga aylangan davrda uning g`arbiy chegarasi O`rtayer dengizi sohillariga borib yetgan. Shimolda esa uni Pont, Elbrus, Turkman-Xuroson va Hindikush tog`lari o`rab turar edi. Sharqda esa Sulaymon tog`i va Hind daryosi uni Hindistondan ajratib turardi. Janub va janubi-g`arbda esa mamlakat Eritrey dengizi va Fors qo`ltig`ining suvlari bilan o`ralgan edi. Eronning markaziy qismi yassitog`lik, sho`rxok yerlar, janubi esa Gardesiya sahrosiga tutashib ketadi. Eronda Karun, Kerxa, Xilmand kabi kichik daryo va suvi yozda qurib qoladigan soylar ko`p. Tog`larida temir, kumush, mis, oltin kabi ma`danlar serob. Mamlakat iqlimi har xil – shimolda kuz sovuq, yoz esa issiq, janubda esa qish iliqroq, yozi ancha issiq bo`ladi.
Eronda ibtidoiy jamoa tuzumining mustye davridan – 70–50 ming yillardan beri aholi yashab keladi. Qadimda bu mamlakatda elamliklar, lulubeylar, amoriy, kassitlar, guteylar, habash, fors, midiya, aramey kabi qabilalar yashaganlar.
Eronda eng dastlabki davlat birlashmalarini mamlakatning janubi-g`arbida joylashgan elamliklar tuzganlar.
Qadimgi Elam. Miloddan avvalgi VI mingyillikda Eronning janubi-g`arbiy burchagida xo`jalik rivojlanib, xususiy mulk, mulkiy tengsizlik va tabaqalanish jarayoni sodir bo`ldi. Miloddan avvalgi III mingyillik boshlarida esa u yerda poytaxti Suza bo`lgan Elam davlati tashkil topadi. Miloddan avvalgi XXI asrgacha u Shumer va Akkad davlatlariga qaram bo`lib qoladi.
Miloddan avvalgi 2230-yilda Elam hukmdori Xita Akkad podshosi Naram-Suen bilan shartnoma tuzadi. Xita «Naram-Suenning dushmani mening dushmanim, Naram-Suenning do`sti esa mening do`stim» deb e`lon qiladi.
Miloddan avvalgi XXII asr boshlarida Kutik – Inshushinak Elamni birlashtirib, uni yagona davlatga aylantiradi. Shu vaqtda Elamga shimoldan guteylar bostirib kirib, uni o`zlariga tobe qilib oladilar. Ur III sulolasi davrida Elam Mesopotamiya hukmdorlariga tobe etiladi. Miloddan avvalgi XXI asr oxirida Elam kuchayib, mustaqillikka erishib, Urni o`ziga qaratadi va Janubiy Shumerni bosib oladi. Bobil podshosi Hammurapi esa elamliklarni Shumerdan haydab chiqaradi. Miloddan avvalgi 1730–1700-yillarda Elam qo`shinlari Me-sopotamiyaga bostirib kirib, Akkadgacha bo`lgan yerlarni bosib oladilar. Miloddan avvalgi XIV asr o`rtalarigacha Elam o`z mustaqilligini saqlab qoladi. Keyinchalik Elam bobilliklarga tobe bo`lib qoladi. Miloddan avvalgi 1180-yilda Elam shohi Shutruk – Naxunta I Bobil qo`shinlarini mamlakatdan quvib chiqaradi. U Bobilga bostirib kirib bir qancha shaharlarni bosib oladi. U katta o`ljalar qatori Hammurapi qonunlari yozilgan toshni ham Suzaga olib keladi. Miloddan avvalgi 1155–1115-yillar Elam podsholigining gullagan davri hisoblanadi. Miloddan avvalgi 1115-yili elamliklar bobillik-lardan yengilib, miloddan avvalgi VIII asrgacha o`z mustaqilligini yo`qotadilar. Miloddan avvalgi VIII asrda Elam mustaqilligini tiklaydi va Bobil bilan ittifoq tuzib ossurlarga qarshi kurash boshlaydi. Miloddan avvalgi 720-yili elam qo`shinlari Der yaqinidagi dahshatli jangda ossurlarni tor-mor etadilar. Elamliklar bobilliklar bilan ittifoq tuzib ossurlarga qarshi uzoq kurashadilar. Miloddan avvalgi 639-yili Elam ossurlar, 596-yili bobilliklar va 549-yili eroniylar tomonidan bosib olinadi. Shu bilan mustaqil Elam davlati barham topadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |