Kislorod yerda eng ko`p tarqalgan element hisoblanadi. Uning atmosferadagi miqdori 120 trillion tonnaga teng. Odam organizmining 65% ni kislorod tashkil qiladi. Kislorodning paydo bo`lishi yerda yashil o`simliklarning paydo bo`lishi bilan bog`liq. Kattayu – kichiq yashil o`simliklar, shu jumladan mikroskopik yashil suv o`tlari ham fotosintez jarayonida kislorod ajratib chiqaradi. Havoda kislorodning bo`lishi nafas olish, chirish va yonish jarayonlarining zaruriy shartidir. Moddalarning kislorod bilan birlashuvi oksidlanish reaktsiyasi deyiladi. Hujayradagi oziq moddalarining kislorod bilan oksidlanishi natijasida organizmning hayot kechirishi uchun zarur bo`lgan energiya ajraladi. Binobarin bu energiyasiz tirik organizm yashayolmas edi. Inson va hayvonlar nafas bilan kislorodni olib, karbonat angidridni chiqaradilar; o`simliklar esa oziqlanish jarayonida karbonat angidridni parchalab, kislorod ajratib chiqaradilar. Bundan tashqari o`simliklar ham nafas oladilar. Bu jarayonda ular ham barcha tirik organizmlar singari kislorodni olib, karbonat angidridni chiqaradilar.
Erkin kislorodning yagona manbai fotosintez jarayonidir; chirish, nafas olish, karbonatlar hosil bo`lib turishi sababli atmosferada kislorod balansi, asosan, o`zgarmaydi. Lekin jamiyatning rivojlanishi, texnika vositalarining ko`payishi va takomillashishi uning balansiga ma'lum miqdorda ta'sir o`tkazmoqda. Ma'lumotlarga ko`ra keyingi yuz yil davomida Yer yuzidagi o`rmonlarning uchdan ikki qismi kesilib ketdi, okean suvlarining ifloslanishi oqibatda undagi yashil suv o`tlarining nobud bo`lishi hodisalari ko`paydi. Holbuki atmosferaga chiqariladigan kislorodning teng yarmini ana shu suv o`tlari, qolgan yarmini o`rmonlar va o`t – o`lanlar ishlab chiqarar edi. Masalaning ikkinchi tomoni – kislorod sarfining oshganligida, YUNESKO ma'lumotlariga qaraganda atmosferadagi kislorod zahirasi 48 mlrd. odamning hayoti uchun yetarli. Lekin sanoat va transportning o`sishi kislorod sarfini tobora ko`paytirmoqda. Yengil avtomobil ming km. yurganida 1 kishining 1 yilda oladigan kislorodini kuydiradi. Samolyot bir soat uchganida 180 ming kishinin 1 soatda olingan kislorodini kuydiradi. Hozirgi kunda dunyodagi mavjud avtomobillar soni qariyb yarim milliardga yetgan bo`lib, ular yilida 1,5 mlrd odamning hayotiga yetadigan miqdordagi kislorodni kuydiradi. F.F. Davitaya (1972) ma'lumotiga ko`ra kishilik jamiyati tarixida yonish jarayoniga jami 273 mlrd tonna kislorod sarflangan bo`lsa, shundan 246 mlrd tonnasi 1920 – 1969 yillar davomidagi yarim asrga to`g`ri keladi.
Hisob – kitoblarga ko`ra hozirgi vaqtda havodagi jami kislorodning 23% nafas olish jarayoniga, undan 15 baravar ko`pi esa texnosfera ehtiyojlariga sarflanayapti.
Yuqoridagi keltirilganlardan ko`rinib turibdiki, keyingi paytlarda kislorod hosil bo`lishi va sarflanishi o`rtasidagi muvozanat buzilgan bo`lib, uning sarfi hosil bo`lishidan ko`ra tezlashgan. Kishilik jamiyatining faoliyati davomida Yer yuzida kislorod zahirasi 273 mlrd. tonnaga kamaydi bu demak uning havodagi miqdori 0,02% ga kamaydi. Bu ko`rsatkich garchi katta bo`lmasada, lekin insonni o`zining kelajagi uchun ehtiyotkorlikka chorlaydi.
Atmosferada karbonat angidrid gazining mavjudligi ham biosfera uchun zarur omildir. Uning atmosferadagi umumiy miqdori 2300 mlrd. tonnaga teng bo`lib, u tirik organizmlarning nafas olishi, vulqonlar otilishi va yonish jarayonlarida hosil bo`ladi. Nafas chiqarish jarayonida bir soatda odam o`rtacha 20 litr karbonat angidrid chiqaradi. Ba'zi yirik hayvonlar esa nafas bilan atmosferaga soatiga 150 litrgacha karbonat angidrid ajratib chiqaradi.
Karbonat angidridning me'yoriy miqdori tiriklik uchun zarurdir. Yashil o`simliklarda kechadigan fotosintez jarayonida asosiy xomashyo karbonat angidrid hisoblanadi. Binobarin, shu moddasiz fotosintez amalga oshmas, kislorod va uglevodlar hosil bo`lmas edi. Ammo atmosferada uning ko`payishi noxush holatlarga olib keladi. Nafas olinadigan havo tarkibida bu gaz miqdorining 1% ga oshishi odamni noxush qiladi, 25% ga oshishi esa uni o`limga olib kelishi mumkin.
Atmosfera havosida karbonat angidrid miqdorining ko`payishi yerdagi iqlimga ta'sir qilish – qilmasligi to`g`risida mutaxssislar turlicha fikrdalar. V. I. Lebedev (1976) ma'lumotlariga ko`ra atmosferada karbonot angidridning ko`payishi yer iqlimiga ta'sir qilmaydi, balkim u o`simliklar tomonidan ko`prok o`zlashtirilib, fotosintez jarayonini tezlashtiradi va shunga muvofiq o`simliklarning hosildorligini oshirdi. Ammo ko`pchilik mutaxassislar fikricha atmosferada karbonat angidrid miqdorining oshishi sayyoramiz iqlimini o`zgartiradi. Chunki karbonat angidrid gazi o`z tabiatiga ko`ra quyoshdan kelayotgan qisqa to`lqinli nurlanishni yerga yaxshi o`tkazadi, ammo yerdan sinib chiqqan uzun to`lqinli issiqlik nurlanishini yuqoriga o`tkazmay tutib qoladi. Shuning uchun ham havoda bu gaz miqdorining oshishi Yerda iqlim haroratining ko`tarilishiga olib kelishi to`g`risidagi fikr haqiqatga yaqinroqdir. B.M. Smirnov (1978) ma'lumotlariga ko`ra havodagi karbonat angidridning miqdori 2025 yilda 1978 yilga nisbatan 35% ko`payishi mumkin. Bu esa Yer yuzi o`rtacha haroratini 0,2–0,5 0S ga ko`tarishi mumkin. U. Kellogning 1977 yildagi bashoratlariga ko`ra karbonat angidridning miqdori 70-yillar o`rtalariga qaraganda 2050 yilga borib 50 % ko`payadi, shunga muvofiq havoning o`rtacha yillik 1,5-6 0S gacha harorati ko`tarilishi mumkin. Havo haroratining bunday ko`tarila borishi o`z navbatida dunyo muzliklariga ta'sir o`tkazmay qolmaydi – ularning erishi tezlashib, tabiiy ofatlarni keltirib chiqaradi. Hozirgi kunda ba'zi mamlakatlar hududida ro`y berayotgan tufonlar va suv toshqinlarining ko`payayotganligi Kellog ma'lumotlarining to`g`riligidan dalolat beradi.
Atmosferaning muhim tarkibiy qismlaridan biri bo`lgan ozon gazining balansini saqlash ham tiriklik uchun zarur omildir. Stratosferadagi ozon pardasi Yer yuzini zararli ultrabinafsha nurlardan himoya qilishi to`g`risida yuqorida aytib o`tilgan edi. Bundan tashqari ozonning yer usti havosidagi tabiiy miqdori nafas olish jarayonini yengillashtiradi. Bu me'yoriy miqdor 0,0001 mgG`l bo`lib, bunday havo toza va shifobaxsh hisoblanadi. Birok havoda ozonning ko`payib ketishi organizmga zarar qiladi – uning miqdori 0,02-0,03 mgG`l ga yetganida odamning nafas yo`llari yalliglanib, zotiljam kasalligi kelib chiqishi aniqlangan.
Stratosferada joylashgan ozon pardasini tabiiy holatda saqlab qolish muhimdir. Chunki atmosferaga chiqarib tashlanayotgan ba'zi texnogen moddalar ozonni parchalab, uning kamayishiga, ozon pardasining siyraklashishiga sabab bo`lmoqda. Ozonning parchalanishiga ayniqsa reaktiv samolyotlarning uchishi, yadro qurolining portlatilishidan hosil bo`lgan texnogen moddalarining ulushi ko`proq. Reaktiv samolyotlarning uchish balandligi atmosferada ozonning eng ko`p joylashgan qavatiga (20-25 km) to`g`ri keladi. Reaktiv dvigatellardan chiqadigan suv bug`lari va azot oksidi ozonni parchalab, ozon ekranining himoyalash xususiyatini pasaytiradi. Bundan tashqari keyingi 30-40 yillar davomida mutaxassislar, ozon ekranini parchalashda sovutgich texnikasida ishlatiladigan xlorftormetan ya'ni freon moddasining ta'siri bor, degan fikrni bildirib kelmoqdalar. Bu to`g`rida xalqaro anjumanlar o`tkazilib, butun dunyo miqyosida freon ishlab chiqarishga qarshi kompaniya boshlab yuboriladi. Vena konventsiyasi va Monreal anjumani bayonini ko`ra dunyo mamlakatlarining har biriga kishi boshiga yilida 0,3 kg. gacha freon ishlatilishiga ruxsat berilgan. Hozir bu ko`rsatkich rivojlanagan mamlakatlarda 3-4 kg, O`zbekistonda esa 0,1 kg.ni tashkil qiladi. Lekin 2000 yilning avgust oyida ingliz olimlari Xyuptt va Levi Si-en-en telekompaniyasidan chiqish qilib, freon ozon pardasiga yetib bormay, havoda juda tez parchalanib ketishini isbotlashga harakat qildilar. Nima bo`lgandayam ozon pardasini siyraklanishdan asrash zamonmizning dolzarb masalasi bo`lib qolmoqda.
Atmosferaning ifloslanishi va uni ifloslovchi manbalar
Atmosferada gaz balansining buzilishiga nafaqat u yoki bu gazdan foydalanish, balkim unga atmosferaning turli xildagi zaharli va zararli moddalar bilan ifloslanishi ham ta'siri qiladi. Atmosferaning ifloslanishi havoga nihoyatda ko`p miqdorda chiqayotgan chang–to`zon, tutun, mikroblar, uglerod oksidi, vodorod sulfidi, uglevodorodlar, organik moddalar, sulfidlar, nitratlar, qo`rg`oshin, temir, ftor birikmalari, radioaktiv moddalar va pestitsidlar bilan bog`liq.
Atmosferani ifloslovchi manbalarni ikkiga bo`lish mumkin: Tabiiy (biogen) manbalar va sun'iy (antropogen) manbalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |