Nazorat uchun savollar?
1. Qishloq xo‘jaligida axborot-maslahat xizmatining o‘rni, uning asosiy tamoyillari va vazifalari?
2. Qishloq xo‘jaligida axborot maslahat xizmatini ishlash usullari va axborot maslahat xizmatini boshqarish?
3. Qishloq xo‘jaligida axborot texnologiyalari konsaltingini qo‘llash ko‘lami va o‘ziga xos xususiyatlari?
3-M A V Z U: Axborot-maslahat markazi tashkiliy boshqaruv tuzulmasining tashkiliy-huquqiy asoslari
REJA
1. Qishloq xo‘jaligida axborot-maslahat markazlarining huquqiy asoslari va tashkiliy tuzulmasi.
2. Axborot-maslahat markazlarini barqarorlashtirish yo‘llari.
3. Axborot maslahat markazlarini ta’sis etish, faoliyatni oqilona tashkil etish va samarali boshqarishda rahbarning shaxsiy fazilatlari.
Tayanch iboralar: loyiha va grantlar, dehqon xo‘jaliklari, resurs, fan, texnologiya, agrotexnologiya
1–savol
Qishloq xo‘jaligida axborot-maslahat
markazlarining huquqiy asoslari va tashkiliy tuzulmasi.
Qishloq xo‘jaligida bosqichma-bosqich olib borilayotgan iqtisodiy islohotlar va erkinlashtirsh jarayonlari soha iqtisodyotini yuksaltirishga, ishlab chiqarish samaradorligini oshirishga, fermer va qishloq tadbirkorlarining mavjud resurslardan okilona va samarali foydalanishini tashkil etgan holda iqtisodiy-moliyaviy qudratini mustahkamlashga olib keldi.
Mustaqillik yillarida Respublikamiz birinchi Prezidentining farmonlari va hukumatimizning bir qator qarorlari asosida fermer xo‘jaliklarini rivojlantirishga yo‘naltirilgan chora-tadbirlarni amalga oshirish davomida fermer va dehqon xo‘jaliklariga zarur bo‘lgan infratuzilma ob’yektlari va xizmat ko‘rsatish korxonalari alohida Dasturlar asosida shakllantirildi. Natijada fermer xo‘jaliklari o‘z hududlarida o‘zlari uchun zarur bo‘lgan deyarli barcha turdagi xizmatlarga bo‘lgan talablarini qondirish imkoniyatiga ega bo‘ldilar.
Bunda O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidentining 2007 yil 21 maydagi "O‘zbekiston Respublikasida 2006-2010 yillarda xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirishni jadallashtirishga oid qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PQ-640-sonli, 2009 yil 20 yanvardagi "Ishlab chikarish va ijtimoiy infratuzilmani yanada rivojlantirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PQ-1041-sonli qarorlari va 2012 yil 22 oktyabrdagi "O‘zbekistonda fermerlik faoliyatini tashkil qilishni yanada takomillashtirish va uni rivojlantirish chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi PF-4478-sonli farmoni ijrosini ta’minlash borasidagi dasturlarning qabul qilinishi va amalga oshirilishi ayniqsa muhim ahamiyat kasb etib, tegishli davrlarda xizmatlarning jadal o‘sib borishida muhim bosqichga aylantirdi.
Mustaqillik yillari davomida infratuzilma ob’yektlari faoliyat yuritishi uchun huquqiy-me’yoriy baza va iqtisodiy asos yaratildi, moliya-kredit va soliq yo‘nalishida yengilliklar joriy etildi. Jumladan, O‘zbekiston Respublikasi birinchi Prezidentining 2009 yil 20 yanvardagi "Ishlab chiqarish va ijtimoiy infratuzilmani yanada rivojlantirish yuzasidan qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida"gi PQ-1041-sonli qarori, O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2006 yil 17 apreldagi "O‘zbekiston Respublikasida 2006-2010 yillarda xizmat ko‘rsatish va servis sohasini rivojlantirishni jadallashtirish to‘g‘risida"gi 325-sonli va 2007 yil 12 dekabrdagi "Qishloqni lizing shartlarida qishloq xo‘jaligi texnikasi bilan ta’minlash chora-tadbirlari to‘g‘risida"gi 254-sonli qarorlari ijrosini ta’minlash borasida amalga oshirilgan chora-tadbirlar natijasida barcha infratuzilma ob’yektlari kabi, qishloq xo‘jaligida axborot-maslahat xizmatlari ko‘rsatish ham jadal rivojlanib bordi (1-rasm). Fermer xo‘jaliklariga xizmat ko‘rsatuvchi zarur infratuzilmalar, xususan, axborot-maslahat markazlari tashkil etish asosida ularga xizmatlar ko‘rsatishning yo‘lga qo‘yilishi shunday tadbirlar jumlasiga kiradi.8
1-rasm. O‘zbekiston Respublikasi bo‘yicha axborot-maslahat xizmati ko‘rsatish shaxobchalari sonining o‘zgarish dinamikasi, 2008-2016 yy., dona.
Qishloq xo‘jaligi tovar ishlab chiqaruvchilarini va boshqa iste’molchilarni turli xildagi ma’lumotlar va axborotlar bilan ta’minlash ishlari amalga oshirildi. Jumladan, qishloq xo‘jaligi mahsulotlari va moddiy-texnika resurslari narxlari, yangi texnika vositalari va ilg‘or texnologiya va biostimulyatorlar, shuningdek, ob-havo va iqlim to‘g‘risidagi ma’lumotlar va boshqalar.
Ta’kidlash joizki, respublikamiz qishloq xo‘jaligida axborot-maslahat markazlarini shakllantirish o‘tgan asrning 95-yillaridan keyin, tadbirkorlik, dehqon va fermer xo‘jaliklarini tashkil etish va rivojlantirishning tashkiliy hamda huquqiy- me’yoriy asoslari to‘liq shakllantirilgandan so‘ng, jadal rivojlana boshladi.
Hukumatimiz tomonidan ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida qishloq xo‘jaligi sohasida fermer va qishlok tadbirkorlariga axborot-maslahat xizmati ko‘rsatishning turli shakl va tizimlari vujudga keldi.
Bugungi kunda bunday tuzilmalar mamlakatimizning turli hudud, shahar va tumanlarida vazirlik, qo‘mita, xolding, korporatsiya, aksionerlik jamiyati, kengash, uyushma hamda turli nufuzli xalqaro tashkilotlar va muassasalar, ta’lim muassasalari va ilmiy-taqiqot institutlari qoshida, davlat byudjeta, hissadorlar ulushi, loyiha va grantlar asosida, shuningdek, xorijiy sarmoyadorlar moliyaviy ko‘magida davlat unitar korxonasi, xususiy korxona va mas’uliyati cheklangan jamiyat shaklida tashkil etilgan.
Dastlabki axborot-maslahat markazlari aksariyat hollarda axborot-maslahat xizmatlari ko‘rsatishga yo‘naltirilgan bo‘lib, keyinchalik bu sohani rivojlantirish va davlat tomonidan qo‘llab-quvvatlash tizimi va mexanizmlari shakllantirilib borilishi bilan xizmat ko‘rsatish yo‘nalishi va ko‘lami kengayib bordi.
Darhaqiqat, mustaqillikning dastlabki yillari mamlakatimizda nufuzli xalqaro tashkilotlar va loyihalar doirasida axborot-maslahat markazlarining tashkil etilishi respublikamiz qishlok xo‘jaligida axborot-maslahat xizmatlari ko‘rsatishni rivojlantirish yo‘lidagi muhim qadamlardan bo‘ldi .
O‘zbekiston Savdo-sanoat palatasi qoshida tashkil etilgan "Axborot-maslahat markazi" unitar korxonasi tadbirkorlik sub’yektlariga axborot, maslahat, huquqiy masalalarda yordam ko‘rsatib kelmoqda.
Toshkent Davlat agrar universiteta qoshidagi Axborot resurs markazi(ARM)da ham fermerlar uchun axborot va maslahat xizmatlari ko‘rsatish yo‘lga qo‘yilgan.
Tahlillar ko‘rsatishicha, bir qator fermer xo‘jaliklari yuqori ishlab chiqarish ko‘rsatkichlariga erishayotgan bo‘lsada, ayrimlarining moliyaviy ahvoli pastligicha qolmoqda. Bunga boshqa omillar bilan bir qatorda xo‘jalik rahbarlarining bilimi, kasbiy mahorati, tajribasi talab darajasida emasligi hamda xo‘jalik faoliyatini boshqarish uchun zarur ma’lumot va axborotlar bilan ta’minlash masalasi hamma joyda ham yaxshi yo‘lga qo‘yilmaganligi sabab bo‘lmoqda. Bu, o‘z navbatida, xo‘jaliklarda mavjud yer va suv, moddiy-texnik, moliyaviy va meqnat resurslaridan va boshqa imkoniyatlardan samarali foydalanmaslikka olib kelmoqda.
Faqatgina doimo oshirib borilayotgan bilim va yuqori darajadagi kasbiy mahoratga ega bo‘lgan rahbar yoki mutaxassisgina xo‘jalik faoliyatiga oid oqilona va to‘g‘ri qarorlar qabul qilishni, xo‘jalik ishlab chiqarish yo‘nalishi va rivojlanish strategiyasini to‘g‘ri belgilashi, ishlab chiqarishga innovatsion g‘oyalarni joriy etishni maqsad qilib qo‘ygan.
Bugungi kunda ushbu maqsadlarga erishish uchun AKX ko‘rsatuvchi markazlar kuyidagi vazifalarni amalga oshirmoqdalar:
xo‘jalikni samarali boshqarish, marketing, moliyaviy va investitsion tahlilni amalga oshirish, ekologik va tibbiy me’yorlarni inobatga olgan holda mavjud barcha turdagi resurslardan foydalanishni optimallashtirish borasida konsultatsiyalar tashkil etish, uyushtirish va olib borish;
fermer va dehqon xo‘jaliklariga hamda boshqa agrar tadbirkorlik sub’yektariga qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarish, qayta ishlash va sotish jarayonlarining turli jihatlarini qamrab oluvchi, ayniqsa, yangi va innovatsion texnologiya hamda zamonaviy xo‘jalik yuritish usullariga doir ob’yektiv va doimo yangilanib turiladigan ma’lumotlarni yetkazish;
qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchi (xizmat/ish bajaruvchi)larga innovatsion faoliyatni amalga oshirishga ko‘maklashish, amaldagi ishlab chiqarish ob’yektlarini rekonstruksiya qilish, rivojlantirish va yangisini barpo etish uchun sarmoyadorlar va hamkorlarni izlab topishga ko‘maklashish;
mahsulot va resurslar bozorlarini izlab topish, bunday bozorlarga kirish tartib-qoidalariga rioya etgan holda ularga kirib borish va bozor kon’yunkturasiga muvofiq mahsulot sotishni yo‘lga qo‘ygan holda ularda munosib o‘rin egallashga ko‘maklashish;
qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqaruvchilarni qator yillar davomidagi xo‘jalik faoliyati va istiqbolda rivojlanish holatlarinn tahlil qilishni ragbatlantirish;
tovar qishloq xo‘jaligi mahsuloti ishlab chiqaruvchilari o‘rtasida xo‘jalik yuritish va tashkiliy qarorlar qabul qilish borasidagi ilgor tajribani aniqlash, umumlashtirish, ommalashtirish va tarqatish, ilmiy-texnikaviy axborot xizmatlari ko‘rsatish va boshqalar.
Do'stlaringiz bilan baham: |