14-MAVZU. MEHNAT RESURSLARINI BOShQARISh BO‘YIChA MASLAHATLAR
Darsning maqsadi: Mehnat resurslarini hisobga olish va rejalashtirish, mehnat motivatsiyasi, mehnatni rag‘batlantirish, mehnat resurslarini boshqarishning yangi yo‘nalishlari va ular oldida turgan muammolarni yechimini topish bo‘yicha maslahatlar yuzasidan ma’lumotlar berish.
Amaliy mashg‘ulot rejasi.
1.Mehnat resurslarini samarali boshqarish siyosati
2.Mehnat resurslarini hisobga olish va rejalashtirish.
3. Mehnat motivatsiyasi. Mehnatni rag‘batlantirish.
4.Mehnat resurslarini boshqarishning yangi yo‘nalishlari va ular oldida turgan muammolarni yechimini topish bo‘yicha maslahatlar.
Darsga oid jihozlar: Markerlar, flamaster, plakatlar, kerakli adabiyotlar, tarqatma materiallar.
Darsning tuzilishi: Tashkiliy daqiqa, guruhlarda ishlash, bahs-munozara, dars yakuni.
Noa’nanaviy amaliy mashg‘ulot: Talablarda yetarli bilim va ko‘nikmalar mavjud.O‘qituvchi buni ”Aqliy hujum” orqali tasdiqlaydi va shundan so‘ng talabalarni guruhlarga bo‘lib, ularga vazifalarini bajarishga ruxsat beradi.
Amaliy mashg‘ulot usuli: Bahs-munozara
Mehnat resurslari deb, o‘zining aqliy va jismoniy mehnati bilan ijtimoiy ishlab chiqarishda ishtrok etadigan mehnatga qobilyatli kishilarga aytiladi.
Mehnat resurslari o‘ziga iqtisodiyotda mehnat bilan band va mehnat bilan band bo‘lmagan mehnat qilish qobilyatiga ega bo‘lgan kishilarni qamrab oladi. Mehnat resurslari haqiqiy (real) va potensial xodimlardir.
Korxona miqyosida boshqarishning asosiy maqsadi – korxonaning ishlab chiqarish, tijorat, moliyaviy va boshqa faoliyatlarini oqilona tashkil etish hamda xodimlar salohiyatidan unumli foydalanish orqali foydani maksimallashtirishga erishishdir.
Boshqaruv funksiyalari – boshqaruv faoliyatining maqsadga yo‘naltirilgan tarkibiy qismlaridan biridir. Zamonaviy boshqaruv nazariyalarida uning quyidagi funksiyalari ajratib ko‘rsatiladi:
boshqaruv ob’yektiga oid axborotlarni yig‘ish, saqlash, tizimga solish va qayta ishlash;
yig‘ilgan axborotlarni operativ va moliyaviy hisobotlar yordamida tahlil etish;
joriy va istiqbolli rejalashtirish;
korxonaning ishlab chiqarish, tijorat, moliyaviy va investitsion faoliyatini tashkil etish va boshqarish;
raqobat muhitida korxonaning yashovchanligini ta’minlovchi moliyaviy va marketing faoliyatini tashkil etish;
mehnatni tashkil etish, majburiyatlarni taqsimlash va boshqarish;
nazorat va tartibga solish.
Ta’sir ko‘rsatish mazmuniga ko‘ra boshqaruvning tashkiliy-farmoyish, iqtisodiy va ijtimoiy-psixologik usullarimavjud.
Tashkiliy-farmoyish usullari korxona boshqaruvchilarining vakolati va hokimiyati kuchidan foydalangan holda, tashkiliy-farmoyish vositalari orqali boshqarish jarayonini bildiradi.
Iqtisodiy usullar - bu qo‘yilgan maqsadga erishish uchun ishchi va xodimlarning manfaatlariga ta’sir o‘tkazish orqali boshqaruv maqsadi va vazifalarini amalga oshirishga imkon beruvchi rag‘batlar va vositalar yig‘indisidir.
Boshqaruvning ijtimoiy-psixologik usullari xodimlarning ijtimoiy ehtiyojlari va psixologik xususiyatlariga ta’sir etish bilan bog‘liq boshqarish vositalari va dastaklari yig‘indisidir.
Mehnat unumdorligi- xodimlar mehnat faoliyatining iqtisodiy samaradorligi ko‘rsatkichidir. U ishlab chiqarilgan mahsulot yoki ko‘rsatilgan xizmatlar miqdorining mehnat xarajatlariga nisbati, ya’ni mehnat xarajatlari birligi hisobiga ishlab chiqarilgan mahsulot bilan belgilanadi. Jamiyatning rivojlanishi va uning barcha a’zolari farovonligi darajasi mehnat unumdorligi darajasi va uning o‘sishiga bog‘likdir. Bundan tashqari, mehnat unumdorligi darajasi ishlab chiqarish usulini hamda ijtimoiy-siyosiy tizimning rivojlanishini belgilab beradi.
Mehnat samaradorligi tushunchasi esa, unumdorlik tushunchasidan kengrok bo‘lib, iqtisodiy jihatlar (aslida mehnat unumdorligi)dan tashqari yana psixofiziologik va ijtimoiy jihatlarni ham o‘z ichiga oladi. Mehnatning psixofiziologik samaradorligi mehnat jarayonining inson organizmiga ta’sir ko‘rsatishi bilan belgilanadi. Ana shu nuqtai nazardan qaraganda samarali mehnat deb faqat muayyan unumdorlikka erishish bilan bir qatorda zararsiz, kulay sanitariya-gigiyena shart-sharoitlari va xavfsizlikni; mehnatning yetarli darajada mazmundor bo‘lishi va uning taqsimoti chegaralariga rioya qilinishi mehnat jarayonida insonning jismoniy, aqliy kuch va qobiliyatlari har tomonlama rivojlanishi imkoniyatlarini; ishlab chiqarish sharoitining xodimga salbiy ta’sir ko‘rsatishining oldini olishni ta’minlaydigan mehnat e’tirof qilinadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |