Kislorod. Tuproq gumusi, ko‘pchilik birlamchi va ikkilamchi minerallar hamda tuzlar, kislotalar va suv tarkibiga kiradi. Kislorod o‘simliklar, barcha tirik organizmlar hayotida va tuproqda kechadigan jarayonlarda muhim ahamiyatga ega.
Kremniy. Kvars (SiO2) tuproqda ko‘p tarqalgan kremniy birikmalaridan biri hisoblanadi. Shuningdek, kremniy birlamchi va ikkilamchi silikatlar, ferrosilikatlar, alyumosilikatlar tarkibiga kiradi. Kremniy o‘simlik hayotida, jumladan ular poyasining pishiq bo‘lishida katta ahamiyatga ega. Kremniy o‘simlik tanasi, boshoqlari, poyasida ko‘p to‘planadi va shamol esganda, yomg‘ir yoqqanda shoxlarining egilib og‘masligi uchun ularning mustahkamlagini oshiradi. O‘simlik odatda kremniyni eritmadan oladi. Hozirgi vaqtda o‘simliklar tanasining pishiqligini oshirishda (masalan, manzarali gulchilikda) kremnezyomning suvda tez eriydigan tuzlaridan foydalaniladi.
Alyuminiy. Tuproqda alyuminiy birlamchi va ikkilamchi minerallarning tarkibida, organik-mineral kompleks shaklida va singdirilgan holatda (kislotali tuproqlarda) bo‘ladi. Alyuminiy saqlagan birlamchi va ikkilamchi minerallar parchalanganda, uning tarkibidagi alyuminiy gidrooksidlari ajralib, bir qismi (kam harakatchan formasi) o‘z joyida qoladi va qisman zol holatida eritmaga o‘tadi. Kislotali sharoitda (рН<5) alyuminiy gidrooksidi ancha harakatchan bo‘lib, alyuminiy eritmada Аl(ОН)2+ Аl(ОН)2+ ionlari xolida yuzaga keladi va o‘simliklarning o‘sishiga salbiy ta’sir etadi.
Suvda eriydigan va kolloidli alyuminiy gidrooksidi organik kiislotalar bilan ta’sirlashib, ancha harakatchan kompleks birikmalar hosil qiladi va tuproq profili bo‘ylab aralashib tarqaladi.
Alyuminiyning o‘simliklar hayotidagi roli katta. Alyuminiyning azotli birikmasi o‘simliklarning qurg‘oqchilikka chidamliligini oshiradi. Masalan, qurg‘oqchilik davrida alyuminiy ta’sirida kungaboqarning yosh barglarida oqsilning biosintezi jadallashadi va nuklein kislotalari miqdori ham ko‘payadi. Alyuminiyning konsentratsiyasi oshib ketganda, o‘simliklarning ildiz sistemasi zararlanadi. Hayvon va odamlarda qon hosil bo‘lishi sekinlashadi, fosfor almashinuvi susayadi, raxit kasali kuchayadi.
Tuproqdagi Al2O3 ning yalpi miqdori odatda 1-2 dan 15-20 foizgacha o‘zgarib turadi, ferralitli tropik tuproqlarda va boksit tarkibida 40 foizdan ham oshadi.
Temir. Tuproq tarkibida temir miqdori o‘rtacha 2-3 foiz bo‘lib, birlamchi va ikkilamchi silikatli minerallari, shuningdek, temir oksidi, gidrooksidi va oddiy tuzlari tarkibiga kiradi. Temir singdirilgan holatda va organik-mineral kompleks tarkibida ham bo‘ladi. Temir saqlovchi minerallar nuraganda uning gidrooksidlari ajraladi. Kuchli kislotali (рН<3) sharoitda temir gidrooksidining harakatchanligi oshib, eritmada temir ionlari hosil bo‘ladi. Havo yetishmaydigan sharoitda temir oksidi zakis (to‘liq oksidlanmagan) formasiga qadarli tiklanadi va FеСО3, Fе(НСО3)2, FеSО4 ning eriydigan birikmalari yuzaga keladi. Temirning eritmadagi juda tez eriydigan birikmalari o‘simliklarga salbiy ta’sir qiladi. Temir o‘simlik hayotida katta ahamiyatga ega va uning ishtirokisiz fotosintez susayib, xlorofill hosil bo‘lmaydi. Neytral va ishqorli tuproqlardagi yaxshi oksidlanib turadigan sharoitda o‘simliklarda temir yetishmasligi seziladi va xloroz bilan kasallanadi. Tuproqdagi temir birikmalari o‘zgaruvchan bo‘lib, Fе2О3 ning umumiy miqdori qumli tuproqlarda 0,5-1,0 foizgacha, lyoss tuproqlarda 3-5, tropik o‘lkalardagi lateritlarda 20-50 foizgacha o‘zgarib turadi. Ba’zi tuproqlarda temir konkretsiyalari (ortshteyn) va uning alohida qatlamchalari tez-tez uchrab turadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |