Agrobank: investitsiya loyihalarini moliyalashtirishda faol ish olib bormoqda.
2020- yilning 7 dekabr kuni O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti Administratsiyasi huzuridagi Axborot va ommaviy kommunikatsiyalar agentligida “Agrobank” ATB tomonidan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish hamda xorijiy kredit liniyalarni jalb etish borasida amalga oshirilayotgan ishlar” mavzusida ommaviy axborot vositalari vakillari va bankning rahbar, xodimlari ishtirokida matbuot anjumani bo‘lib o‘tdi.
Hech kimga sir emaski, davlatimiz rahbari hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish maqsadida mamlakatimiz bo‘ylab amalga oshirayotgan tashriflari davomida ham har bir hududga investitsiyalar kiritish hamda xalqaro kredit liniyalarni jalb etish, eng muhimi, faol investitsion siyosat yuritishning o‘rni juda muhim ekanligini ko‘p bora ta’kidlab kelmoqdalar.
Respublikamizda hududlarni ijtimoiy-iqtisodiy rivojlantirish, shuningdek, tadbirkorlik sub’ektlariga qulay investitsion muhit yaratish va istiqbolli biznes loyihalarni moliyaviy qo‘llab-quvvatlashda tijorat banklari tomonidan ham faol ishlar olib borilmoqda.
Mamlakatimiz moliya-bank tizimida o‘z o‘rniga ega bo‘lgan “Agrobank” aksiyadorlik tijorat banki ham bank mijozlarini, shuningdek, kichik biznes sub’ektlari hamda fermer xo‘jaliklarining samaradorligi yuqori bo‘lgan investitsiya loyihalarini moliyalashtirish, xorijiy moliya institutlari mablag‘larini jalb qilish orqali ishlab chiqarishni kengaytirishga katta e’tibor qaratilyapti.
Xususan, 2020 yilning o‘tgan davri mobaynida bank tomonidan respublikamiz hududlaridagi tadbirkorlik sub’ektlarining istiqbolli loyihalarini moliyalashtirish uchun jami 5,5 trillion so‘m miqdorida investitsiya kreditlari ajratildi.
Ushbu kredit mablag‘larning 25 foizi sanoatga, 22,1 foizi qishloq xo‘jaligiga, 24,8 foizi ijtimoiy ta’minot hamda iqtisodiyot tarmoqlarining moddiy-texnik bazasini mustahkamlash va boshqa sohalarga hamda 28,1 foizi qurilish, transport- kommunikatsiya va boshqa tarmoqlarni qo‘llab-quvvatlashga yo‘naltirildi.
Bugungi kunda investitsiya maqsadlari uchun yo‘natirilgan kredit qo‘yilmasining qoldig‘i 11,6 trillion so‘mni tashkil qilmoqda.
Shu o‘rinda, joriy yil davomida bank tomonidan amalga oshirilgan yirik investitsiya loyihalarining misol tariqasida ba’zilar to‘g‘risida ma’lumot berib o‘tsak.
Jumladan, farmatsevtika yo‘nalishida: Andijon viloyatidagi “EMERY PHARMA” MChJning qiymati 8,5 million AQSh dollarlik, yiliga 3,2 million AQSh dollari miqdoridagi 180,0 million dona shprits va 57 million dona infuzion farmatsevtik mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan loyihasiga 5,7 million AQSh dollari miqdorida kredit ajratildi. Loyiha 2021 yilda ishga tushgandan so‘ng 65 ta yangi ish o‘rni yaratiladi va ishlab chiqarilgan mahsulotlarning 30 foizi yoki 1 million AQSh dollari MDH davlatlariga eksport qilinadi;
Poliz ekinlari va sabzavotlar yetishtirish yo‘nalishida: Xorazm viloyatidagi “GURLAN EXPORT” MChJning qiymati 142,8 milliard so‘mlik, yiliga 14,5 million AQSh dollari miqdoridagi 3200 tonna qishloq xo‘jaligi mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan loyihasiga 10,2 million AQSh dollari miqdorida kredit ajratildi. Loyiha 2021 yilda to‘liq ishga tushgandan so‘ng 100 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi va ishlab chiqarilgan mahsulotlarning 70 foizi yoki 10,2 million AQSh dollari eksport qilinadi;
Kalava-ip va to‘qimachilik, tikuv-trikotaj sanoati yo‘nalishida: Sirdaryo viloyatidagi “GULISTAN GOLD YARN” MChJning qiymati 41,1 million AQSh dollarlik, yiliga 26,1 million AQSh dollari miqdoridagi 11,7 ming tonna kalava ip mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan loyihasiga 32,7 million AQSh dollari miqdorida kredit ajratildi. Loyiha 2021 yilda to‘liq ishga tushgandan so‘ng 400 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi va ishlab chiqarilgan mahsulotlarning 80 foizi yoki 20,9 million AQSh dollari eksport qilinadi;
Shuningdek, Andijon viloyatidagi “SAYYORA FAVVORASI” XKning qiymati 12,6 million AQSh dollarlik, yiliga 7200 tonna yoki 14,4 million AQSh dollari miqdorida kalava ip ishlab chiqarishga qaratilgan loyihasiga 8,7 million AQSh dollari miqdorida kredit ajratildi. Loyiha 2021 yilda ishga tushgandan so‘ng 400 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi va ishlab chiqarilgan mahsulotlarning 90 foizi yoki 13,0 million AQSh dollari eksport qilinadi.
Surxondaryo viloyatidagi “Termez Neyshonal Karpets” MChJning qiymati 19,0 million AQSh dollarlik, yiliga 34,1 million AQSh dollarlik 4,5 million metr kvadrat gilam mahsulotlari ishlab chiqarishga mo‘ljallangan loyihasiga 15,5 million AQSh dollari miqdorida kredit ajratiladi. Loyiha ishga tushgandan so‘ng 250 ta yangi ish o‘rinlari yaratiladi va ishlab chiqarilgan mahsulotlarning 45 foizi yoki 15,3 million AQSh dollari qo‘shni davlatlariga eksport qilinadi.
Ma’lumki, Prezidentimiz tomonidan olib borilayotgan faol investitsion siyosat hamda investitsiyaviy muhitni yaxshilashga qaratilgan chora-tadbirlar natijasida tadbirkorlik sub’ektlarining tashabbuskorligi ortib, yangi taklif qilinayotgan loyihalarni amalga oshirilishida tijorat banklarining kreditlariga bo‘lgan talab ham ortib bormoqda.
Bu esa tijorat banklarining resurs bazasini mustahkamlash hamda doimiy ravishda xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklarning kredit liniya mablag‘larini jalb etish zaruriyatini yuzaga keltirmoqda.
Shundan kelib chiqib, bugungi kunda Agrobank tomonidan xalqaro moliya istitutlari va xorijiy banklar bilan hamkorlik aloqalarini yanada kengaytirish va kredit liniya mablag‘larini jalb etish borasida keng ko‘lamli ishlar olib borilmoqda.
Hozirgi kunda Agrobank 26 tadan ortiq xalqaro moliya institutlari va xorijiy banklar o‘zaro manfaatli hamkorlikni yo‘lga qo‘ygan.
Xususan, Germaniyaning “Kommersbank”i (Commerz Bank AG) “Yunikredit banki” (UniCredit Bank AG), “DZ banki” (DZ Bank AG) va “Landesbank”lari (LandesBank Berlin AG), Avstriyaning “Rayfayzen bank”i (Raiffeisen Bank International), Janubiy Koreyaning “KEB Xana bank”i (KEB Hana Bank) hamda Rossiyaning 5 ta (Sberbank, Aziya-invest bank, VTB bank, Promsvyazbank va Transkapital bank) yirik banklari bilan o‘zaro aloqalar o‘rnatilgan.
Xorijiy kredit liniyalarni jalb qilish bo‘yicha Agrobankning ko‘rsatkichlari ham yildan yilga oshib bormoqda. Agrbank tomonidan 2018 yilda jami 30 million AQSh dollari miqdorida kredit liniya mablag‘lari jalb qilingan bo‘lsa, 2019 yilda ushbu ko‘rsatkich 100 million AQSh dollarini tashkil etgan.
Joriy yilning 11 oyi davomida 212,3 million AQSh dollari miqdorida mablag‘lar jalb qilindi va ushbu mablag‘lar hisobidan 160 tadan ortiq investitsiya loyihalarini moliyalashtirishga yo‘naltirildi.
Jumladan, Shveysariyaning Kredit Sius bankidan 59,2 million AQSh dollari, Xitoy davlat taraqqiyot bankidan 40 million AQSh dollari, Rossiyaning Promsvyazbank va Sovkombanklaridan 36,1 million AQSh dollar, Turkiyaning Ziraat bankidan 20 million AQSh dollari, Germaniyaning Landesbank Baden-Vutembergdan 19,9 million AQSh dollari, Landesbank Berliner Shparkassedan 10,1 million AQSh dollari, Kommersbankdan 2,7 million AQSh dollari miqdorida mablag‘lar jalb qilindi.
Shuningdek, bank tomonidan Savdoni moliyalashtirish halqaro Islom korporatsiyasidan 10 million AQSh dollari miqdorida savdoni moliyalashtirish kredit liniyalari jalb qilish bo‘yicha shartnoma imzolandi.
Xulosa o‘rnida ta’kidlash o‘rinliki, bugungi kunda Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimizda amalga oshirilayotgan ulkan bunyodkorlik ishlari va hududlarni kompleks rivojlantirish hamda xalqaro investitsiyalarni keng jalb etishga qaratilayotgan e’tibor, avvalo, aholi uchun qulay shart-sharoitlar yaratish bilan bir qatorda xalqimizning turmush farovonligini yaxshilashdan iboratdir.
Ana shu olib borilayotgan islohotlar va jarayonlarda Agrobank jamoasi ham yurtimiz iqtisodiyotini yanada taraqqiy ettirish, aholini tadbirkorlikka jalb etish va ularning biznes loyihalarini moliyaviy qo‘llab-quvvatlash, shuningdek, aholi va mijozlar uchun qulay bo‘lgan innovatsion, interfaol va elektron bank xizmatlarini yanada rivojlantirish yo‘lida o‘zining munosib hissasini qo‘shaveradi.
Do'stlaringiz bilan baham: |