Sharqiy ibodatxona[tahrir | manbasini tahrirlash]
Shahar markazida joylashgan ibodatxona kompleksi yonma-yon turgan va fasadlari janub tomonga qaragan ikki alohida binodan iborat boʻlgan. Sharqiy ibodatxona - keng xovliga chiquvchi katta toʻgʻri burchak shakliga ega boʻlgan janubida ikki ustunli ayvonli zal shaklida boʻlgan. U oldin mavjud boʻlgan bino xarobalarini yopib turgan baland gʻishtin platforma ustida joylashgan. Ayvon pastroqda joylashgan. Undan ham pastroqda xovliga kiraverishda janubga tomon pasayib boruvchi koʻndalang terassalardan iborat boʻlgan xovlining ustki qismi joylashgan. Ibodatxona milodiy III-IV asrlardan to VII asrgacha faoliyat koʻrsatgan, shu bilan birga u bir necha bor qayta qurilgan. Kamida besh marotaba yirik qayta qurishlar boʻlib oʻtgan. Biroq bir qatordagi ibodatxona, ayvon va xovlining umumiy rejasi oʻzgarmay qolgan. Ibodaxona (13,2x7,5 m) devorlarida gumbazsimon qubbali oʻyiqli tokchalar mavjud boʻlgan. Ustunlar ganchli qoplamaning qalin qatlamini yopib turgan boʻlib, ular tiniq qizil rangda boʻlgan. Devorlar va tokchalarda rang-barang yozuvlar boʻlgan, afsuski, ulardan deyarli xech narsa saqlanib qolmagan. Tokchadagi yozuvlardan xulosa qilib aytadigan boʻlsak, ular ichki bezakli ornamental xususiyatga ega boʻlgan. Devorlardagi yozuvlar esa lavhali shaklda boʻlgan. Boʻyoq qadimgi rassom tomonidan mayin alebaster suvogʻi ustidan oʻtkazilgan, baʼzi joylarda esa boʻyoq loy suvoq ustidan mohirlik bilan surilgan. Ibodaxona janubidagi peshayvonning hajmi 18,5x7,0 metr boʻlgan. Uning devorlari boʻylab qator-qator sufalar joylashgan. Ayvonning shimoliy devori qadamjoga kirishning uyachalari har ikki tomondan har birida kichik ustunli yirik tokchalarga ega boʻlgan. Tokchalar va ustunlar qizil rangga boʻyalgan, ayvonning devorlari yarim xromli yozuv bilan yozib chiqilgan, u ham deyarli saqlanmagan. Ayvonning tomi, extimol ikki qatordan qilib qoʻyilgan sakkiz ustunga tayangan.
Ayvonning shimoli - gʻarbiy burchagida marosim gulxanlari yoqiladigan toʻsiq bilan toʻsilgan - gʻarbiy maydonga chiqadigan yoʻlakcha joylashgan. Chamasi u erda ibodatxonaning boshqa erlarida yoqilgan gulxanlarning kuli saqlangan. Har bir yoqishdan soʻng kul albatta bir qator qurbonliklardan soʻng, loy va tuproq bilan yopib tashlangan. Gʻarbiy maydonda toʻplangan kulning qalinligi ikki metrga etadi. U tuproq bilan qoplangan yupsa kul qatlamlardan iborat boʻlgan. Eng pastki gulxan butun maydonning ustki qismida kuzatildi. Uning markazida qalinligi loyli qatlam bilan 0,5 metrga teng. Unda tuproq va kul aralashtirilgan katta siniq xum topilgan. Kulning oldida jangchining qalqonidan qolgan koʻplab boʻlaklar topilgan, ular bilan bir qatorda kamon oʻqlarining uchlari va taqinchoqlar ham topilgan. Bu topilmalar orasidan toʻgʻri burchakli himoya minorasi va tuproq qoʻrgʻonning ikki qalʼa qismi va minoradagi nayzasimon tuynuk tasviri tushirilgan oltin nishona ajralib turadi. Kulning yuqori qatlamida qurbonlik qilingan hayvon suyaklari va siniq idishlar bilan birga yorugʻlik taratuvchi koʻplab asboblar topilgan.
Ibodatxona hovlisini qazish ishlari koʻrsatganidek, u qoʻshimcha binolar bilan oʻrab olingan edi. Mazkur binolar loy bilan toʻldirilgan maydondan koʻtarilib turgan maydoncha ustida barpo etilgan.
Sharqiy ibodatxonani qazish ishlari shuni koʻrsatadiki, u uzoq vaqt davomida oʻzgarishsiz faoliyat koʻrsatgan. ibodatxona poli va ayvonida taʼmirlash ishlari olib borilganligi natijasida suvoqning qalin qatlami vujudga kelgan. Ehtimol milodiy IV asrda ibodatxona qayta qurilgan boʻlishi mumkin. Ibodaxonada xudoning haykali turgan kirish qismining qarshisida turgan katta markaziy peshayvondan tashqari koʻplab boshqa peshayvonlar ham qurilgan. Sufalarda tashqi devorlarni mustahkamlovchi devorlar qurilgan. Ayvondagi polning sathi ibodatxona poli sathigacha koʻtarilgan. Ayvon ichida bir qatorda turli tipdagi ustunlar saqlanib qolgan. Asosning ikkinchi qatori janubiy qismda boʻlib, ular saqlanmagan. Ayvonda ibodatxonadan farqli oʻlaroq ustunlar asosi yogʻochdan boʻlgan. Ayvonda ham tokchalar qoʻyib chiqilgan. Tez orada uchunchi qayta qurish ham roʻy bergan. Bu jarayonda markaziy tokcha oxirigacha qad rostlagan va keng pogʻonali postament sufa qurilgan boʻlib, unda ilohning haykali mavjud boʻlgan, degan taxmin qilinmoqda.
Ibodatxonaning binosi qoʻshimcha ikki devor bilan uch alohida qismga boʻlingan; markaziy kirish qarshisida sanam turgan, oʻrta hajmdagi ibodatxona, yon tomonda esa xizmatkorlar uchun ikki tor bino mavjud boʻlgan. Ibodatxona polining sathi 70 santimetrga koʻtarilgan. Uchinchi qurilish jarayonida polning sathi ayvonda ilgarigidek saqlangan. Devor oldidagi sufalarning shakli oʻzgargan. III davr ohirida gʻarbiy maydondagi kulxona gʻisht va loy bilan yopib tashlangan va uning ustida IV-V qurilish davrida faoliyat koʻrsatgan qoʻshimcha binolar qurildi. Nisbatan yahshiroq saqlanib qolgan shimoli-sharqdagi kvadrat shaklidagi bino ichidagi xonadan turli xildagi sopol idishlar va bronza ashyolari topib olindi va ular ibodatxona faoliyatining oxirgi davri boʻlmish VI asrga tegishli ekanligi aniqlandi.
IV-V qurilish davridagi binolarni qayta qurish unchalik ahamiyatli emas edi va faqatgina ibodatxona bilan cheklanib qolgan, ayvon va hovli qismlari deyarli qayta qurilmagan.
Yuqorida qayd etilganidek, I-II davrga tegishli boʻlgan gʻarbiy maydon kuldonlaridagi keramikani oʻrganish natijasida uni III-IV asrlarga tegishli, deyishga asos bor. Uning faoliyati soʻnggi davri toʻgʻrisida Soʻgʻdning yangi davrdagi podshosi shishpira tangasi guvohlik beradi. ushbu tanga V davr qurilishi poli tepasidan topib olindi.
Bu erda bir vaqtlar juda boy boʻlgan tasviriy sanʼat yodgorligidan, shuningdek, Yerqoʻrgʻoʻnning sharqona ibodatxonasidan deyarli hech narsa qolmagan. I qurilish davri yozuvlari II davrgacha boʻlgan uzoq faoliyat davomida deyarli koʻchib tushgan. Ayniqsa, II davr uchun ustun boʻlib xizmat qilgan devorlar buzilgach, I davr devorlari yuzasida boʻyoq dogʻlarigina qolgan edi. Biroq II davr tokchalaridagi yozuvlar yaxshi saqlangan. Ushbu tokchalar oq fonda chizilgan panjara tarzidagi rasmlar bilan bezalgan ornament shaklida jangchini tasvirlovchi fragmentlardan iboratligini namoyish etib turibdi. pastdan panjara tarzidagi bezaklar yarim aylanalar bilan oʻrab olingan. Asrab qolingan eng yirik fragment markaziy tokchaning yon devorchasidan topib olindi. Unda oq nimbalardan iz qolgan tabiiy kattalikdagi anfas tasviri koʻrinib turadi. Tasvir kengroq boʻlgan qora ramka bilan oʻrab olingan, xuddi shunga oʻxshash chiziqning boʻlaklari rasm boʻlagidan pastroqda ham kuzatiladi. Gʻarbiy ustunning asosida ham uslubiy jihatdan farqlanib turuvchi tasvirlar tushirilgan, taxminlarga koʻra ular biroz kechroq chizilgan. Ular asosdan 1 m balandlikda joylashgan boʻlib, ustun asosini oʻrab turuvchi bir qancha ramziy belgilardan iborat boʻlgan: afsonaviy 2 boshli qush va olov mehrobining mayin qora konturli chiziqlari yordamida qizil fonda ritmik ravishda takrorlanib turuvchi tasviri mavjud. Ibodatxonaning markazga yoʻnalib turgan tomonida qizil fonda oq rang bilan chizilgan ikki insonning surati tushirilgan. Ehtimol ular madhiya aytayotgan paytda chizilgan kohinlarning tasviri boʻlishi mumkin. Ulardan birining qoʻlida tirnavli aylana predmet, ikkinchisining qoʻlida - uzuk va boshqa ayrim predmetlar bor.
Ibodatxonaga bagʻishlab qurilgan ilohning haykali u erda oʻziga xos oʻrin egallagan. Haykallar soni toʻrtta boʻlgan shekilli, har bir qayta qurishdan soʻng eski sanamning haykali sindirilib, uning boʻlaklari devor va pollar orasiga va ostiga tashlangan, uning oʻrniga boshqa haykal oʻrnatilgan. Bu erda hatto oxirgi davrda ham gʻishtdan qilingan, tepadan oq chang suvoq bilan surkalgan toʻgʻri burchakli mehrob bino qilingan. Ushbu mehrob tozalanganda ham uning yuqori qismi toza kul qatlami bilan qoplanganligi maʼlum boʻldi. Mehrob ostidan yogʻoch karkasda qilingan va boʻyalgan loy haykal qoldiqlari topildi. Mazkur qoldiqlarni oʻrganish natijasida shunday xulosaga kelish mumkinki, ular uzun va eni tor koʻylakda boʻlgan iloh haykalining parchalari boʻlgan. Xaykalning faqatgina orqa tomoni saqlanib qolgan. U IV davr qayta qurishdan soʻng peshtoqda turgan. Undan oldin boʻlgan haykalcha sindirilib, pol ostiga tashlangan boʻlishi ehtimoldan xoli emas. Haykalcha bosh boʻlagining kattagina qismi topilgan boʻlib, yuzi - yorqin boʻyalgan, peshonasida va iyagida qizil va oq aylanachalardan bezaklar chizilgan. Ibodatxonada, shuningdek, II davr haykaltaroshligi qoldiqlari ham topildi.
Sharqiy ibodatxona qazilmalarida topilgan topilmalar orasida Yerqoʻrgʻon qadimgi aholisining gʻoyaviy qarashlari bilan bevosita bogʻliq boʻlgan va ibodat uchun ishlatilgan buyumlar alohida ahamiyatga ega. III davrga oid markaziy tokchaning tosm sagʻanasida I va II davrlarda ham ishlatilgan buyumlarning kichik xazinasi koʻmilgan. Shuningdek, aqiqdan yasalgan iloh va qurbaqaning mitti haykallari kiradi. IV davrga oid pol ostidan anchagina temir buyumlar, oltindan yasalgan osma barg koʻrinishidagi zargarlik buyumlari va bandli kichkina bronza oyna bilan birga yumshoq och rangli qorishmadan quyilgan ilon shakli topilgan. Zardushtiylarning muqaddas hayvoni - tipratikan bilan birga avesto boʻyicha yovuzlik homiysi axuramazdaning mavjudotlari boʻlmish ilon va qurbaqaning shakli joylashgan topilmalar majmuasi Yerqoʻrgʻon aholisining oʻziga hos mafkurasidan darak beradi.
Ikkinchisi, markaziy yoki gʻarbiy ibodatxona deb ataluvchi inshootning pastki qismi 50X50m, tepaligi 7 metrli toʻrtburchak shakldan iborat boʻlib, janubiy tarafdan kirishda chuqur oʻyiq joy boʻlgan. Bu bino ham koʻp marta qayta qurilgan. Muhimi shundaki, bu bino sharqiy bino bilan bir vaqtda qurilgan boʻlib, ular birgalikda yagona meʼmoriy majmuani tashkil qilgan (panjikentdagi kabi). Lekin oʻz meʼmoriy rejasi boʻyicha u sharqiy ibodatxonadan butunlay farq qiladi.
Ibodatxona majmuasining markaziy yoki gʻarbiy qismi (I qazilma, markaziy tepalik) keyinroq qurilgan. Tashqi jixatdan ehromsimon koʻrinishga ega boʻlgan toʻrtburchak devorlar massivi etisar madaniyatiga mansub boʻlgan koʻmish inshooti xususiyatlarini kattalashtirilgan xolatda namoyon etadi. Ushbu bino faqatgina tashqi tomondan oʻrganligan boʻlib, hali uning funktsional vazifalari toʻliq oʻrganilmagan. Massivning shimoli-sharqiy tomondagi devorlari tashqi devorlar burchagidan topildi. Bu erda tik yoʻnaltirilgan fasadga ega boʻlgan toʻrburchaksimon yirik ibodatxona mavjud boʻlib, u koʻrinishidan yanada qadimiyroqdir. bu inshoot oʻz koʻrinishi va hajmi bilan oks va surx-kotol ibodatxonalariga oʻxshab ketadi. Uning yoshi sharqiy tepalikning I, II qurilish davrlariga borib taqaladi. U ham olov saqlanadigan joy vazifasini bajargan boʻlishi mumkin.
Qoʻsh ibodatxonalar qurish anʼanasiga toʻxtaladigan boʻlsak, bu narsa eronda salavkiylar va parfiyaliklar davrida va keyinchalik, Soʻgʻdda ham maʼlum boʻlgan. Yerqoʻrgʻon qasri binosi ichki shaharning shimoliy qismida ibodatxonalar majmuasi orqasida joylashgan. Oldingi qismi ibodatxona majmuasi kabi janubga qaratilgan mazkur yirik inshoot avvalroq hukmdor saroyi sifatida eʼtirof etilgan. Bu bino tikkasiga ikki qismli boʻlgan va 1 gektarga yaqin maydonni egallagan. Pastdan 12 metr balandlikda boʻlgan yuqori maydon keng yoʻnalishga moʻljallangan. Janubiy tarafdan unga 4-5 metr pastda pastki maydon joylashgan. Chuqur pastlikni inobatga olgan holda qasrga kirish yoʻli janubiy tarafning markazida joylashgan.
Qasr yuqori maydonchasi shurfi shuni koʻrsatadiki, u toʻrtburchak shakldagi xom gʻishtdan iborat mustaxkam platforma asosida qurilgan. Platformaga nisbatan 5 metr baland boʻlgan, ilgari qurilgan devorlar suvab tashlangan.