Suqrot, uning davri va adabiy-estetik qarashlari. Adabiyot va san’at nazariyasiga doir sof ilmiy – falsafiy fikrlarni Suqrot suhbatlarida, Aflotunning «Bazm», «Suqrot apologiyasi», «Ion», «Protagor», «Fedon» va boshqa asarlarida uchratamiz. Antik davr yunon estetik tafakkurining eng teran tadqiqotchilaridan biri A.F.Losev «Antik estetika tarixi. Sofistlar. Suqrot. Aflotun» kitobida Perikl zamonida hukmron bo‘lgan falsafada insoniyat hayoti, asosan, fojealardan iboratligi, qudratli taqdir hukmidan hech bir mavjudot qochib qutila olmaydi, degan insonning mustaqil aqliy faoliyatini, estetik faoliyatini, cheksiz hayot go‘zalligi, ulug‘vorligi, fojeiyligini, quvonchli, xatto kulgili ekanligini, inson tafakkuri va hayotining cheksiz ko‘rinishlari insondan mustaqil yashovchi ma’nolarga, g‘oyalarga, mohiyatlarga boy ekanligini birinchilar qatorida Suqrot kashf etganligini manbalarni tahlil qilish asosida chuqur tushuntirib beradi.
Poeziya va musiqa san’atini geometriya, sonlar nazariyasi qonunlari bilan tushuntirgan buyuk donishmand Pifagor, aksincha, aniq fanlarni ilohiy ruhning oliy ne’mati, deb bilar edi. Pifagor yozganligi aniq bo‘lgan asarlar “Tarbiya haqida”, “Davlat haqida”, “Tabiat haqida” kitoblaridir41. Lekin, ba’zi olimlarning aniqlashicha, u juda ko‘p va turli-tuman mavzularda asarlar yozgan. Shogirdlarining yozishicha, shu sababli Pifagor avvalgi zamonlarda ham goh inson, goh o‘simlik, goh hayvon bo‘lib yashaganligini eslar ekan.
Ulamolar Pifagorni deyarli barcha fanlarning kashfiyotchisi deb ta’riflaydilar. Pontiyali Geraklid fikricha, Pifagor she’riyat haqida “Yaxlitlik, uyg‘unlik” nomli she’riy kitobni, “Muqaddas so‘z” nomli bashoratlar kitobini, yana “Ruh haqida” (Aflotun va Arastu ham Ruh haqidagi asarlarida buni eslatgan - M.M.), “Halollik haqida”, yana “Kosli Epixarmning otasi Elofal”, “Kroton” (Donishmand) va boshqa asarlarni yozgan42. Pifagor saboqlarining shon-shuhrati shu qadar yuksak ediki, uning shogirdlarini ko‘rgan odamlar o‘zini baxtli his qilar edilar.
Pifagorning izdoshlari orasida Filolay, Empedokl, Aflotun, Epixarm, Arxit (Aflotun akademiyasining etakchilaridan), Krotonli Alkmeon (tibbiyot ilmi daholaridan, Luqmon), Misrda astronomiya va geometriya fanlarini o‘rganib, shuhrat qozongan Evdoks (Aflotunning raqibi) mashhur edi. Keyingi ulamolar qadimgi donishmandlardan har biri bir yoki bir necha ilmlarni chuqur o‘rganib, o‘z sohasini rivojlantirganlarida, Pifagor birinchilar qatorida barcha fanlar va sohalarning o‘zaro aloqadorligini, bir-biri bilan bog‘liqligini chuqur o‘rganib, barcha fanlar uchun umumiy bo‘lgan qonuniyatlarni kashf etgani uchun shuhrati etti iqlimga tarqalgan.
Pifagorchilarning avvalgi avlodi musiqa va she’riyat san’atida miqdor, sonlar yoki takror va oraliqlarning tartibi, garmoniyasi, mutanosibligi muhim qonuniyat ekanligini kashf etganlar43. Pifagor fikricha, eng oliy go‘zallik, eng oliy musiqa, eng oliy uyg‘unlik samoviy olam mavjudotlarining ilohiy tartibi, abadiy bir maromdagi va bir yo‘l (traektoriya, doira)dagi harakati, barcha yulduzlar, sayyoralar, yoritqichlarning bir-biriga qarshilik qilmay, butun olam garmoniyasini tashkil etishlaridir.
Do'stlaringiz bilan baham: |