MUHOKAMA VA NATIJALAR
Har ikki chistonda ham anor donalari qizilligini qonga o’xshatish bilan mazlum xalq obrazi gavdalantirilgan. Uvaysiy anor timsoli orqali mazluma xotin-qizlarni tutqunlikda saqlagan feodal muhit illatlarini fosh etadi. Navoiy ko’proq anorning latofati, shifobaxshligini go’zal tashbehlar orqali ochib bergan bo’lsa, Uvaysiy o’sha davrda ochiq aytib bo’lmaydigan fikrlarini shu birgina anor timsoli orqali ochib bergan. Uvaysiy o'z chistonlarining mazmuni va maqsadini real hayot bilan bog’laydi. Undan ijtimoiy muhit ruhini yurak sirlarini, nozik tuyg’ularini ochib beruvchi badiiy vosita sifatida foydalanadi. Chistonlarda ham badiiy san’atlar namoyon bo’ladi. Tashbeh, tajohili orifona, ruju’ kabi badiiy san’atlar chistonning mohiyatini anglashga yordam beradi. Jumladan, Navoiyning “Qaychi” nomli chistonida qaychi qushga qiyoslanib, tashbeh san’ati hosil bo’lgan. “Minqor” tumshuq bo’lib,qaychining uchlari shakliy o’xshashlik asosida qushning qanotlariga, qushning oyoqlari qaychining kishi tomonidan tutiladigan qismini anglatadi.
Ne qush erkin alarkim birardurur qanoti,
Qanotining uchida har birisiga minqor
Biror ayog’lari ham bor-u turfaroq bukim,
Ayog’ uchidan biror ko’z ham ettilar izhor
Navoiy ushbu chistoni orqali qaychining butun shakl-u shamoyilini, vazifasini tashbehlar orqali ochib beradi.
Uvaysiyning “Qaychi” chistonida ham tashbeh san’ati qo’llanib, qaychining ikki oyog’i ikki do’st timsolida keltirilgan.
Ikki mahbubni ko’rdim, ikkisin kindigi bir,
Ikkisin orasiga tushsang, topadursan kasir
“Kun-tun” chistonida ham istiyora vositasida o’xshatilayotgan qism ikki mahbubaga qiyoslanadi.
Ikki mahbubeni ko’rdim, bir-birisin ko’rmagan
Ikkisining o’rtasiga do’stlar, qil ham sig’magan.
Ikki do’stki, bir birisin ko’rmagan. Ammo ularning orasidan qil ham o’tmaydi. Shoira o’z fikrlarini obrazli tarzda mantiqli ifodalaydi. Ikki mahbuba timsoliga istiyora san’ati misolida keng ma’no yuklaydi.
Chiston ko’pincha fard, qit’a, g’azal, ruboiy ko’rinishida yoziladi. Chistonga janr sifatida qarash vazn, qofiya, hajm nuqtai nazaridan kuzatsak, to’g’ri kelmaydi. Lekin Navoiyning chistonlari hajmi katta, ya’ni, asosan qit’a shaklida yaratilgani uchun ma’lum vaznda yaratilgan deyishimiz mumkin. Masalan,
Ne mijmardir to’la axgar vale ul mijmar andomi
Erur sun’ilgidin gohe musaddas, goh musamman ham
Anor chistonidan olingan ushbu baytning aruzga oid tahlilini kuzatadigan bo’lsak, to’rt rukndan iboratligi, taqte’sidan uning hazaj bahrida ekanini anglaymiz. Demak, Navoiyning “Anor” chistoni Hazaji musammani solim vaznida yaratilgan.
XULOSA
Chiston har bir shoirning oddiy narsalardan badiiy obrazlar yarata olish mahoratini ko’rsatadi. Navoiy va Uvaysiy ijodida chistonning yuksak mohiyatga ega ekanini kuzatdik. Navoiyni chistonning poydevorini barpo etgan buyuk san’atkor, Uvaysiyni esa Navoiydan keyingi mohir chistonnavis, chistonning eng ko’p va beqiyos namunalarini yaratgan ijodkorlar desak, mubolag’a bo’lmaydi.
REFERENSES
1. A.Hayitmetov. “Navoiy lirikasi”.Toshkent,1961.
2. Y. Is’hoqov. “Navoiy poetikasi”. Toshkent.1983.
4. A.Navoiy. “Xazoyin ul-maoniy”
5. Uvaysiy. “Devon”
4. R.Orzibekov.”Lirikada kichik janrlar”. Toshkent,G’.Gulom nashriyoti. 1976.
Do'stlaringiz bilan baham: |