Yurt qaygʻusi (Bir oʻzbek yigitning tilindan)
Yotsam tushimda, uyg‘onsam yonimda, ko‘z yumsam miyamda, ko‘z ochsam qarshimda mungli bir xayol kelib turadur! Bu bir Xotun xayoli… Bir Xotunki, egnida ipakli, lekin yirtiq va eski bir ko‘ylakdan boshqa bir kiyim yo‘q. Bosh-oyoqlari yalang‘och, tirsaklarigacha qop-qora loyqadan botgan, baqirurg‘a tovushi, qutilurg‘a kuchi qolmag‘an!..
Qarayman: kimsasizlik yukindan orig‘langan tanda zolimona urulg‘on qamchilarning yarasi bor. Ko‘raman: johilona qilingan emlardan nosulg‘a qaytg‘an yaralarindan qonlar oqib turadur!..
Ey, mungli Xotun, sen kimsan?
Ey, g‘amli Ona, nechuk mundan ayrilmaysan?
Yonimda, ko‘zimda, miyamda, yuragimda nima axtarasan, nechuk ketmaysan?
Qayg‘u tutunlari ichra yog‘dusiz qolg‘an ko‘zlaring yosh yomg‘urlari nechuk to‘kadur? Zulm zanjirlari bilan bog‘langan qo‘llaring nechuk har yonga uzatiladur, nima tilaysan?..
Oh… Bildim… Bildim… Angladim!
Sen mening Vatanimsan, Vatanimning mungli xayolisan.
Ey, muqaddas Turonimning xayoli, ketmay tur, ayrilma.
Yonimda, ko‘zlarimda, yuragimda, vijdonimda qol, ketma.
Yurtim, Turonim, sendan ayrilmoq, mening o‘limim.
Sening uchun o‘lmoq — mening tirikligimdur.
Panohim, sajdagohim, umidim!
Yovlaring seni shu kungami soldilar?
Tilagim, istagim, saodatim!
Bolalaring seni shu holdami qo‘ydilar?
Suyunchim, ovunchog‘im, o‘chog‘im!
Zolimlar seni kimsasizmi ko‘rdilar?
Yo‘q, sen kimsasiz emassan. Mana men, borlig‘im bilan senga ko‘mak qilurg‘a hozir. Mana men chin ko‘ngil bilan sening yo‘lingda o‘lurg‘a rozi.
Qof tog‘lari yo‘limda tushsa,
Tamug‘ olovlari qarshimda chiqsa, yana sen sari ketarman.
Ustimga insonlar emas, shaytonlar qo‘shini kelsa,
Oyog‘imga zanjirlar emas, jahannam ilonlari sorilsa,
Yana sen sari choparman.
Dunyoning butun baloari boshimga to‘kulsa,
Zulm cho‘lining temir tikonlari ko‘zlarimg‘a kirsa, yana seni qutqararman.
Men sening uchun tirildim,
Sening uchun yasharman,
Sening uchun o‘lurman.
Ey, turklikning muqaddas o‘chog‘i!
O‘lim sening o‘limingni istaganlarga,
Nafrat seni ko‘mgani kelganlarga![7][8]
U shu-yillarda „Mirrix yulduziga“, „Sharq“, „Shoir“ kabi sheʼrlarni yaratib, Turkistonni endi „qizil mustamlaka“ga aylantira boshlagan bolsheviklarga va ular barpo etayotgan tuzumga nafrat tuyg‘usini ifodaladi. Bundan tashqari Fitrat barmoq vaznida yozilgan mazkur sheʼrlari bilan xalq og‘zaki sheʼriyatining mulki bo‘lgan barmoqni isloh etib, Cho‘lpon bilan birga uni yozma adabiyotga olib kirdi va unga yangi hayot bag‘ishladi.
1922-yilda Fitrat tashabbusi bilan „O‘zbek yosh shoirlari“ sheʼriy to‘plami bosilib chiqdi. Bu to‘plamdan Fitrat asarlari bilan birga o‘sha davrda qizg‘in ijod qilgan Cho‘lpon, Botu va Elbekning sheʼrlari ham o‘rin olgan va xalq orasida katta qiziqish bilan o‘qilgan.
Nasr
Fitrat nasrda ham samarali ijod qilgan. XX asrning 10-yillarida sahna asari sifatida namoyish etilgan „Munozara“ Fitratning nasrdagi ilk asaridir. „Munozara“ ham „Sayyohi hindi“ ham Fitrat publitsistikasining yorqin namunalaridandir. Fitrat keyinchalik ham ijtimoiy, huquqiy, maʼnaviy hamda estetik qarashlarini ifodalashda publitsistikadan samarali foydalandi. Faqat 20-yillarning o‘rtalariga kelibgina u „sof“ nasriy asarlarni yarata boshladi („Qiyomat“, „Meʼroj“, „Oq mozor“, „Zayd va Zaynab“, „Zahroning imoni“ va boshqalar). „Munozara“ va „Sayyohi hindi“ asarlarida ko‘tarilgan milliy qoloqlik, diniy fanatizm mavzusi 20-yillar uchun ham dolzarb ahamiyatga ega edi. Fitrat bu hikoyalarida diniy syujetlardan din taʼsiriga qarshi kurashda foydalandi. Bu asarlar, ayniqsa, 1930-yilda qayta ishlangan „Qiyomat“ xayoliy hikoyasi o‘zbek adabiyotida fantastikaning tug‘ilishi va shakllanishida milliy manba bo‘lib xizmat qildi.
Do'stlaringiz bilan baham: |