biografik metodning to`la samara bilan ishlashi uchun
konkret ijodkor hayoti va
faoliyati haqidagi hujjatlarga ega bo`lish lozim. Afsuski, ko`plab ijodkorlarimiz
haqida ma'lumot beruvchi hujjatlar hali to`la yig`ilgan emas. Bu borada faqat
Hamza arxivi yuzasidan qilingan ishlar (bunda professor L.Qayumov xizmatlarini
alohida ta'kidlash lozim) bilangina maqtanish mumkin. Shuningdek, Oybek,
A.Qahhor singari ulkan adiblarimizning uy-muzeylarida faoliyat ko`rsatayotgan
ilmiy xodimlarning sa'y-harakati bilan ular haqidagi hujjatlar yig`ilgan,
tartiblangan. Bu manbalar mazkur adiblarning ijodiy merosini o`rganish, qayta
baholashda beqiyos ahamiyatga ega bo`ladi.
Bibliografiya
(Kitobiyot).
Adabiyotshunoslik
bibliografiyasi
adabiyotshunoslikning ilmiy-amaliy sohasi sanalib, adabiyotshunoslikka oid ilmiy
asarlar, maqolalar, shuningdek, badiiy asarlar ro`yxatini, bibliografik qo`llanma,
ko`rsatkichlar
tuzish
bilan
shug`ullanadi.
Yordamchi
soha
sifatida
adabiyotshunoslik bibliografiyasi ilmiy-tadqiqotlarning samarali bo`lishiga xizmat
qilish, badiiy adabiyotni targ`ib qilish kabi maqsadlarni ko`zlaydi. Bibliograflar
tomonidan tuzilgan bibliografik ko`rsatkich va qo`llanmalar
tadqiqotchilarga
katta amaliy yordam beradi.
Adabiyotshunoslikning boshqa fanlar bilan aloqasi. Bugungi kun kishisining
tafakkur darajasi, insoniyat tomonidan to`plangan bilimlar ko`lami benihoya
kengaygan. Qadimda fanlar o`zaro ajralmagan, xususan, adabiyotshunoslik ham
falsafa ichidagi bir hodisa edi. Kishilik jamiyatining taraqqiyoti, inson
tafakkurining rivoji davomida turli fanlar alohida mustaqil
fanlar sifatida ajralib
chiqdi. Biroq bu ajralishni tamomila mahdudlashish deb tushunmaslik lozim.
Chunki adabiyotshunoslik, fanning barcha mustaqil tarmoqlari singari, boshqa
fanlar bilan
aloqada
yashaydi,
rivojlanadi.
Bu xil
aloqa davomida
adabiyotshunoslik boshqa fanlardan nimalarnidir oladi, ularga nimalarnidir beradi.
Adabiyotshunoslikning boshqa fanlar bilan aloqasi haqida gapirganda, avvalo,
uning tilshunoslik bilan aloqasi xususida to`xtalish lozim.
Badiiy adabiyotning
materiali so`z, adabiy asar esa so`zlardan tarkib topuvchi matndir. Badiiy matn esa,
ravshanki, til qonuniyatlari asosida tarkib topadi. Til qonuniyatlarini bilishlik
matnning qurilishi, tagma'nolari, ishlatilgan stilistik figuralarning estetik qimmati
haqida fikr yuritishda juda muhim. Odatda badiiy matn tilini o`rganishga qaratilgan
ishlarni adabiyotshunoslik va tilshunoslik chegarasidagi ishlar deb qaraladi. Biroq
bunda biz chegarani aniq olishimiz kerak. Gap shundaki, adabiyotshunoslik
tilshunoslik yutuqlariga tayanib tasvir vositalarining estetik tomonlarini o`rgansa,
tilshunoslik til qonuniyatlarini o`rganishni o`ziga maqsad qiladi. Ya'ni, tilshunos
uchun badiiy matn material bo`lsa, adabiyotshunos uchun maqsad sanaladi.
Tilshunoslik bilan adabiyotshunoslik aloqalari yana bir jihatdan muhim.
Tilshunoslik kishilar orasidagi muloqot vositasi bo`lgan tilni o`rgansa,
adabiyotshunoslik ijodkor va o`quvchi orasidagi badiiy muloqot vositasi bo`lgan
badiiy
asarni
o`rganadi.
Muloqot
qonuniyatlarining
mushtarakligi
esa
adabiyotshunoslikning qator muammolarini til qonuniyatlari bilan qiyosan
o`rganish va o`rgatish imkoniyatini ochadi. Adabiyotshunos o`z faoliyatida badiiy
nutq
shakllari, ritmi, intonatsiya, she'r sintaksisi, ekspressivlikni oshiruvchi
vositalar kabi qator tushunchalarga duch keladiki, bularning tilshunoslik ilmidagi
talqinini bilgan adabiyotshunosning izlanishlari, albatta, samaraliroq bo`ladi.
Keyingi davr adabiyotshunosligida paydo bo`lgan "struktural adabiyotshunoslik",
"semiotik tahlil" kabi tushunchalar bevosita tilshunoslik yutuqlari asosida yuzaga
kelgandir.
Adabiyotshunoslikning tarix fani bilan ham uzviy aloqasi bor. Ma'lum bir davr
adabiyoti yoki o`tmishda yaratilgan konkret asarni
tadqiq etayotgan adabiyot
tarixchisi o`sha davr ijtimoiy-tarixiy hodisalarini o`rganmog`i shart, aks holda u
o`rganilayotgan davr adabiyotida kuzatilgan hodisalar mohiyatini ham, tahlil
qilinayotgan asarning mohiyatini ham to`la anglay olmaydi.
Adabiyotshunoslik san'atning umumiy qonuniyatlarini o`rganuvchi estetika fani
bilan ham mustahkam aloqadadir. So`z san'ati sifatida badiiy adabiyot san'atning
umumiy qonuniyatlari asosida yashashi, uning boshqa san'at turlari bilan aloqada
ekanligi adabiyotshunosdan estetika fani yutuqlaridan xabardor bo`lishni taqozo
qiladi.
Adabiyotshunoslikning falsafa fani bilan aloqasi haqida gapirganda, avvalo,
yirik san'atkorlarning hammasi ham o`ziga
xos faylasuf ekanligi, yirik badiiy
asarlarda muallifning olamu odam haqidagi qarashlari tizimi (badiiy konsepsiya)
— badiiy falsafasi ifodalanishini e'tiborda tutish lozim. Dunyoqarashi muayyan
falsafiy ta'limot ta'sirida shakllangan ijodkor asarlarining mazmun-mohiyatini
anglash uchun adabiyotshunos o`sha falsafa asoslaridan xabardor bo`lmog`i
lozimdir. Aytaylik, islom falsafasi asoslarini, tasavvuf falsafasini bilmasdan turib
mumtoz adabiyot tarixini o`rganish, undagi ko`plab asarlarni talqin qilish
maholdir. Yoki, masalan, XX asr Yevropa adabiyoti namunalarini o`rganganda
freydizm, ekzistensializm kabi ta'limotlardan xabardor bo`lish talab qilinadi.
Adabiyotshunoslik psixologiya fani bilan ham o`zaro aloqada bo`ladi.
Badiiy
asarda tasvirlangan inson ruhiyatini anglash, badiiy ijod psixologiyasi, badiiy
asarni qabul qilish jarayonining ruhiy mexanizmlarini yaxshi tasavvur qilish uchun
adabiyotshunosga psixologiya fanining yutuqlari juda katta yordam beradi. Ayni
paytda, badiiy adabiyot psixologiya faniga ilmiy tadqiqotlar uchun boy material
beradi.
Yuqoridagilardan ko`rinadiki, adabiyotshunoslik boshqa fanlar bilan uzviy
aloqada rivojlanadi. Chinakam adabiyotshunos bo`lib yetishish, uning yutuqlaridan
boxabar bo`lish va ortda qolmaslik uchun sizdan atroflicha keng bilim egasi
bo`lishlik talab etiladi.
Do'stlaringiz bilan baham: