Ilmiy unvonlari: — Imomul-hudo (Hidoyatga eltuvchi imom);
— Qudvatu Ahlis-sunna (Ahli Sunnat peshvosi);
— Musahhihu aqoidil-muslimin (Musulmonlar aqoidini isloh etuvchisi);
— Imomul-mutakallimin (Kalom ilmi olimlarining peshvosi);
— Rabibu Ahlis-sunna (Ahli Sunna val-Jamoa tarbiyasini olgan);
— Al-Imom az-Zohid (Dunyoni tark etgan imom);
— Ash-Shayx al-Imom va hokazo.
USTOZLARI (shayxlari) Shayx Abu Mansur Moturidiyning ustozlari yoki shayxlari Imom A’zam Abu Hanifa — No‘‘mon ibn Sobitning shogirdlari hamda shogirdlarining shogirdlari bo‘lganlar. Ulardan ba’zilarini eslatib o‘tamiz:
1. Abu Nasr al-Iyoziy (Ahmad ibn Abbos). Bu zot Abu Bakr Ahmad ibn Ishoq al-Juzjoniydan ta’lim olganlar. Shayx Abu Mansur ham fiqh darsida Abu Nasrga sherik bo‘lib, al-Juzjoniyda o‘qiganlar. Al-Iyoziy somoniylar davrida dorul-harbda asir holida turk diyorida shahid bo‘lganlar («Tarixi Samarqand»dan).
2. Muhammad ibn Muqotil ar-Roziy. Ray shahrining qozisi bo‘lgan bu zot Abu Hanifaning shogirdi — Muhammad ibn Hasan al-Shayboniyda o‘qiganlar. Mashhur muhaddis sahobiy Vake’ va boshqalardan hadis rivoyat qilganlar. Imom Buxoriy ham undan hadis tinglaganlar. Hakim Termiziy ham u zotdan hadis rivoyat qilganlar. Vafotlari to‘g‘risida 248 h. va 242 h. yil kabi sanalar ko‘rsatilgan.
3. Abu Bakr Ahmad ibn Ishoq al-Juzjoniy. Bobosining ismi Subh yoki Subayh ekanida muarrixlar ixtilof qilganlar. Bu zot fiqh ilmi usullari va furu’lari sohasida, shuningdek, anvoi fununda yuqori darajalarga erishganlar. «Al-Furuq vat-Tamyiz», «Tavba» va boshqa kitoblar muallifidirlar.
Abu Bakr al-Juzjoniy Abu Hanifaning yirik shogirdlaridan Muhammad ibn Hasan huzurida dars tinglagan Abu Sulaymon al-Juzjoniydan saboq olgan. Vafotlari 268 h. yilda.
4. Nasir ibn Yahyo al-Balxiy. Bu zot ham mazkur shayxlari kabi Abu Sulaymon al-Juzjoniy, Abu Mute’ al-Hakim Abdulloh al-Balxiy va Abu Muqotil Hafs as-Samarqandiydan saboq olgan hanafiy maktabiga mansub fiqh va kalom ulamolaridandir. Vafotlari 268 h. yilda voqe’ bo‘libdur.
SHOGIRDLARI Abu Mansur Moturidiy hazratlari aqida fanidagi sunniy - hanafiy yo‘nalishini davom ettirib, ko‘p izlanishlardan keyin moturidiya maktabiga asos soldilar. Shu asnoda ko‘plab shogirdlarini yetishtirib chiqarganlar. Quyida ulardan ba’zi mashhurlari to‘g‘risida qisqacha ma’lumot beramiz:
1. Abul-Qosim Ishoq ibn Muhammad ibn Ismoil ibn Zayd al-Qoziy — al-Hakim as-Samarqandiy (vafoti 335 yoki 342 h. y. Chokardiza qabristoniga dafn etilgan).
U Shayx Moturidiyning eng yirik shogirdlaridan biri bo‘lib, tasavvuf ilmini Balx mashoyixlaridan, fiqh va kalom ilmini Shayx Abu Mansur hazratlaridan olgan. Uzoq vaqt Samarqandda qozilik vazifasini o‘tagan.
Asarlaridan «Savodi a’zam», «Imon» risolasi mashhurdir.
2. Abul-Hasan Ali ibn Said ar-Rustufag‘niy as-Samarqandiy. Hanafiya fiqhi va usuli bo‘yicha shuhrat qozongan. U bilan ustozi Shayx Moturidiy o‘rtasida mujtahid xatosiga oid masalada ixtilof kechgan. «Irshodul-muhtadiy», «Az-zavoid val-favoid», «Al-as’ilatu val-ajviba», «Bayonus-Sunnati val-Jamoa» kabi asarlar muallifidir. Vafoti 350 h./ 961 m.y.
3. Abu Muhammad Abdul-Karim ibn Muso ibn Iso al-Pazdaviy. Nasafdan olti farsax uzoqlikdagi Pazda yoki Pazdava qishlog‘idan. Asosan, fiqh ilmida mashhur bo‘lgan. Uning zurriyotidan yirik moturidiya ulamolari dunyoga kelgan. Masalan, Abul-Yusr al-Pazdaviy (vafoti 493 h./1100 m.y.), Abul-Hasan al-Pazdaviy (vafoti 482 H./1089 m.y.) shular jumlasidandir. O’zi 390 h./999 m. yilda vafot etgan.
4. Abu Ahmad ibn Abi Nasr Ahmad ibn al-Abbos al-Iyoziy. Abu Mansur hazratlarining ustozlari Abu Nasr al-Iyoziyning o‘g‘li. Fiqh, nutq, iffat va taqvoda benazir bo‘lgani haqida naql qilinadi.
5. Abu Abdir-Rahmon ibn Abil-Lays al-Buxoriy. Kalom va fiqh ilmlarini Abu Mansur hazratlaridan olgan. U Abul-Qosim al-Hakim as-Samarqandiy bilan ko‘p vaqt birgaliqda tahsili ilmda bo‘lgan.