S.M.Matkarimova, Z.M.Raximova, Sh.F.Allanazarov
ABU ALI IBN SINO – XALQ TABOBATI VA ZAMONAVIY TIBBIYOT ASOSCHISI
URGANCH - 2020
S.M.Matkarimova, Z.M.Raximova, Sh.F.Allanazarov. Abu Ali ibn Sino – xalq tabobati va zamonaviy tibbiyot asoschisi. Monografiya. Mas’ul muharrir: Utkir Abdullayev.
Mazkur monografiya Abu Ali ibn Sino va uning tarixda tutgan o`rni, olimning ilmiy merosi, asarlarining ahamiyati hamda hozirgi kunda o’rganilishi kabi masalalarga bag’ishlangan. Zero, bugungi kunda Ibn Sino ilmiy merosini o`rganish ishlari jadal tus oldi va natijada chet el hamda O`zbekistonda maxsus ilmiy yo`nalish – Sinoshunoslik vujudga keldi. Jahonning turli kutubxonalarida Ibn Sino asarlarining qo`lyozmalari saqlanadi. Shu bilan birga Ibn Sino ilmiy merosini o’rganuvchi tadqiqotchilar ham ko’pchilikni tashkil qiladi. Shundan kelib chiqib ushbu monografiyada Ibn Sino ilmiy merosi bilan shug’ullanuvchilar ma’lumotlariga va ko’plab ilmiy adabiyotlarga tavsif berilgan.
Monografiya 63-02/05 sonli “Ibn Sino va zamonaviylik” davlat granti loyihasi doirasida bajarilgan.
Mualliflar: Sadokat Matkarimova, UrDU dotsenti - tarix fanlari nomzodi, dotsent
Zamira Raximova, “Ibn Sino” jamoat fondi Xorazm viloyat bo’linmasi ijrochi direktori
Shoxrux Allanazarov, UrDU talabasi
Mas’ul muharrir: Utkir Abdullayev, tarix fanlari doktori
Taqrizchilar: Qudrat Masharipov, UrDU dotsenti - tarix fanlari nomzodi, dotsent
Nazokat Matkarimova, UrDU katta o’qituvchisi - PhD
Gulnoza Sultanova, SamDU dotsenti - PhD
S.M.Matkarimova, Z.M.Raximova, Sh.F.Allanazarov. Abu Ali ibn Sino – xalq tabobati va zamonaviy tibbiyot asoschisi. Monografiya.
SO’ZBOSHI O’RNIDA
Tarix bugun va kelajakning ko`zgusi. Mustaqil hayotimizda buyuk maqsadlar sari intilishimiz uchun sharoitlarning yaratilganligi hamda buyuk kelajak uchun madaniy - ma`naviy merosga ega bo`lishimiz darkor. “Hamma o`z tarixini ulug`laydi. Lekin bizning mamlakatimizdagidek boy tarix, bobolarimizdek buyuk allomalar hech qayerda yo`q. Bu merosni chuqur o`rganishimiz, xalqimizga, dunyoga yetkaza bilishimiz kerak…”1 – deb aytib o`tgan edi O`zbekiston Respublikasi Prezidenti Shavkat Mirziyoyev.
Muhtaram prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev parlamentimiz Oliy Majlisga 2018-yilgi “Murojaatnoma”larida: “Buyuk alloma va adiblarimiz, aziz-avliyolarimizning jasoratini yoshlar ongiga singdirish, ularda milliy g`urur va iftixor tuyg`ularini kuchaytirishga alohida e`tibor qaratishimiz kerak”2, - degan edilar. Bundan ko`rinadiki, alloma va adiblarimizning boy ilmiy merosini o`rganib, boshqalarga ham o`rgata olishimiz ham katta ish hisoblanadi.
Movarounnahr zamini o`rta asr musulmon sharqida ma`rifat va madaniyat maskani sifatida dong taratgan o`lka hisoblangan. Yurtimizdan yetishib chiqqan al-Xorazmiy, al-Farg`oniy, al-Forobiy, Beruniy, Zamaxshariy va Abu Ali ibn Sino kabi buyuk alloma, qomusiy olimlarning ilmiy merosi haqli ravishda umumbashariy mulkka aylangan3. Abu Ali ibn Sino ilm – madaniyat xazinasiga ulkan hissa qo`shgan siymolardan biridir. Uning ilmiy merosini o`rganishimiz orqali fanda katta yutuqlarga erishgan bo`lamiz. Biz haqiqatda ham uning asarlari orqali ilmlar mundarijasi va boyligi, ma`naviy hayotning barcha masalalari, g`oyaviy muammolari bilan to`la – to`kis tanisha olamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |