O’tkir xoletsistit
O’t pufagining o’tkir yallig’lanishi kalkulyoz xoletsistitning eng ko’p
uchraydigan asoratlaridan biridir. O’t pufagi devorida o’tkir yallig’lanish
jarayoni paydo bo’lishining asosiy sabablari: pufak bo’shlig’ida mikroflora
bo’lishi va o’t suyuqligi oqib ketishining buzilishi hisoblanadi. O’tkir
xoletsistitning klinik turlari: kataral, flegmonoz va gangrenoz (o’t pufagi
teshilgan va teshilmagan).
Tana harorati subfebril raqamlargacha ko’tariladi. Minutiga 100
martagacha taxikardiya, qorin nafas olish aktida qatnashadi, qorin devori o’ng
yarmining nafas olish aktida bir oz orqada qolishi qayd qilinadi, qorinni
paypaslab ko’rilganda o’ng qovurg’alar ostida, ayniqsa o’t pufagi proektsiyasi
sohasida keskin og’riq paydo bo’ladi, qorin devori mushaklari taranglashgan
yoki bu unchalik yuzaga chiqmagan, Ortner-Grekov, Myussi-Georgievskiy
simptomlari musbat. Ba’zan kattalashgan, o’rta darajada og’rib turadigan o’t
pufagini paypaslab ko’rsa bo’ladi. Tahlillarda leykotsitoz o’rtacha: 10000-
12000.
Flegmonoz xoletsistitning klinik simptomatikasi birmuncha ifodalangan
bo’ladi. Og’riq kasallikning kataral formasiga qaraganda kuchliroq. Og’riq
nafas olishda, yo’talishda, gavda vaziyatini o’zgartirishda kuchayadi.
Ko’pincha ko’ngil ayniydi, bemor ko’p marta qayt qiladi, umumiy ahvoli
yomonlashadi, tana harorati subfebrilgacha etadi, taxikardiya minutiga 100-
120 gacha oshadi. Ichaklar parezi hisobiga qorin birmuncha kepchigan, ichak
shovqinlari sustlashgan. Paypaslab ko’rilganda qorinning o’ng qovurg’alar
ostida keskin og’riq paydo bo’ladi, infiltrat yoki kattalashgan va og’riydigan
o’t pufagini aniqlash mumkin. O’ng yuqori kvadratida Shyotkin-Blyumberg
simptomi musbat. Ortner-Grekov, Myussi-Georgievskiy simptomlari musbat.
Tahlillarda leykotsitoz 20000-22000 gacha, leykotsitar formulasi chapga
surilgan.
Morfologik tekshirganda pufak o’lcharni kattalashgan, uning devori
qalinlashgan, to’q, qizil-ko’kimtir rangda, uni qoplab turgan qorin pardasi
fibrin bilan qoplangan, bo’shlig’ida yiringli eksudat bo’ladi.
Gangrenoz xoletsistit klinik jihatdan jadal kechadi, odatda flegmonoz
bosqichdagi yallig’lanishning davomi hisoblanadi, bunda organizmning
himoya kuchlari virulent mikrob florasi bilan kurasha olmaydi. Intoksikatsiya
simptomlari bilan mahalliy yoki tarqalgan yiringli peritonit birinchi o’rinni
egallaydi. Yalig’lanishning gangrenali formasi to’qimalarning regenerativ
xususiyatlari pasayib ketgan, organizmning reaktivligi pasaygan yoshi katta
va keksa yoshdagi odamlarda ko’proq kuzatiladi. Pufak yorilganda tarqalgan
peritonit simptomlari tez rivojlanadi. Bemorlarning ahvoli og’ir bo’ladi, ular
bo’shashgan, kam harakat, tili quruq, qorni ichak parezi hisobiga kepchigan,
uning o’ng bo’limlari nafas aktida qatnashmaydi, ichak peristaltikasi keskin
pasayib ketgan, qorin old devori ushlab ko’rilganda taranglashadi, qorin
pardasining qo’zg’alish simptomlari bor. Laboratoriya taxlillarida: yuqori
leykotsitoz, leykotsitar formulaning chapga keskin siljigani, EChT oshishi,
qon elektrolit tarkibi va kislota-ishkor xolatining buzilishi, proteinuriya,
tsilindruriya aniqlanadi.
Agar o’tdagi mikrob florasining virulentligi kam bo’lsa va o’t pufagi
bo’yni yoki pufak yo’li okklyuziyasi saqlanib qolgan bo’lsa, o’t pufagi
istisqosi o’tkir xoletsistit xuruji tugagandan keyin rivojlanadi.
O’t pufagida o’t tarkibiy qismlarining so’rilishi sodir bo’ladi,
bakteriyalar xalok bo’ladi, o’t pufagi ichidagi suyuqlik rangsiz, shilimshik
bo’lib qoladi.
Bemorlarni fizikal tekshirganda o’t pufagining kattalashgan, cho’zilib
ketgan, og’rimaydigan tubini paypaslab ko’rish mumkin. O’t pufagi
empiemasi rivojlanishi mumkin.
Do'stlaringiz bilan baham: |