Yurt qaygʻusi (Bir oʻzbek yigitning tilindan)
Yotsam tushimda, uygʻonsam yonimda, koʻz yumsam miyamda, koʻz ochsam qarshimda mungli bir xayol kelib turadur! Bu bir Xotun xayoli… Bir Xotunki, egnida ipakli, lekin yirtiq va eski bir koʻylakdan boshqa bir kiyim yoʻq. Bosh-oyoqlari yalangʻoch, tirsaklarigacha qop-qora loyqadan botgan, baqirurgʻa tovushi, qutilurgʻa kuchi qolmagʻan!..
Qarayman: kimsasizlik yukindan origʻlangan tanda zolimona urulgʻon qamchilarning yarasi bor. Koʻraman: johilona qilingan emlardan nosulgʻa qaytgʻan yaralarindan qonlar oqib turadur!..
Ey, mungli Xotun, sen kimsan?
Ey, gʻamli Ona, nechuk mundan ayrilmaysan?
Yonimda, koʻzimda, miyamda, yuragimda nima axtarasan, nechuk ketmaysan?
Qaygʻu tutunlari ichra yogʻdusiz qolgʻan koʻzlaring yosh yomgʻurlari nechuk toʻkadur? Zulm zanjirlari bilan bogʻlangan qoʻllaring nechuk har yonga uzatiladur, nima tilaysan?..
Oh… Bildim… Bildim… Angladim!
Sen mening Vatanimsan, Vatanimning mungli xayolisan.
Ey, muqaddas Turonimning xayoli, ketmay tur, ayrilma.
Yonimda, koʻzlarimda, yuragimda, vijdonimda qol, ketma.
Yurtim, Turonim, sendan ayrilmoq, mening oʻlimim.
Sening uchun oʻlmoq — mening tirikligimdur.
Panohim, sajdagohim, umidim!
Yovlaring seni shu kungami soldilar?
Tilagim, istagim, saodatim!
Bolalaring seni shu holdami qoʻydilar?
Suyunchim, ovunchogʻim, oʻchogʻim!
Zolimlar seni kimsasizmi koʻrdilar?
Yoʻq, sen kimsasiz emassan. Mana men, borligʻim bilan senga koʻmak qilurgʻa hozir. Mana men chin koʻngil bilan sening yoʻlingda oʻlurgʻa rozi.
Qof togʻlari yoʻlimda tushsa,
Tamugʻ olovlari qarshimda chiqsa, yana sen sari ketarman.
Ustimga insonlar emas, shaytonlar qoʻshini kelsa,
Oyogʻimga zanjirlar emas, jahannam ilonlari sorilsa,
Yana sen sari choparman.
Dunyoning butun baloari boshimga toʻkulsa,
Zulm choʻlining temir tikonlari koʻzlarimgʻa kirsa, yana seni qutqararman.
Men sening uchun tirildim,
Sening uchun yasharman,
Sening uchun oʻlurman.
Ey, turklikning muqaddas oʻchogʻi!
Oʻlim sening oʻlimingni istaganlarga,
Nafrat seni koʻmgani kelganlarga![7][8]
U shu-yillarda „Mirrix yulduziga“, „Sharq“, „Shoir“ kabi sheʼrlarni yaratib, Turkistonni endi „qizil mustamlaka“ga aylantira boshlagan bolsheviklarga va ular barpo etayotgan tuzumga nafrat tuygʻusini ifodaladi. Bundan tashqari Fitrat barmoq vaznida yozilgan mazkur sheʼrlari bilan xalq ogʻzaki sheʼriyatining mulki boʻlgan barmoqni isloh etib, Choʻlpon bilan birga uni yozma adabiyotga olib kirdi va unga yangi hayot bagʻishladi.
1922-yilda Fitrat tashabbusi bilan „Oʻzbek yosh shoirlari“ sheʼriy toʻplami bosilib chiqdi. Bu toʻplamdan Fitrat asarlari bilan birga oʻsha davrda qizgʻin ijod qilgan Choʻlpon, Botu va Elbekning sheʼrlari ham oʻrin olgan va xalq orasida katta qiziqish bilan oʻqilgan.
Do'stlaringiz bilan baham: |