Gotika san’ati.
Feodalizm tuzumi ichidagi yangi o‘zgarishlar undan keyin kelishi kerak bo‘lgan tuzumning shart-sharoitlarini yaratishga zamin hozirlashga kirisha boshladi. Bu esa shaharlarning taraqqiy etishiga, bunda savdogar va hunarmandlarning rolini ortib borishiga sabab bo‘ldi. Yevropa markazlarida XII asr boshlarida fanning roli ortdi va birinchi ilmiy markazlar - universitetlar tashqil qilindi. Materialistik dunyoqarashning ilk belgilari paydo bo‘la boshladi. Bunda Ibn Sino va uning shogirdi Ibn Rushd (Averros) ta’siri katta bo‘ldi.
San’at va madaniyatda ham katta o‘zgarishlar yuz berdi, hayotiy mavzudagi asarlar paydo bo‘la boshladi. Ruhoniylar hayotidagi ikki yuzlamachilikni fosh etuvchi teatrlar, ya’ni komediatlar, maskaradlar yuzaga keldi.
Harbiy Yevropa san’ati Vizantiya san’ati ta’siridan qutula boshladi. Keyinchalik bu davrdagi san’atga ”Gotika” san’ati, deb nom berildi.
Bu iboraning lug‘aviy ma’nosi italyancha so‘zdan olingan bo‘lib,”gotlarniki” degan mazmunni bildiradi. Gotlar bu nemis qabilalaridan biri bo‘lib, bu davr san’atiga got qabilalari san’atining ta’siri kuchli bo‘lganini bildiradi. Hali bu davrda shahar madaniyati feodal munosabatlarga to‘liq qarshi chiqa olmas edi. Shu bois gotika san’ati xarakterida ham murakkab va qaramaqarshi fazilatlar kashf etildi. Yaratilgan asarlarda realistik elementlar bilan bir qatorda, diniy qarashlarning ko‘tarinki tasvirlash holatlari seziladi.
Gotika uslubi XII-XIII asrlarda o‘zining gullagan davrini boshidan kechirdi. Bu uslub turli mamlakatlarda turlicha kechdi va uning ichki strukturasi umumiy qurilish tusini oldi.
Roman uslubida bo‘lgani kabi Gotika uslubida ham asosiy o‘ringa me’morchilik chiqdi. Roman davridagiga nisbatan gotika arxitekturasi serhasham va ulug‘vor, kattaligi bilan ajralib turadi. Bu uslubda qurilgan binolar yuqoriga intiluvchan bo‘lib, juda baland bo‘ladi. Dinning kuchi orta boradi va soborlar oldida nafaqat diniy marosimlar balki, shahar majlislari, har xil munozara va bahslar, universitet ma’ruzalari va xalq sayllari o‘tkazilar edi. Shu sababdan bu ibodatxonalar shahar markazlarida qurilardi. Gotika davri arxitekturasining xarakterli tomonlaridan biri bino ko‘tarilgan sari torayib boradi va oxiri shpil bilan, ya’ni nayzasimon tarzda tugaydi. Uning uchiga xo‘roz yoki boshqacha bir tasvirlar qo‘yiladi.
Arxitekturaning yutuqlari ortib bordi. Bulardan biri karkaslardan foydalanish bo‘lsa, ikkinchisi bu davrga kelib ularni darchalari kengayib, derazalari ko‘payadi, peshtoqlari va ayvonlardan foydalanib bino ichini nurga boyitish istagi kuchayib boradi. Bu esa binolarning ulug‘vor, baland bo‘lishini ta’minlab qolmasdan, ularning yengil bir ruhiy holat kasb etishini ta’minlaydi. Me’morchilikda sodir bo‘lgan bu o‘zgarishlar binoning tashqi va ichki ko‘rinishlarida ham o‘z ifodasini topadi.
Tasviriy san’atda esa devoriy suratlar ishlanadigan yuzalar binoda yo‘qligi sababli, uning o‘rnini vitraj egallaydi.
Me’morchilik bilan bog‘liq bo‘lgan haykaltaroshlik tasviriy san’atda yetakchi o‘rinni egallaydi.
Gotika davrida dekorativ - amaliy san’at yaxshi rivojlandi.
XII-XV asrlarda Gotika uslubini Yevropaning deyarli barcha mamlakatlar san’ati o‘z boshidan kechirdi. Gotika uslubining Vatani Fransiya bo‘lib, Parij shahrining zaynati Bibi Maryam sobori (Notrdam de Pari) 1163-1314 qurildi. Reyms Sobori, Amendagi sobor, Keln soborlari (1248-1880) qad ko‘tardi.
Do'stlaringiz bilan baham: |