Beka//-bika - “O‘zbek tilining izohli lug‘ati”da uning quyidagi ma’nolarni ifodalashi ta’kidlangan:2
1. Bekning va umuman hukmdorlarning, boyonlarning xotini. Cho‘ri qiz Bo‘ston .. bekasining hozirgina saroydan kanizak kelib.. ziyofatga olib ketganligini bildirdi. Oybek, Navoiy.
2. Oilaga, xonadonga yoki xo‘jalikka boshchilik qiluvchi ayol. Bekasiz uy – suvsiz tegirmon.”Qanotli so‘zlar”
3. Boshqaruvchi, sardor, ega, sohib. Uch oy yo‘lingizda yotdim ko‘z tikib, Ey, bahor bekasi – may chechaklari. A. Oripov.
Xorazm o‘g‘uz shevasida bu so‘zning kinoya, kesatiq, piching ma’nosida qo‘llanilishini ham kuzatish mumkin. Ha bika, nimalar qilib yuribsan.
Shuningdek, bika so‘zi ayollar qo‘shma ismlarida birinchi va ikkinchi qism bo‘lib kelishi ham kuzatiladi:3 Bikabuvi, Bikajon; Oybika, Xolbika, Suyumbika.
Mirza – ﻤﻳﺮﺯﺍ amirzodaning qisqargan shakli bo‘lib, quyidagi ma’nolarga ega4:
1. O‘tmishda yozuv-chizuv ishlarini olib borgan lavozimli kishi; kotib. Amlokdorning mirzasi beliga suqilgan qalamdonini ochib, qalamini qo‘liga oldi. S.Ayniy, Qullar.
2. Ko‘chma ma’noda savodli, o‘qimishli odam. Masalan, mirza yigit birikmasi savodli, o‘qimishli yosh kishilarga hurmat bilan murojaat etish shaklidir.
3. Yuqori tabaqalarga mansub kishi; janob. Men cho‘riman, siz mirzasiz, bekvachcha! “Go‘ro‘g‘li”.
4. Mirza erkaklar ismi.
Bu so‘zning mirzo shakli mirzoda, amirzoda, amir o‘g‘li ma’nolarini ifodalaydi hamda ushbu so‘z tegishli atoqli otdan oldin yoki keyin ham kelishi mumkin: Ulug‘bek mirzo, Ibrohim mirzo; Mirzo Anvar, Mirzo Bedil. Har ikki holatda mazkur so‘z muayyan orfografik meyorlarga bo‘ysungan holda yoziladi. Jumladan, agar so‘zimiz atoqli otdan, ya’ni antroponimdan oldin kelsa bosh harf bilan, antroponimdan keyin kelsa kichik harf bilan yoziladi.
Poshsha – bu indikatorning tilimizda bir qancha variantlari uchraydi: podshoh, podsho, poshsho kabilar shular jumlasidandir. Mulla Fazliddin yosh podshohning amri bilan Buratog‘ning chiqish qiyin bo‘lgan xushmanzara bir qoyatoshi ustiga kichkina hujra qurgan. P. Qodirov, Yulduzli tunlar. Bundan tashqari, ushbu so‘zni semantik jihatdan kuzatar ekanmiz, mazkur so‘zning tilimizda quyidagi holatlarda ham uchrashini alohida ta’kidlashimiz zarur1: 1. Xotin-qizlarga murojaatda hurmat yoki erkalatishni ifodalaydi.– Xushvaqt bo‘linglar, aylanay, poshsha qiz.. – dedi xotin va Kumushga qarab davom etdi, - anu kungi so‘zingiz bilan yo‘ldan qayrilib kirgan edim. A. Qodiriy, O‘tkan kunlar.
2. Poshsha (xotin-qizlar ismi).
Erоniy qatlamga mansub ushbu Pоdshоh پادشاه so‘zi mоnarх tushunchani ifоdalashda mumtоz adiblarimiz tilida kеng qo‘llanilgan. Pоdshоh so‘zini Abdulla O‘rozboyev o‘zining “Ogahiyning “Riyoz ud-davla” asarida ijtimoiy-siyosiy leksika” mavzusidagi nomzodlik dissetatsiyasining “mansab va unvonni anglatuvchi so‘zlar” qismida quyidagi ma’no qirralariga ham e’tibor qaratgan:
1. Mоnarх tushunchasining umumiy ifоdasi sifatida: Ul jamоani mag‘firatnishоn Muhammadrahim Bahоdirхоndin o‘zga hеch pоdshоhi zo‘rdast tahakkum bila bоshin past qilmamish erdi va lеkin ul hazrat dоg‘i rоm qilmоq uchun zakоtin bittamоm оlmamish erdi. (262b).
2. Хiva va Qo‘qоn хоnlariga nisbatan: ...hazrati pоdshоhi karam dastgоh Оqdarband eliga marhamat va shafqat ko‘rguzub... (263b).
3. Buхоrо amiriga nisbatan: ... amir Haydar pоdshоhning musоlaha talabi bila yubоrgan sulhnоmasin sоhibqirоni jannatmakоnning hangоmi vafоtida kеlturub erdilar... (255a).
4. Erоn shоhiga nisbatan: Mazkur pоdshоh (Fathaliхоn Qоchоr)ning barcha tamannоsi va qilg‘оn iltimоsi vuqu’i bashоrati uchun... (269a).
5. Impеratоrning ma’nоdоshi sifatida: Rusiya pоdshоhi оning tamannоsi zaminida o‘z bеhbudin va savdоsi bеhbudida o‘z sudin taхayyul qilib...
Qul – bu so‘z lug‘at boyligimizda bir qancha ma’nolarni ifodalab keladi1:
1. Ekspluatatorlik jamiyatining ilk davrlarida xususiy mulk, mol qatori olib-sotilgan, butunlay xo‘jayinga qaram bo‘lgan, hech qanday haq-huquq va mol-u mulkka ega bo‘lmagan xizmatkor. – Oyjamol, mana bu yer qul bozori bo‘lgan, - Sherniyoz sandiqsozlik do‘koni qarshisidagi maydonchani ko‘rsatdi. J. Sharipov, Xorazm.
2. Umuman, sinfiy jamiyatda ekspluatatsiya hamda siyosiy-iqtisodiy qaramlik asoratida har qanday huquqdan mahrum bo‘lgan, eziluvchi kishi. Qizlar bunda cho‘ri, tul edi, Yigitlar xo‘r, gado, qul edi. E. Rahim.
3. Kimsaga ko‘r-ko‘rona xizmat qiluvchi, bo‘ysunuvchi; itoatgo‘y, malay, xizmatkor. – Mayli, - dedi Fazliddin, - lekin shunday yaxshi qulni ular bizga berishmas, deyman. Oybek, Tanlangan asarlar.
4. Biror kimsaga, narsaga qattiq berilgan, dardi, xayoli o‘shanda bo‘lgan kishi, uning fidoyisi. Mangu qolay, deya shuhrat quli Iskandar, Yuksak toqqa o‘zining suratini solibdi. A. Oripov, Yurtim shamoli.
5. Banda. Yo xudo, bu gunohkor o‘g‘ilga o‘zing tavfiq ber va men qulingni kechir. Oybek, Nur qidirib.
Do'stlaringiz bilan baham: |