www.ziyouz.com
kutubxonasi
178
Kumush bilan Zaynabka atalib oling‘an xon atlaslarga ko‘ngli to‘lmay «har nuchukda tegi
nozik, bu bo‘lsa endi ko‘p kiydi, atlasning yonig‘a yana bir xitoyi latta olingiz», deb
marg‘ilonliqning ko‘ynagini bir qo‘sha qildirg‘an, bitta xitoy jujim mursakni kam ko‘rib,
yonig‘a o‘zining qiymat baho zarrin mursagini va ikkita ro‘ymolga ham qoniqmay,
o‘zining kelinligidan o‘rolmay qolg‘an qalmoqi sallachasini qo‘shqan edi.
Zaynab ham uncha xafa ko‘rinmas, qayin onasining buyruqlarini eski holicha bajarib
yurar va hozirda uyga kirib olib mehmonlar kelib tushdi deguncha, oldilarig‘a yozish
uchun dasturxon yasatar edi.
O‘zbek oyim hasharchi xotindan biriga tandirga o‘t qo‘yishni buyurdi-da, o‘zi
Zaynabning oldig‘a keldi:
— Dasturxoning bitdimi, bolam? — deb so‘radi.
— Bitdi. Tashqarining asali kamga o‘xshaydir.
— Kam bo‘lsa, darrav ombordan keragicha olib chiq, undan keyin xamiringga o‘zing
qara, Oybodoqning qo‘li tegmas, xamir gup berib ketibdi, — dedi va darichadan ko‘tarilib
dasturxonlarni kuzatdi, — dasturxoning tuzik, varaqini esingdan chiqarma, — dedi va
o‘rta yo‘lakda ko‘ringan Yusufbek hojini o‘ziga imladi. — Beri keling.
Yusufbek hoji boshida oq to‘ppisi va egnida oq olacha to‘ni bilan ustidan belini
bog‘lag‘an edi. O‘zbek oyim yonig‘a sekin-sekin yurib keldi:
— Nima gap?
— Dasturxonlarimizga bir qarab qo‘ying-chi?
Hoji parvosizg‘ina qilib qarag‘an bo‘ldi:
— O‘zingga yoqsa bo‘pti, — dedi.
— Qassob aytkanmisiz, tag‘in ular kelgandan so‘ng shoshib qolmayliq.
— Qassob tayyor, hozir bo‘g‘izlatsaq bo‘lmaydimi?
— Yo‘q, — dedi O‘zbek oyim, — osh egasi bilan shirin. Ha, aytkandek, qudangiznikiga
yuborg‘an kishingiz keldimi?
Asal uchun shoshib borg‘an Zaynab to‘xtab qayin otasining og‘zig‘a qaradi.
— Borib keldi, — dedi hoji, — Alimbek dalasiga ketkan ekan, xotin qudalar
kelishmakchi bo‘lishibdir.
Zaynab asalga ketdi. Hoji O‘zbek oyimning yonig‘a yurib keldi va sekin so‘radi:
— Zaynab xafa emasmi?
— Nimaga xafa bo‘lar edi.
— Axir, so‘rayman-da.
— Tuppa-tuzik, — dedi O‘zbek oyim, — tashqarin-gizdan Oybodoq qutilayozdimi?
— Qutilib qoldi. Mahalladan ham uch-to‘rtta kishi aytdim, oshni ko‘proq qilish kerak.
— Xo‘b.
Hoji uyon-buyong‘a alang‘lab olg‘andan keyin so‘radi:
— O‘g‘ling qayog‘da, ko‘rinmaydimi?
— Tashqarida edi-ku.
— Boya shuyoqqa kirgandek bo‘lg‘an edi.
— Guzar-puzarga chiqg‘andir, — dedi O‘zbek oyim.
Oybodoq tashqarini yig‘ishtirib kirdi. Hoji meh-monxonaga chiqib ketdi. O‘zbek
oyimning amricha Oybodoq, Zaynab va hasharchi xotinlar kulcha yasashg‘a o‘lturdilar.
Kun tushdan og‘qanda hamma saranjom oling‘an edi. O‘zbek oyim to‘yga boradirg‘an
xotinlardek yasangan, egnida odimi xon atlas ko‘ynak, boshida oq shohi dakana, ko‘zida
surma edi. O‘zbek oyimning: «Kelinni xor tutar ekan demasinlar, sen ham o‘zingni
tuzat», deb aytkani uchun Zaynab ham tamom ipaklarga ko‘milib yasang‘an, kecha erga
tekkan yangi kelinlar suratiga kirgan edi.
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |