www.ziyouz.com
kutubxonasi
90
— Bor, bolam, bor. Yaxshi emas bu ishing... — O‘zbek oyim so‘zini bo‘lib daricha
yonig‘a kelib to‘xtag‘an Oybodoqqa qaradi.
— Sutchoy tayyor bo‘ldi, suzib kiraymi?
— Ikki kosani kelinlik uyga ber, men bilan Hasan-alinikini shu yerga keltir.
Oybodoq keta boshlag‘an edi, Otabek uni to‘xtatdi:
— Manikini ham shu yerga olib kir, — dedi. Oybodoq O‘zbek oyimg‘a qaradi. O‘zbek
oyim o‘g‘lig‘a xo‘mraydi. Otabek xo‘mrayishg‘a iltifot qilmay, Oybodoqqa «shundoq qil»
ishorasini berdi.
— Bo‘lmasa kelinnikini ham shu yerga berib, o‘zini chaqir. Hasanali uyida ichsin, —
dedi O‘zbek oyim. Oybodoq ketkach, o‘g‘lidan so‘radi: — bu nima qiliq, bolam?
— Qiliq emas.
— Kelin bilan birga ichsang nima bo‘lar edi? Biravning bolasini munchalik xorlash
yaxshi emas.
— Bundan xorlag‘anliq chiqmaydir. O‘zini shu yerga chaqirdingiz — ish bitdi.
O‘zbek oyim tag‘in nimadir aytmakchi edi, Oybodoq dasturxon ko‘tarib kirib qoldi.
— Kelinga aytdingmi?
— Aytdim.
Dasturxon yozilib, tushlik choy keldi. O‘zbek oyim kosasiga non tashlab ko‘zi eshikda,
ya’ni kelinni kutar edi. Kelin eshikdan ko‘ringach, o‘g‘lig‘a «qarshi ol» degandek qilib
qarab qo‘ydi. O‘n yetti yoshlar chamaliq, kulchalik yuzlik, oppoqqina, o‘rtacha husnlik
Zaynab qayin onasining tilak va sha’niga loyiq tavozi’ — odoblar bilan bitta-bitta bosib
dasturxon yonig‘a keldi. Qayin ona tomonidan «o‘lturing» ruxsati berilganidan so‘ng,
qisilib-qimtinib tovush chiqarmayg‘ina o‘lturdi. O‘zbek oyimning ko‘zi o‘g‘lida. O‘g‘li
bo‘lsa choyga non ho‘llab yemoqda edi. Bir-ikki qayta xo‘mrayib-xo‘mrayib o‘g‘lig‘a
qaradi-da, uning ko‘zini uchrashdira olmag‘andan keyin, unga so‘z qotishg‘a majbur
bo‘ldi:
— Charlaring ham bo‘la qolmadiki, qayin otangni borib ko‘rsang. Yoki charlarsiz ham
ko‘ra qolasanmi?
Zaynab ko‘zini eriga tikib qoldi. Otabek salqing‘ina onasig‘a javob berdi:
— Ko‘rsam bo‘ladir... — dedi va kulimsiragansumon Zaynabka qaradi. Zaynab ham
kulgan bo‘ldi. Shu kich-kinagina kulimsirash O‘zbek oyimni ancha tinchitdi. Ammo
musohaba shuning bilan to‘xtalib, orag‘a yana boyag‘i jimjitlik kirdi. O‘g‘lining miridan
sirini ajratib o‘lturg‘uchi ona yana olazarak og‘rig‘ig‘a yo‘liqdi. Zaynabning ko‘zi tez-tez
Otabekka tushar, u bo‘lsa xo‘r-xo‘r choyni ichar edi. Bu holdan O‘zbek oyim ich-etini
yeb, yutkan luqmasining mazasini ham bilmas, qisqasi o‘lturish so‘zsiz, go‘yo tuzsiz va
ma’nosiz edi. Bu ma’nosizlik tadbirini ko‘rish yana O‘zbek oyim ustida:
— Kelin poshshog‘a tilla uzuk buyurdingmi?
— Buyurdim. Erta-indin bitib qolar. — Otabek so‘zni cho‘zmoqqa yo‘l qo‘ymadi. Ammo
onasi gapdan gap chiqarib, so‘zga so‘z ulamoqchi edi:
— Tilla chochpopugingiz bor edimi?
Zaynab eriga qaradi va iymanibgina javob berdi:
— Yo‘q.
— Yo‘q bo‘lsa olib beraman, — dedi Otabek. O‘zbek oyim anchagina jonlanib oldi.
Tag‘in undan-mundan so‘z urintirmoqchi bo‘lg‘an edi, uncha muvaffaqiyatlik chiqmay
boshladi. Sutchoydan so‘ng qumg‘onda choy keldi. Zaynab birinchi piyolaga quyib
o‘rnidan turdi va qayin onasig‘a ikki qo‘llab uzatdi, ikkinchi piyolani to‘l-dirib o‘rnidan
turmoqchi bo‘lg‘an edi, uni Otabek to‘xtatdi.
— Mundan keyin choy berishda o‘rningizdan turib o‘lturmang, — dedi. — O‘lturgan
yeringizdan bersangiz ham bo‘ladir.
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |