www.ziyouz.com
kutubxonasi
84
— Qabul qilg‘an edim.
— Bizning ruxsatimizni olg‘ali Marg‘ilong‘a ham kelgan edingiz, shundog‘mi?
— Shundog‘...
— Barakalla, Marg‘ilong‘a kelib bu gapdan aynadingiz-a?
— Aynadim...
— Endi Toshkandga Marg‘ilondan aynab borasiz?
— ...
— Mana ko‘rdingizmi, faqat bu ishda bizgina yomon otliq bo‘lamiz. O‘zingizning shu
xatongiz uchun ham bu gapni qabul qilmoqqa majbursiz.
Otabek nima deb aytishdan ojiz qoldi va o‘zining bolaliq harakatidan seskandi va
xijolat orasida so‘radi:
— Otam sizga qachon xat yozg‘an edi?
— Kecha oldim. Demak, ko‘ndingiz?
— Men bu gapka durustlab o‘ylamasdan javob beralmayman.
— Qancha o‘ylasangiz ham javobingiz birgina bo‘lishi kerak; ya’ni rizoliq.
Qutidorning bu so‘zi juda ham qat’iy edi. Bu qat’i-yatni onglag‘uchi ko‘ngildan
chiqarayozg‘an bu masalani chinlab o‘ylamoqqa majbur edi. Nima bo‘lg‘anda ham
ko‘nglining bir chekkasini kirlatib yotqan bu «ota-ona orzusi» bir tomondan qaralg‘anda
juda yengil ko‘chkan edi. Ammo ikkinchi tomondan masalaning yeshilmagan o‘rinlari
ham bor edi.
— Yaxshi, — dedi, — men sizning taklifingizga ko‘nayin, ammo ko‘nishning va
rizoliqning zaruri qizingizda emasmi?
Shu choqqacha mungg‘ayib o‘lturgan Oftob oyim yalt etib eriga boqdi, yana cheksiz
bir mehribonchiliq nazari bilan Otabekka qaradi.
— Siz qizimizning andishasini qilib o‘lturmangiz, bek, — dedi qutidor, — bu ishni eng
yaxshisi unga bildirmaslikdir, keyinroq o‘zi ko‘nikib ketar, bu taraflardan tashvish lozim
emas.
— Yo‘q, — dedi bek, — men bu ishka basharti ko‘nganimda ham qizingizdan
yashirmayman.
— Nega?
— Negaki uning rizolig‘ini olmasdan turib, bu ishka oyog‘ qo‘yishim mumkin emas.
— Agar ko‘nmasa-chi?
— Ko‘nmasa, men ham ko‘nmaslikka majburman.
Bu uzil-kesil so‘zdan qutidor o‘ylab qoldi. Oftob oyim bo‘lsa, qizining qadrini bunchalik
arshlargacha ko‘tarmakda bo‘lg‘an yigitka o‘zida cheksiz muhabbat, poyonsiz ehtirom
sezmakda va nima uchundir yig‘lag‘usi va kuyavi yuzidan o‘pkusi kelmakda edi.
— Tuzik, — dedi qutidor, — uning rizolig‘ini o‘zingiz olmoqchimisiz?
— Yo‘q, negaki qizingiz uchun haqorat bo‘lg‘an bu so‘zni aytish manim qo‘limdan
keladirgan ish emas, — dedi. Eru xotin bir-birlariga qarashib qo‘ydilar. Keyingi so‘zni
aytib bitirgach, Otabekning ko‘ziga yosh kelgan edi. O‘zining holidan uyaldi shekillik,
ularning oldidan turib tashqarig‘a chiqdi. Ul chiqg‘andan so‘ng eru xotin yana yarim
soatcha janjallashib o‘lturdilar.
* * *
Xuftan namozidan so‘ng yangilangan tashvishlarni bir oz unutdirar umidi ila
poychirog‘ yonig‘a o‘lturib, Fuzuliy devonini varaqlar edi. Ammo Fuzuliyning rang-barang
she’rlari ustida qanoatlanib to‘xtamas, hamon varaqlag‘andan-varaqlar edi. Shoirning
nafis she’rlari hozir uning uchun tuzsiz so‘zlar yig‘indisidan boshqa bir narsa ham emas
edilar. Ul shu vaqt to‘sindan kitobni yopdi-da, ayvong‘a quloq soldi. Chunki hozirgina
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |