www.ziyouz.com
kutubxonasi
53
yuvilur, so‘zning to‘g‘risini aytishka majbur bo‘lurlar va ish ham sizning ayblash,
oqlashlaringiz ruhiga kelib to‘xtar.
Homid yana ham o‘ngg‘aysizlanib tushdi, o‘zining ichki sirriga shu choqg‘acha tushuna
olmag‘an qo‘rboshig‘a la’natlar o‘qur ekan:
— Ayblash, oqlash so‘zlarimning ruhini siz bir yoqqa qo‘yabering-da, ishning ichki
tomonini mulohaza qiling, qo‘rboshi aka, — dedi.
Xoin ila sotilg‘an ko‘zlar to‘qnashdilarda, bir-birisidan ma’no olishdilar va oraga bir
necha daqiqa so‘zsizlik, jimjitlik kirdi. Qo‘rboshi chindan ham bu o‘ringacha Homidning
ichki sirriga muttali’ bo‘lmag‘an, qo‘lig‘a kirgan oltinlarni ham yolg‘iz uning
qarindoshlarining qutilishlari yo‘lidagi choychaqalar, deb bilar edi. Ammo endi ilgari va
hozirda kissaga tushkan oltinlarni Otabek ila qutidorning qon baholari ekanligini sezib
vijdoni to‘lqinlanayozdi va mutaraddid bo‘ldi. Qo‘rboshi-ning bu holi Homidni ma’lum ikki
yo‘l ustida qoldirgan edi. Bu ikki yo‘l ustida qolgan Homid sarosima edi. O‘zini
jahannamga yuborish va najotka chiqa-rish ixtiyori qarshisidag‘i bekning qo‘lida edi.
Unga tez-tez qarar va hol tili bilan unga yana ko‘b oltinlar va’da qilar edi. Bu va’dalarni
Homidning yuzidan o‘qug‘an qo‘rboshi — «ikki kishining xun baholari!» qichqirmoqqa
bo‘lgan vijdon sadosini eshitib o‘lturmadi:
— Endi bunga qarshi qanday yo‘llar ko‘zlaysiz?
Homid o‘zining najot tomonig‘a og‘ishqanini sezib entikdi:
— Qushbegiga qilg‘an ayblash, oqlash yo‘llarimni pochcham ila jiyanimga tushundirish
kerak, deb o‘ylay-man.
— Tushundirsak, tag‘in yaxshi.
— Rahmat, bek aka, undog‘ bo‘lsa vaqt qochirmasdan ularning yonlarig‘a tushib, to
hukm vaqtig‘acha uqdira olasizmi?
— Mumkin, o‘zingiz tushsangiz yana yaxshi.
Homid boshini chayqadi:
— Otabek ila qutidorlarninggina emas, hatto pochcham ila jiyanimning ham manim bu
ishlarda ishtirokim borlig‘ini bilmasliklari kerakdir.
— Ma’qul. Ammo bunda sizning maqsadingizg‘a qarshi bir gap borkim, hukm chog‘ida
qushbegi sizni yo‘qlasa nima bo‘ladir? Bu taqdirda ular sizning bu ishni omili
bo‘lg‘anlig‘ingizni bilmaslarmi?
Masalaning bu tomoni ham Homid uchun yomon edi. Farishtadek sof holda qolmoqchi
bo‘lg‘an Homidning bu hol sirrini ochar, yuzidagi niqobini olishg‘a, raqiblar ila yuzma-yuz
kelishka majbur etar edi:
— Hukm majlisida bo‘lmaslig‘imni uhdangizga ololmaysizmi?
— Uhdaga olmoq qiyin, — deb bosh chayqadi qo‘rboshi, — ammo bu bir
ehtimolginadir, chunki, qushbegining bir narsaga qaror bergach, ortiq tekshirib
o‘lturadirgan odati yo‘qdir.
Homid uzoq o‘ylab turmadi, yuzidagi sovuq bir o‘zgarish ichida:
— Mayli, basharti yuzlashmoqqa to‘g‘ri kelganda ham men hozir, — dedi, shundan
so‘ng ajralishdilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |