www.ziyouz.com
kutubxonasi
182
O‘zbek oyim kuldi:
— Ishtihong bo‘g‘ilg‘an bo‘lsa charchag‘aningniki emas eringni sog‘inganingniki, —
dedi. Birdan hamma kulib yubordilar. Zaynab ham kulguga ishtirok qildi... Ammo
Kumush yuzini chetka o‘girgan edi. Ehtimolki, qayin onasining zakovatiga ichidan tahsin
o‘qur edi.
O‘zbek oyim Oftob va Mohira qudalarni dastur-xong‘a qistadi:
— Oling quda, siz yoshlarni qo‘yabering, bularni yigit asrasa, siz bilan meni tomoq
asraydir.
Yana kulgi boshlandi. Oftob oyim o‘zini tutolmay kular edi. Kumush ham ochiq kulib,
kulgi orasida Zay-nabka qarab oldi — Zaynab ham kular edi...
Kulgi bosilib tushkandan keyin, Zaynabning yangasi Kumushdan so‘radi:
— Begingiz bilan ko‘rishmaganingizga qancha bo‘l-di?
Kumush dahshatlanib onasig‘a qaradi. Oftob oyim javob berdi:
— Uch oy shekillik.
Xushro‘y o‘zining zolim ko‘zini o‘ynatdi:
— Ha, bo‘lmasa xolam aytkanlaridek ishtihongiz bo‘g‘ilg‘ani o‘shaniki.
— To‘g‘ri, to‘g‘ri! — deyishdi xotinlar.
— Men o‘zim bilaman, — dedi O‘zbek oyim, — jo‘rttaga Otabekni uch oy to‘xtatib
qo‘ydim-ku, axir!
Kumushning ko‘nglidan kechdi: «Aniq bilasiz, jo‘rt-taga to‘xtatdingiz!»
Oftob oyim kulib javob berdi:
— Jilla uniki bo‘lmasa kerak. Manim ham ishtihom bo‘g‘ilg‘andek...
O‘zbek oyimning esiga Otabek tushkan edi.
— Hoy, aytkandek, Otabekni ko‘rdingizmi? — deb Oftob oyimdan so‘radi:
— Yo‘q.
O‘zbek oyim Zaynabka qaradi:
— Tashqaridamikin?
— Yo‘q emishlar... — dedi Zaynab.
O‘zbek oyim ajablandi:
— Boya otang ham so‘rag‘an edilar... — dedi, — qa-yoqqa ketkan ekan, aqlsiz...
Ertalab senga hech narsa demabmidi?
Kumush Zaynabning og‘ziga tikildi, Zaynab ham unga qarab oldi:
— Ertalab mendan ust to‘nlarini so‘rag‘an edilar,— dedi, — men to‘nni berib qayoqqa
borishlarini so‘rag‘animda, bir joyda ishim bor, degan edilar...
Zaynab zimnan Kumushni chaqib oldi. Kumush loy kabi bo‘shashib, Oftob oyim ham
og‘ir tortdi. Zaynabning qarindoshlari kulgan sumol bir-birlariga qarashib oldilar. O‘zbek
oyim oradan o‘tkan sirni payqadi: «Birarta zarur ishi chiqg‘andir», dedi. Shu vaqt
darichadan Hasanali ko‘rindi, qo‘lida bir mesh qimiz ko‘targan edi, darichadan turib
mehmonlarni «Xush kelibsiz» qildi» va qimizni uza-tib Oftob oyimg‘a qarab kuldi:
— Qimizni kuyavingiz sizga kirgizdi.
Oftob oyimning hushi o‘ziga kelib, Kumushning yuziga qon yugirdi. Anovilar bo‘lsa,
endi bularning holiga tushib bo‘zrayishdilar.
Qimiz bilan yengillashkan O‘zbek oyim Hasanalidan so‘radi:
— Qachon keldi?
— Hozir.
— Qayoqqa yo‘qolg‘an ekan, ahmoq?
Hasanali izoh berdi:
— Kecha hoji unga ish buyurg‘an ekanlar. Bilmadim, kecha nima bilan ovora bo‘lib
xizmatni unutkan va bu kun ertalab esiga tushib mehmonlar kelguncha borib kelarman,
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |