www.ziyouz.com
kutubxonasi
142
adimlab haligi joydan yiroqlashdi. Tom shuvog‘ig‘a loy oling‘an zovur shekillik o‘rinni
kechagi kelishida biqinish uchun belgulab ketkan edi, kelib shunga tushdi-da, qo‘lini
chakkasiga qo‘yib yoni bilan yotib oldi. Garchi osti kesilgan bino bilan Otabek tushib
yotqan loyxona bir-birisiga ro‘baro‘ edi. Ammo imoratlarning ko‘lagasi va kechaning
o‘tacha qorong‘ilig‘i orqasida loyxonada kishi bo‘lg‘anlig‘ini payqash qiyin edi.
* * *
Tun yarim bo‘lib, olding‘i uxlag‘anlar endi bir uyquni olg‘an edilar. Maydon eshigi
ochildi. Biri orqasidan biri yurib ikki ko‘laga maydonga kirdi. Buni payqag‘an Otabek
xanjarini qinidan chiqarib qo‘lig‘a ushlag‘ach, yuz tuban yerga uzandi... Ikki ko‘laga
so‘zsizgina osti kesilgan bino yonig‘a kelib to‘xtadilar. Kelguchilarning biri Sodiq va
ikkinchisi Mutal edi. Tumshug‘ini yerga tirab yotqan mushukdek bo‘lib Otabek ularni
kuzatar edi.
To‘xtag‘ach, shivirlab Sodiq so‘radi:
— Teshilayozg‘anmikin?
— Ozg‘ina qolg‘andir, deb o‘ylayman, negaki, paxsaning enidan bir gaz chamasi joy
ochilg‘an!
Mutal tovshini baralla qo‘yib so‘zlar edi, shuning uchun Sodiq dedi:
— Tovshingni sekinroq chiqarsang-chi!
Mutal belidan teshasini olar ekan, unga javob berdi:
— Hali shundan ham qo‘rqasanmi, balki hali ashulamni ham aytib yuborarman!
— Jinnilig‘ingni qo‘y, Mutal aka! Men ham yoningda turaymi?
— Turasanmi, yo‘qmi — ixtiyor o‘zingda!
Mutal kovakka kirib kovlashka tutindi.
— Teshani qattig‘ solma, — dedi Sodiq.
— Menga o‘rgatma, o‘zim bilaman.
Sodiq Mutalning ehtiyotsizligidan qo‘rqdi shekillik, bir oz Mutalning ishiga qarab
turg‘ach, dedi:
— Bo‘lmasa, men eshik yonig‘a borib turay, teshildi deguncha hushtak ber.
— Tuzik, hali Homid kuyaving qayog‘da qoldi?
— Ko‘chaning boshida poylab o‘lturgandir. Hush-tagingni eshitkach, uni ham
chaqiraymi?
— Chaqir, — dedi Mutal va shitir-shitir kesak tushira berdi.
Sodiq eshikdan chiqg‘an ham edi, Otabek sekingina boshini ko‘tardi-da, Mutal sari
shuviy boshladi. Mutal esa yemirilib tushkan kesaklarni tashqarig‘a surish bilan ovora
edi... Shu vaqt uning qo‘ltug‘i ostidan uzatilg‘an qo‘l hiqildog‘idan ombir kabi siqib oldi...
Mutal kuchli edi, ammo Otabek undan ham kuchlik edi. Sapchib hiqildog‘ini ajratish
uchun bo‘lg‘an Mutalning birinchi harakati bo‘shka ketdi-da, chap biqinig‘a o‘tkir xanjar
g‘achcha botirildi... Ammo ul hamon bo‘shalishg‘a kuchanar edi va kuchli qo‘l battarroq
uni siqar edi. Uch daqiqalik kurashdan so‘ng Mutal bo‘shashdi, ilgarigi kuchanishlardan
qoldi va bir-ikki daf’a to‘lg‘anib jimgina jon berdi. Otabek eshik tomondan ko‘zini
uzmag‘ani holda Mutalni sudrab o‘zi biqing‘an loyxonag‘a olib bordi va qo‘rqibqina
hiqildoqdan qo‘lini oldi. Mutalning boshi shilq etib loyxonag‘a tushdi-da, mangulik
uyquga ketkanligi ma’lum bo‘ldi... Otabek bitta-bitta teshilgan bino yonig‘a kelib eshik
tomong‘a hushtak berdi, javob hushtagi eshitilgach, teshuk ichiga kirib o‘lturdi.
Teshukning yuqorisidan bir oz tuynuk ochilgan bo‘lg‘ani uchun ichkaridan quloqqa
yengilcha pishillash eshitilar edi... Sodiq yaqin yetkan edi, kesmadan uzoqroqda turib
shivirladi:
— Teshdingmi, Mutal?
O’tkan kunlar (roman). Abdulla Qodiriy
Do'stlaringiz bilan baham: |