«Topishmoqli xaltacha» o’yini. Logoped:. Bog’bon barcha mevalarni terib xaltachaga soldi, lekin xaltachada sabzavotlar ham bor ekan. Bolalar siz diqqat bilan meni eshitasiz. Agar men mevalarni olsam sizlar shivirlab «ha» deysiz, agar men sabzavotlarni olsam sizlar shivirlab «yo’q» deysiz deb tushuntiradi.
Logoped: Olma daraxtda o’sadimi?
Bolalar «ha» - shivirlab sabzi yerda o’sadimi? –
Bolalar shivirlab – «ha».
Logoped: Bolalar sizlar daraxtda va yerda nimalar o’sishini yaxshi bilar ekansizlar, endi nima tepada, nima pastda o’sishini barmoqlaringiz bilan ko’rsating. Men sizlarga shivirlab meva va sabzavotlarni aytaman sizlar esa shivirlar ularning qaerda o’sishini aytasizlar va barmoqlaringizni harakati bilan ko’rsatasizlar. (pastda yoki tepada).
Bu o’yin bolalarda mayda qo’l motorikasi, hamda nutqni rivojlantirishga qaratilgan.
«Ashula aytish bilan olib boriladigan» o’yinlar. Duduqlanuvchi bolalar bilan ashulali o’yinlar tashkil etish juda yaxshi samara beradi. Ashulali o’yinlar qo’zg’alish va tormozlanish protsessini normallashtiradi. Bolalar xor bilan yoki yakka holda ashula aytishlari mumkin.
Masalan: «Hosil yig’ini» qo’shig’i harakatlar bilan aytiladi.
Biz savatcha ko’tarib
Birga ashula aytib
Hosillarni tergani
Biz dalaga boramiz
Biz bolalar chaqqonmiz
Bodringlar teramiz
Loviya va no’xat
Bizda hosil yomonmas
Ha ha yomonmas
Bizda hosil yomonmas
Hoy xoy semiz baqlajon
Juda qorin qo’yibsan
Uxlama tur tezroq
Savatchaga tusha qol
Ha ha tusha qol
Savatchaga tusha qol
Biz qaytamiz uyimizga
Yuk tashish mashinada
Darvozani ochinglar
Daladan hosil keldi
.
SHunday qilib maktabgacha yoshdagi duduqlanuvchi bolalarning duduqlanishini bartaraf etishda didaktik, harakatli, drammalashtirilgan, sukut saqlash rejimiga qaratilgan, shivirlab gapirishga qaratilgan qo’shiq aytish bilan olib boriladigan o’yin turlarini qo’llash mumkin.
Bu o’yinlar duduqlanishda nafasni to’g’irlashda, pay tortilishini kamayishga, erkin holda o’z fikrini bayon etishga yordam beradi.
O’yin maktabgacha tarbiya yoshidagi bolalar uchun eng yaqin, eng sevimli mashg’ulotdir. O’yin bolalar uchun ermak emas, balki bolalarning kuch va qobiliyatini o’stirishga yordam beradigan muhim vositadir. Bolalar o’yin jarayonida tevarak-atrofdagi hayot va tabiat hodisalari bilan tanishadilar, narsalarning o’ziga xos xususiyatlarini bilib oladilar.
Bolalar tevarak-atrofdagi ko’rgan narsalarini o’yinda ifodalab, har xil harakatlarni bajaradilar, ko’rgan-bilganlarini o’zlaricha faol talqin qilishga harakat qilib, pirovardida ifodalanayotgan narsalarini yaxshiroq tushunib, bilib oladilar.
O’yin davomida bolalar yuradilar, sakraydilar, yuguradilar, o’rmalaydilar, biron buyumni irg’itadilar, natijada ularning muskullari va sezgi organlari rivojlanadi, ular organizmining hayot faoliyati yanada o’sadi.
Bolalar o’yin vaqtida o’rtoklari bilan, kattalar bilan, o’yinchoqlari bilan gaplashadilar, jamoa bo’lib o’ynaganlarida har bir bolaning nima ish qilishi kerakligini birgalikda muhokama qiladilar. Bular bolalarning nutq va fikrlash qobiliyatini o’sishga, bilim saviyasi kengayishiga, xotirasini mustahkamlashga yordam beradi. O’yinda bolaning irodasi, o’z harakatlarini o’yin qoidasiga bo’ysundira olish ko’nikmasi o’sadi, u o’zini qo’pol (hatti-harakatlar qilishdan tiyadi, zarur bo’lganda chaqqon harakat qilishga (bekinish, yugurish, tez fikrlar va og’ir ahvoldan qutulib keta olish chorasini topishga) o’rganadi.
Umuman, bolalar jamoa holda o’yinlar o’ynar ekanlar, ular bu jarayonda jamoa orasida o’zini qanday tutish qoidalarini o’rganadilar, uyushqoqlik bilan o’yin o’ynash ko’nikmalarini hosil qiladilar. O’z zimmalariga tushgan rollarni bajarishda katta ma’suliyatni his etishga odatlanadilar.
O’yinning muhim xususiyati shundaki, bolalar egallab olishlari qiyin bo’lgan bilim va ko’nikmalarni o’yin orqali osongina o’zlashtirib oladilar.
Bola faoliyati jarayonida o’ziga zavq uyg’otadigan yorqin, ohangdor narsalar bilan o’ynashga intiladi. Bola sezgi organlari orqali idrok etgan tevarak-atrofdagi narsa va tabiat hodisalari uning xotirasida tasavvur tarzida saqlanib qoladi. O’yinga rahbarlik qilish degani o’yinni shunchaki chetdan kuzatib turish va unga chetdan turib ishtirok etish degani emas, albatta. Logoped o’yin xususiyatlarini hisobga olgan holda o’ziga xos yo’llar bilan rahbarlik qilish kerak.
Logoped o’yinga rahbarlik qilib, o’yin mazmunini boyitadi, bolaning ijodiy qobiliyatini o’stiradi, yaxshi axloqiy sifatlarni tarbiyalaydi. SHunday qilib, o’yin bolalarni har tomonlama rivojlantirish vositalaridan biri bo’lib xizmat qiladi.
Har xil guruh yoshidagi bolalar bilan o’tkazilgan o’yinlar turli-tuman bo’lib, ularning bir-biridan farqi katta. 5-6 yoshli duduqlanuvchi bolalar bilan o’tkaziladigan harakatli o’yinlarning ko’pi syujetli o’yinlar bo’lib, unda bolalar muayyan bir qoidaga (masalan: quyon inidan ma’lum signaldan so’nggina chopib chiqishi mumkinligiga) rioya qilgan holda ayiq, quyonning yurishi singari harakatlarni bajardilar. Logoped bolalar bilan ko’pincha birgalikda o’ynab, ularni o’yin qoidasini bajarishga odatlantiradilar. SHu bilan bir qatorda syujetsiz o’yinlar ham o’tkaziladi, bunda chopish, sakrash, muvozanat saqlashni mashq, qiladilar. Ular har bir harakatni endi ilgarigiga qaraganda qoidaga rioya qilgan holda bajaradilar.
Yuqoridagilardan kelib chiqib shuni aytish mumkinki, harakatli o’yin duduqlanuvchi bolalarning harakat qilishiga bo’lgan zaruriy ehtiyojini qondiruvchi eng sevimli va qiziqarli faoliyatdir. Duduqlanuvchi bolalar bino ichida ham, ochiq havoda ham sayrga chiqqanlari mumkin. Bunda kerak bo’ladigan maxsus jihozlar: muvozanat saqlash mashqlarini bajarish uchun skameykalar, tirmashib chiqish uchun ilgakli narvonchalar shular jumlasidandir. Harakatli o’yinlarni o’tkazishda guruh xonasi yoki zaldan foydalanish mumkin. Buning uchun guruh xonasida ko’proq joy qoldirish: bolalarning erkinroq harakat qila olishga imkon yaratish maqsadida stollarni xonadon tashqariga olib chiqish, qolgan mebellarni iloji boricha chetroqda surib qo’yish lozim. Tez ta’sirlanadigan, haddan tashqari harakatchan bolalar alohida e’tiborni talab qiladi: ular bilan kam harakatlanuvchan organlarni harakatga keltiradigan harakatli o’yinlarni tez-tez o’ynab turish zarur.
Quyida, biz maktabgacha tarbiya yoshidagi duduqlanuvchi bolalar uchun tekshiruv natijalari tahliliga asoslanib quyidagi harakatli o’yinlarni tavsiya qilamiz.
Do'stlaringiz bilan baham: |