2.1. Poyaning tashqi tuzilishi.
Poya o‘simlikning yer ustidagi bargsiz, kurtaksiz qismi bo‘lib, bargni ildiz bilan morfologik va funksional bog‘laydi. Uning asosiy vazifasi o‘simlik shox-shabbasini ko‘tarib tutib turish va suv hamda unda erigan mineral moddalarni ildizdan barglarga, bargda hosil bo‘lgan organik moddalarni ildizga o‘tkazishdan iborat. U ba’zan suv va zapas oziq moddalarni to‘plovchi ombor vazifasini ham bajaradi. Shuningdek, poya nafas oluvchi organ ham hisoblanadi. Ayrim o‘sim-liklarda esa assimilyasiya va vegetativ ko‘payish vazifasini bajaradi. Poya bir yillik va ko‘p yillik o‘tlarda, tana esa daraxt va butalarda bo‘ladi. Har xil o‘simliklar poyasining shakli va uzun-qisqaligi juda xilma-xil bo‘ladi. G‘alladoshlarning yumaloq va ichi bo‘sh poyasi poxol poya deyiladi. Labguldoshlarning poyasi to‘rt qirrali, qiyoqlarniki uch qirrali va hokazo. Poyalar o‘sish yo‘nalishiga qarab ortotrop (tik) va plagiotrop (ko‘ndalang) bo‘ladi. Ortotrop poyalarga kungaboqar, g‘o‘za, makkajo‘xori misol bo‘ladi. Plagiotrop poyalarning ba’zilari yerda yoyilib qo‘shimcha ildizlari bilan erga o‘rnashib o‘sadi (maymunjon, g‘ozpanja). Qovoq-doshlarning vakillari ham shu guruhga kirib, ular yer bag‘irlab o‘sadi. Ba’zi o‘simliklar poyasida bo‘g‘im oralig‘i juda qisqa bo‘lib, barglari er bag‘irlab o‘sadi, o‘sha barglarining o‘rtasidagi poya o‘sib, gul hosil qiladi. Bunday poyalarga gul-poya deyiladi. Gulpoyali o‘simlik-larga zubturum, qoqio‘t, kovrakni misol qilish mumkin. Ko‘pchilik o‘simliklarda poya tik o‘sadi. Bular aksariyat daraxtlar va ayrim o‘t o‘simliklari - g‘o‘za, beda singarilarda uchraydi. Ba’zi poyalar yer bag‘irlab o‘ralib, chirmashib o‘sadi. Masalan, qovun, tarvuzlar-da. Daraxt o‘simliklardan chirmashib o‘suvchi poyalilari lianalar deyilib, ular tropik o‘rmonlarda ko‘proq o‘sadi. Ularning uzunligi 300 m gacha etadi. Barcha liana-larning poyasida etarli miqdorda mexanik elementlar bo‘lmaganligidan, ularga tayanch kerak. Shu sababli o‘zlariga turli yo‘llar bilan tayanch topadi. Lianalar poyasi bilan chirmashib olishidan tashqari, ularda boshqa moslamalar, masalan, tayanchga o‘raladigan jingalaklar (tokda), turli xil ilmoqlar (chirmashuvchi atirgulda) va soxta qo‘shimcha ildizlar ham bor. O‘simliklar poyasining sirti ham xilma-xil. Masalan, makkajo‘xorida ular tuksiz, yalpizda mayin tukli, atirgulda dag‘al tukli va tikanli bo‘ladi. Ayrim o‘simliklarning poyasi seret bo‘lib, u suv va xlorofillga boy bo‘ladi. Ularda assimilyasiya jarayoni kechadi. Bu o‘simlik-lar sukkulentlar (lot. sukkus-shira) deyiladi. Sukkulentlarga misol qilib kaktus, agavalarni ko‘rsatish mumkin(3-rasm).
Do'stlaringiz bilan baham: |