ABDULLA QAHHOR. YOSHLAR SEMINARIDA SO‘ZLANGAN NUTQDAN (1944)
Bu kungi suhbatimizning mavzui garchi ijodiy tajribalar bo‘lsa ham, gap ko‘proq ijodiy tajribalar emas, ijodiy urinishlar to‘g‘risida borilar deb o‘ylayman.
Biron balog‘atga yetgan yozuvchi o‘zining balog‘atga qandoq yetganligi, bir yoki bir necha mashhur, hamma taqdir etgan asarini qandoq yozganligi to‘g‘risida gapirib bersa, suhbat ahli undan ta’lim olsa, o‘ vaqtda ijodiy tajriba to‘g‘risida so‘z, ta’limiy suhbat bo‘lar edi. Men bu yerda faqat durust asar yozishga qandoq o‘rganganligim, shu urinishlar orqasida nimalarga duch kelganligim to‘g‘risida gapirishim mumkin, xolos. Demak, bu suhbat o‘zaro fikrlashish tarzida o‘tadi.
Umid bilan qo‘liga qalam olgan, el-yurtga yozish-chizish ishi bilan xizmat qilishni istagan, shu yo‘l bilan ko‘proq va yaxshiroq xizmat qila olishiga ko‘zi yetgan har bir kishining omili yaxshi asarlar yaratish bo‘ladi.
Biz bir asarni yomon, ikkinchisini yaxshi, uchinchisini so‘z san’atining mo‘‘jizasi deymiz. Shunda hammadan burun nimani ko‘zda tutamiz? Avval shu savolga javob berish kerak.
Modomiki, kitob keng o‘quvchilar ommasi uchun yozilar ekan, bu savolga o‘sha omma nuqtai nazaridan qarab javob berish zarur. Omma o‘zini maftun qiladigan, rohat bag‘ishlaydigan narsani o‘qiydi. O‘shani yaxshi asar deb biladi. O‘quvchi kitobni «madaniyatdan orqada qolmaslik» uchungina emas, zo‘r rohatdan mahrum bo‘lmaslik uchun o‘qisa hisob. Shunday asar yaxshi asar bo‘ladi. («Qilich», «Tozagul», «To‘plam»). Asar to‘g‘risida eng to‘g‘ri xolis yozilgan taqriz kutubxonaning daftarida bo‘ldi.
Eng yaxshi tomosha bo‘lmagan drama, qo‘lga olish bilan jozibasiga tortib ketmaydigan adabiy asar yaxshi narsa bo‘lmaydi. Agar biron yozuvchi asarning shu tomoniga e’tibor qilgani erinsa yoki erinmagani taqdirda ham udda qilolmasa-yu, o‘zining ojizligini, mas’uliyatsizligini «mazmun», «olijanob maqsad» iboralari ostiga berkitsa, san’atni, eng muhim tarbiya qurolini beburd qilgan bo‘ladi.
Maqsad naqadar olijanob bo‘lmasin, Chexovning, tili bilan aytganda «qurbaqaga shakar sepib berganing bilan baribir yemayman».
Adabiy asar, adabiyot degan shundoq bo‘lsin.
Yozuvchi bilan narsa yozish uchun qo‘liga qalam olganda hammadan burun ko‘z oldiga shu narsani o‘qiyotgan o‘quvchini keltirsin, asarning har bir satri ko‘z oldidan o‘tganida chehrasida bo‘ladigan o‘zgarishni ko‘rib tursin. Yozuvchi o‘zini kattakon bilimdon, yuksak zavq egasi bo‘lgan kishi oldida imtihon berayotganday sezsin.
Kitobxonni maftun qiladigan narsa yaxshi narsa bo‘lsa, qandoq asar maftun qiladi? Uning mehrigiyosi qaerda, bu mehrigiyo nimadan iborat?
Klassiklardan o‘rganish degan so‘z klassik asarlardagi mana shu mehrigiyoni topishga urinish, topishdan iborat bo‘lsa kerak.
Albatta, har bir yaxshi asar o‘zicha yaxshi. Har bir yaxshi asarning mehrigiyosi boshqa yaxshi asarning mehrigiyosiga o‘xshamaganligi uchun yaxshi. Go‘zal degan so‘z bitta. Lekin uning ming bir ma’nosi bor.
Yaxshi asarlarning yaxshilik sirini qidirgan vaqtda hamma yaxshi asarlarga mushtarak bo‘lgan bir narsa darrov ko‘zga ko‘rinib turadi. Ehtimolki bu asarning maftun qiladigan asar chiqishi uchun asosiy shartlardan biri bo‘lsa.
Ma’lumki, san’at, shu jumladan, so‘z san’ati — adabiyot ham kishilarning ongiga his orqali — yurak orqali ta’sir qiladi. Adabiyot biron ijtimoiy hodisaning yaxshi yoki yomon ekanligini faktlar, raqamlar bilan isbot qilib, xulosa chiqarmaydi; uning yaxshi yoki yomon ekanligini ko‘rsatib kishilarda shu hodisaga nisbatan muhabbat yoki nafrat hissi tug‘diradi. Biron hodisaning yaxshi yoki yomon ekanligini bildirish bilan unga nisbatan nafrat yoki muhabbat hissi tug‘dirish orasida juda katta farq bor. Bilgan kishi bilib qo‘ya berishi mumkin, lekin his qilgan kishi his qilib qo‘ya bermaydi. Adabiyotning zo‘r tashviqiy kuchi ham mana shundan iborat.
Bundan ma’lum bo‘ladiki, yozuvchi biron hodisaga o‘quvchida muhabbat yoki nafrat hissi qo‘zg‘atishi uchun avval o‘sha his o‘zida bo‘lishi kerak.
Kishi hech qachon dushmanning go‘ri ustida boshqalarning ko‘zidan yosh chiqaradigan ta’sirli nutq so‘zlolmaydi.
Eng talantli, eng usta, xushovoz artist agar o‘ziga yoqmaydigan ashulani aytishga majbur bo‘lib qolsa, talanti ham, ustaligi ham yo‘qolib, quruq ovozi qoladi.
Talant, bilim, hunar jihatidan bir darajada bo‘lgan ikki yozuvchi muhabbat to‘g‘risida yozsa, shu muhabbat hissini boshidan kechirgani yaxshiroq yozadi.
Yozuvchi o‘zi his qilmagan narsa to‘g‘risida yozsa, buni o‘qigan o‘quvchi ham hech narsani his qilolmaydi. O‘quvchining qalbiga ta’sir qilmagan narsaning adabiyotga hech tegishligi yo‘q.
Demak, kuydirish uchun kuyish, ardoqlash uchun ardoqlanish shart. Busiz bo‘lmaydi. His qilinmasdan yozilgan narsa qog‘ozdan qilingan gulga o‘xshaydi.
His, ichki dard kishining qalbini toshirib yuboradi. Bunday vaqtda kishi o‘zini qaerga qo‘yishini bilmaydi. O‘zining dardiga boshqalarni sherik qilish, yuragini bo‘shatish, kishiga azob berish darajasiga yetadi. Shu vaqtda qo‘l qalamga boradi. Kishining ko‘ziga hech narsa ko‘rinmaydi. Yozish uchun hech narsa xalal bermaydi. Fikr to‘kila boradi. Yozib ulgurib bo‘lmaydi.
Kishidagi mana shundan holatni odatda ilhom deyishadi.
Aytilgan gaplardan xulosa chiqarsak, yaxshi asar o‘quvchini maftun qiladigan asar faqat ilhom bilan yozilgan asar, deyish kerak bo‘ladi.
Yozuvchi ilhom keldi deb tez-tez yozadi, ilhom kelmayotir deb soatlab qog‘oz chizib o‘tiradi. Bas, ma’lum bo‘ladiki, ilhom kelgani yozuvchining to‘la his qilgani, ilhom kelmagani yozuvchining hali his qilmagani bo‘ladi.
Ilhom kelishi uchun yozuvchining his qilishi shart bo‘lsa, his qilishi uchun nimalar kerak?
Yozuvchi yozuvchi bo‘lish uchun qanday katta mehnatni o‘z bo‘yniga olganligi mana shu yerda ko‘rinadi.
Umuman saviyasi biron uy xizmatchisining saviyasi bilan barobar bo‘lgan kishi hech vaqt ijtimoiy hodisalarni to‘g‘ri tahlil qilolmaydi.
Demak, ijtimoiy hodisalarni tahlil qilish, uning yaxshi, yomon ekanini bilish uchun yozuvchining saviyasi juda-juda baland bo‘lishi kerak.
Yozuvchi turmush hodisasini tahlil qilganidan so‘ng unga ma’lum bir munosabatda bo‘ladi. Bu munosabati uning qanoati bo‘ladi. Uning biron hodisani his qilishi mana shu qanoati asosida bo‘ladi.
Shulardan ma’lum bo‘ladiki yozuvchi hech vaqt «Nima to‘g‘rida yozsam ekan?» deb o‘ylab, keyin birdaniga biron to‘g‘rida yozishni ixtiyor qilmaydi. Aksincha, hodisaga ma’lum munosabati, qanoatidan kelib chiqqan rozilik yoki norozilik uni yozishga majbur qiladi, uni o‘z ixtiyoriga qo‘ymaydi.
Mana shundan keyin asarning g‘oyasi to‘g‘risida gapirish mumkin.
Men ilgari vaqtlarda ko‘p kishilardan «asar yozishdan burun uning g‘oyasini belgilab olish kerak», degan maslahatni eshitganman. O‘sha vaqtlar shu maslahat asosida ish ko‘rib ko‘p garang ham bo‘lganman. O‘sha vaqtlarda qo‘limga qanday asar tushsa, darrov uning g‘oyasini axtarar edim. Ko‘pincha, uning g‘oyasini topolmas edim. Endi o‘ylab qarasam o‘sha maslahatlar noto‘g‘ri, o‘sha urinishlarim mutlaqo samarasiz urinishlar ekan.
Men shu kungacha bitta-ikkita durust narsa yozgan bo‘lsam birontasining ham g‘oyasini oldin belgilab olganim yo‘q. Nainki, urush zamonidagi chollarni ko‘rsatish maqsadida men Asrorboboni yasagan bo‘lsam! Yo‘q, chollarning urush yillarida yoshlar bilan bir safda turganligi menga qattiq ta’sir qilgan edi. Bu hikoya shu ta’sirning natijasi. Adabiyotchilar, tanqidchilar tilida bu chol qanday deb atalishini ko‘zda tutgan emasman, shular nima deb atasa hikoyaiing g‘oyasi o‘sha bo‘ladi.
Yanglish maslahatlarga amal qilib asarning g‘oyasini qidirar edim. Bu ham bekorchi urinish ekan. Haqiqatan shunday. Asarning g‘oyasini qidirishga ehtiyoj bormi? Asar o‘quvchida qanday ta’sir qoldirsa, uni qaysi yo‘lga boshlasa g‘oyasi o‘sha-da.
Jek Londonning «Den plameneet» degan bir romani bor. Men asarlarning g‘oyasini qidirib yurgan vaqtimda shu romanning g‘oyasini topolmagan edim. Lekin shu kitobni o‘qiganimdan keyin shaharda turgim kelmay qoldi. Qolgan umrimni qishloqda o‘tkazishni xohlab qoldim. Demak, yozuvchining maqsadi shu ekan, odamlarni tabiatga da’vat qilgan ekan.
Konstantin Simonov «Nafsoniyatli kishi» degan bir qissa yozdi. Bunda shaxsiy hayotdan tamoman voz kechib front uchun ishlayotgan bir injener bilan frontda ish ko‘rsatib ordenlar olgan bir ofitser to‘qnashtiriladi. Ofitser injenerga «biz u yerda qon to‘kib yuribmiz, sen bu yerda aysh-ishrat qilib o‘tiribsan», deydi. Shunda o‘quvchi ofitserga «sen bu injenerni haqorat qilma», degusi keladi. Keyinchalik ofitser hato qilganini biladi, injenerdan uzr so‘raydi. Bu qissaning g‘oyasini qidirishga ehtiyoj bormi? O‘quvchi ofitserning so‘zini nohaq deb bilishining o‘zi kifoya. Front qahramonlari bilan mehnat fronti qahramonlarining Vatan oldidagi xizmati bir gaz bilan o‘lchanadi.
Ilhom bilan, ichki majburiyat orqasida yozilgan asarni tuzatish, qayta ishlash mumkinmi?
O‘sha tuzatish, o‘sha qayta ishlash xohishga aylanmaguncha, yozuvchining qalbidan o‘rin olmaguncha mumkin emas.
Ko‘pincha shunday hollar bo‘ladi; yozuvchi asarini bitirib odamlarga o‘qib beradi. Bu yerda asarning kamchiliklari ko‘rsatiladi. Yozuvchi ko‘pincha o‘sha kamchiliklarni o‘zi kamchilik hisoblamagani holda faqat bilimdonlarning so‘zini ikkita qilmaslik uchun tuzatishga kirishadi. Bunday vaqtda yozuvchi o‘z ma’shuqasiga birovning so‘zi bilan muhabbat izhor qilayotgan oshiqqa o‘xshab qoladi. His qilmasdan asarni tuzatish dutorni ikki kishi chalganday gap. Parda bosgan kishi ham, zarb bergan kishi ham hech narsani his qilolmaydi. Bunday mashqdan hech kim lazzat olmaydi.
Asarni qayta ishlash degan gapga men tushunmayman. Agar biron asar qayta ishlashga muhtoj bo‘lsa, shu material asosida boshqa asar yozish kerak ekan, deb tushunaman.
Yaxshi asar ilhomning natijasi, ilhom his qilishning natijasi dedik. His qilish uchun yozuvchi o‘shani boshidan kechirishi shartmi? Agar shart bo‘lsa Tolstoy hech qachon «Anna Karenina»ni yozolmas edi. Chunki Tolstoy hech vaqt xotin kishi bo‘lib ko‘rgan emas.
His qilish uchun yozuvchiga o‘zining shaxsiy kechinmalari bilan bir qatorda mushohada ham yordam beradi. Yozuvchi o‘zi boshidan kechirmagan yoki kechirish mumkin bo‘lmagan hodisalarni zo‘r diqqat bilan mushohada qiladi. Turmushni o‘rganish degan so‘zning ma’nosi turmushni mushohada qilish demakdir. Eng zo‘r yozuvchilar eng zo‘r mushohada kuchiga ega bo‘lishgan. Odamlarning raftoriga oid eng kichik narsalardan tortib, katta-katta ijtimoiy hodisalargacha g‘oyat zo‘r diqqat bilan o‘rganishgan. Boshqa kishilarning diqqatini jalb qilmagan hodisalar, boshqa kishilar e’tibor qilmagan narsalar bularning diqqatini jalb qilgan, e’tiborini tortgan.
Mana shuning uchun har bir badiiy asarda yozuvchining shaxsiy kechinmalari, tarjimai holi unsurlari bo‘ladi. Yozuvchi ba’zan biron tipga asos qilib haqiqatda mavjud odamni ham oladi. Bunday hollarda o‘sha mavjud odam tipning prototipi bo‘ladi. Yozuvchi prototipning o‘zigagina xos sifatlarini, xislatlarini tashlab, tip uchun xaraqterli bo‘lgan boshqa syfatlar, xislatlar qo‘shadi. Shunday bo‘ladiki, prototip tipning o‘zi ekanini bilmaydi.
Odatda mushohada faqat kerak bo‘lganda biron asar yozish uchun zarur bo‘lib qolganda qilynmaydi.
Masalan, birovning oyog‘ini tramvay bosdi. Ehtimol, mening qahramonlarimdan, personajlarimdan hech kimning oyog‘ini tramvay bosmas. Lekin oyog‘ini tramvay bosgan odamning o‘sha damdagi holati, harakati, qiyofasi esimda qolishi kerak. Chunki mabodo shunday holat kerak bo‘lib qolsa oyog‘ini tramvay bostirib ko‘rgani hech kim rozi bo‘lmaydi.
Kishi chuchkiradigan vaqtda afti qandoq bo‘lishiga hech kim e’tibor qilmaydi. Lekin Chexov shunga e’tibor qilgan ekan. «Chinovnikning o‘limi»da qo‘l kelipti.
Men «Anor» degan hikoyani yozganimda boshqorong‘i xotinning holatini shu kunlarda mushohada qilganim yo‘q. Boshqorong‘i xotinning holati mening xotira daftarimda bor edi. Buni men bir vaqtlar daftarga shunday qayd qilib qo‘ygan ekanman:
«Er xotiniga jannatning ta’rifini qiladi. Xotinning ko‘ziga havzi kavsar va unda yuzib yurgan baliqdan boshqa hech narsa ko‘rinmaydi. Xotin baliqqa boshqorong‘i».
Bundan olti yil burun daftarga shuni yozib qo‘ygan ekanman:
«Ajoyib it, o‘g‘ri kirganda olqishlasang, yotib dumini yalaydi».
Bu narsa olti yildan beri kerak bo‘lgani yo‘q, ehtimol, hech qachon kerak bo‘lmas. Shunday qilib, yozuvchining xotira daftari — mushohadalar xazinasi — turmush qomusi vujudga keladi.
Bu daftarga faqat mushohadalargina emas, voqealar, manzaralar, fikrlar, so‘zlar, iboralar ham yozilishi mumkin. Chexov hatto ismlarni ham yozgan.
Mana shuning uchun yozuvchi yozayotganda, o‘ylayotgandagina, emas, hammavaqt mehnat qiladi. Shundoq bo‘lishi kerak.
1944 yil
Do'stlaringiz bilan baham: |