Uning:
Yo‘lchiman, manzilim ufqdan nari
Lojuvard dengizning tubiga yaqin,
satrlari uchun, shoir okean ortini qo‘msayabdi, deb ayb qo‘yishgan.
She’rim, yana o‘zing yaxshisan,
Boqqa kirsang gullar sharmanda...
Bu satrlarga qo‘yilgan aybni eshiting: “Bu nima degani? Sovet gullari Usmon Nosir she’ridan xunukmi? Shoir she’rlarini sovet gullaridan ortiq ko‘rarkan-da?!”
Sovet tuzumi mafkurasi har bir she’rni, ijod namunasini ana shunday ramkalarga solgan va shunga ko‘ra hukm chiqargan.
– “O‘zbekiston” qasidangiz uslub jihatidan ham, mazmun jihatidan ham benazir va betakrordir. Uni uzoq yillar davomida yaratgansiz...
– U davrlarda butun Sovet Ittifoqi ona-Vatan sifatida ulug‘lanar va kuylanardi. Bu holatda mening ko‘nglimda: “Unda – O‘zbekiston-chi?!” degan savol tug‘ilgan. Va bu savol butun she’r davomida “O‘zbekiston, Vatanim manim!” xitobi bo‘lib yangradi. Qiziq bir detal. She’rning buyuk sohibqironga bag‘ishlangan satrlarida “Deyman bu kun – u manim, manim” misrasi bor edi. Senzura tazyiqi bilan “Demam bu kun – u manim, manim” deb e’lon qilingan. Buyuk bobomizni meniki deyishga haqqimiz yo‘q edi o‘sha davrlarda!
– Abdulla aka, qishlog‘imizda bir ayol bo‘lardi. Eri urushdan qaytmagan. Yolg‘iz o‘g‘li bilan beva qolgandi. Sizning “Ayol” she’ringizni har gal o‘qiganimda ko‘z o‘ngimda uning siymosi gavdalanardi...
– “Ayol” nomli she’rim urushdan qaytmagan amakilarimning bevalariga bag‘ishlangan. Ularning iztiroblarini ko‘rib, kuzatib ulg‘aygan ko‘nglimning nidosi bu she’r.
– Sevimli qo‘shiqqa aylanib ketgan “Birinchi muhabbatim”ning yozilish tarixi-chi? Agar sir bo‘lmasa, uning “prototipi” bormi?
– Albatta bor... Yaxshisi, bu sir bo‘la qolsin.
– Abdulla aka, yaqinda “Onajon” she’ringizga qayta ko‘zim tushib, mijjalarim yana namlandi. Unda xuddi mening yonishlarim mujassam bo‘lgandek tuyulaveradi har gal. Qolaversa, men ham Onam haqida turkum she’rlar yozganman... Muhtarama volidangiz hamon yodingizga tushib turadimi? Sizni dunyoga keltirib, voyaga yetkazgan ul zotning joylari jannatda bo‘lsin...
– Onam rahmatlikni men juda ham minnatdor bo‘lib eslayman. Hammaning ham o‘z onasi bir farishtaday, ilohiy ko‘rinadi. Zotan Ona – bu mehr deganidir.
Men onamga bag‘ishlangan she’rimni, marsiya desam ham bo‘ladi, uzoq vaqt yozdim. O‘sha paytdagi ahvol-ruhiyatimdan so‘z ochmay qo‘ya qolay. Lekin men bu she’rni matbuot uchun yozgan emasman. Hech qachon g‘am odamning bayrog‘i bo‘lolmaydi. Ikki yil she’rni e’lon qilmadim. Sababi, mendan keyin uchta singlim bor edi. Bu she’rni o‘qishsa ular uchun onam ikkinchi marta qazo qilgandek bo‘lardi-da... Keyinchalik e’lon qildim.
Onalar haqida gap ketganda, muqaddas haj safarida Makkaning ulug‘ shayxi amri ma’rufida eshitganim yodimga tushadi:
“Ayo, ahli muslim, sizga ikki yo‘l ko‘rsatilgandir: sajda qiling, Ollohga va yana Ollohga. Sajdaga yana bir yo‘l bordir, u esa Onaga va faqat Onaga. Ayo, ahli muslim! Rasuli akramning o‘gitlarini takror qilamizki, shul ikki xilqatdan tashqari hech bir mavjudot sajdaga loyiq emas. Payg‘ambarlarimizga, padari buzrukvorimizga ham sajda qilinmaydi, ular ziyorat qilinadi”.
Do'stlaringiz bilan baham: |