Abdulla Oripov (1941–2016)
Shoir, tarjimon, publitsist, jamoat arbobi Abdulla Oripov 1941 yil 21 martda Qashqadaryo viloyati, Koson tumanidagi Neko‘z qishlog‘ida tug‘ildi. O‘rta maktabni oltin medal bilan tamomlagandan keyin (1958), hozirgi O‘zbekiston Milliy universitetning jurnalistika fakultetida o‘qidi (1958–1963), “Sharq yulduzi” jurnalida adabiy xodim, “Yosh gvardiya” va G‘afur G‘ulom nomidagi Adabiyot va san’at nashriyotlarida muharrir, “Yosh gvardiya” dramatik teatrida badiiy bo‘lim mudiri, O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasida maslahatchi, katta adabiy maslahatchi, Abdulla Qodiriy nomidagi Toshkent Davlat Madaniyat institutida o‘rindoshlik bo‘yicha o‘qituvchi, “Sharq yulduzi” jurnalida muharrir (1963–1982), Yozuvchilar uyushmasining Toshkent viloyat bo‘limi mas’ul kotibi (1982–1983), “Gulxan” jurnali bosh muharriri (1983–1985), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi Rayosati raisining o‘rinbosari (1985–1987), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining kotibi (1987–1989), O‘zbekiston Respublikasi Mualliflik huquqini himoya qilish davlat agentligi raisi (1989–2007), O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining raisi (1995–2009) vazifalarida ishladi. 2009 yildan boshlab esa O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasining Faxriy raisi. U 1990 yilda O‘zbekiston Oliy Kengashining, 1995 yilda O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisining deputati etib saylangan. O‘zbekiston Respublikasi Oliy Majlisi senati a’zosi (2005–2010).
A bdulla Oripov Kaliforniya (AQSH) fan, ta’lim, sanoat va san’at xalqaro akademiyasining a’zosi hamdir.
Dastlabki she’ri 1957 yilda, o‘zbek she’riyatida o‘ziga xos voqea bo‘lgan “Mitti yulduz” nomli birinchi kitobi esa 1965 yilda nashr etildi. Shundan keyin “Ko‘zlarim yo‘lingda” (1966), “Onajon” (1969), “Ruhim” (1971), “O‘zbekiston” (1972), “Hayrat” (1974), “Yurtim shamoli” (1976), “Yuzma-yuz” (1978), “Najot qal’asi” (1980), “Jannatga yo‘l” (1980), “Surat va siyrat” (1981), “Yillar armoni” (1983), “Oltmish yoshli vatanning olti yoshli o‘g‘loni” (1983), “Ehtiyoj farzandi” (1989), “Sen bahorni sog‘inmadingmi”, “Bobo va nabira”, “Qush tili” (1991), “Munojot”, “Muborak haj yo‘llarida”, “Haj daftari, Hikmat sadolari” (1992), “Hikmat sadolari” (1993), “Dunyo” (1995), “ Ibodat”, “Sohibqiron”, “Saylanma” (1996), “Savob” (1997), “Bedorlik” (1999), “Mustaqillik qo‘shig‘i” (2000), “Bir qarasam…” (2001), “Shoir yuragi” (2003), “Mehr” (2004), “Ko‘z tumor” (2005), “Men nechun sevaman O‘zbekistonni”, “Birinchi muhabbatim” (2006), “Talosh pallasi”, “Saylanma” (2007), “Ona yanglig‘ yagona”, “Menga xushxabar ayt” (2009), “Istiqlol manzaralari”, “Saylanma” (2011), “Ezgulik”, “Ranglar va ohanglar” (2012), “Tutash dunyolar”, “Yangi she’rlar”, “Sohibqiron” (2015) kabi oltmishga yaqin to‘plamlari chop etildi. 2000–2013 yillarda “Tanlangan asarlar”ning yetti jildligi bosilib chiqdi.
Abdulla Oripovning dostonlari, she’rlari ko‘plab xorij tillariga tarjima qilindi. “Rodnik” (1970), “Veter Rodini’” (M., 1975), “Lyubov k jizni” (M., 1980), “Jajda vesni’” (1985), “Udivleniye” (1985), “Veter moyego kraya” (M., 1988), “Soxibkiran” (1996), “Blagoslovenno projitoye mnoy” (2003) singari sakkizta kitobi Moskva va Toshkentda rus tilida bosilib chiqdi. “Ilhom” (1984) tojik tilida, “She’rlar” (1989) Urumchida uyg‘ur tilida, “Hur o‘lkam” (1999) majmuasi Istanbulda turk tilida nashr etildi.
U buyuk italyan shoiri Dante Aligerining shoh asari “Ilohiy komediya”ning “Do‘zax” qismini to‘lig‘icha va “A’rof” qismidan to‘qqiz qo‘shiqni mahorat bilan o‘zbek tiliga o‘girdi (1975,2005). Yenye Xelton, A. Pushkin, N. Nekrasov, L. Ukrainka, T. Shevchenko, R. Hamzatov, Q. Quliyev, Maxsatiy Ganjaviy, Yegishe Charens, H. Bachchan, H. Merilaas, Xalil Rizo va boshqa qardosh shoirlar she’rlarini tarjima qildi.
Shoir ijodi mustaqillik yillarida nihoyatda tuyg‘ularga boy, fayzli va sermahsul bo‘ldi. “Haj daftari” (1992) turkumiga kirgan she’rlarida shoir ma’naviyatimiz manbalarini kashf etish yo‘lidan boradi. Qur’oni Karim, Hadisi shariflardan zamonaviy ma’nolar izlaydi va topadi. U dostonnavis va dramaturg sifatda ham ma’lum va mashhurdir. Xususan, “Sohibqiron” (1996) she’riy dramasi va “Istiqlol manzaralari” (2011) dostoni shoirga katta shuhrat keltirdi.
O‘zbek xalqining milliy tiklanish, hurfikrlilik va mustaqillik uchun kurashida Abdulla Oripov she’riyati alohida o‘rin tutadi.
O‘zbekiston xalq shoiri Abdulla Oripov O‘zbekiston Respublikasi Madhiyasi hammualifidir. U 1994 yilda Abdulla Qodiriy nomidagi Davlat mukofoti bilan, 1998 yilda “O‘zbekiston Qahramoni” yuksak unvoni bilan taqdirlandi.
REFERAT
Mavzu: Abdulla Oripov
Bajardi: ____________________
Tekshirdi ___________________
Do'stlaringiz bilan baham: |