24.Ўрта ер денгизи ҳавзасида Римнинг ташқи сиёсати.
Rim, O‘rta Italiyani zabt etib, Janubiy Italiyadagi yunon polislari bilan urushlarni boshladi va ularda muvaffaqiyatga erishdi. Natijada Rim boshchiligida Rim - Italiya konfederatsiyasi barpo etildi. Rim butun Italiyani “divide et impera” - “bo‘lib tashla va hukmronlik qil” shiori ostida boshqargan. Shunday qilib, mil. avv. III asrda Rim o‘sha davrning yirik davlatlaridan biriga aylandi va G‘arbiy O‘rta er dengizi mintaqasida hukmronlik qilish uchun kurashni boshladi. Ushbu yo‘nalishda Rim mil. avv. IX asrda Finikiya koloniyasi negizida asos solingan Karfagen Shimoliy Afrika oligarxik respublikasi bilan to‘qnashdi. Shuni ta’kidlash lozimki, O‘rta er dengizi mintaqasidagi xalqaro munosabatlarni Rim tarixidan ajralmas holda ko‘rib chiqish mumkin. Demak, 100 yilda ortiq davom etgan Puni urushlari boshlandi. Birinchi Puni urushi (mil. avv. 264 - 241 yy.) natijasida Rim dastlabki dengiz orti egaliklarini - Sitsiliya, Sardiniya, Korsikani qo‘lga kiritdi, va ular Rim viloyatlariga aylantirildilar. Ikkinchi Puni urushi (mil. avv. 218 - 201 yy.) davrida karfagenlik mashhur sarkarda Gannibal Italiyaga bostirib kirdi va ushbu hududlarni 15 yil davomida qiyratib, qator g‘alabalarga erishdi (Kann yonidagi jang - mil. avv. 216 y.). Urush yillarida Rim diplomatiyasi o‘zini yuqori darajada namoyon qildiki, Karfagen ittifoqchisi - Makedoniyaning harakatlari ma’lum davrga betaraf qilindi, Etoliya ittifoqi bilan esa ittifoq tuzildi. Rim, fojiali mag‘lubiyatlarga qaramasdan ham harbiy, ham diplomatik usullardan foydalanib, ushbu urushda g‘olib chiqdi. Publiy Korneliy Stsipion qo‘mondonligida rimliklarning g‘alabasi (Zam yonidagi jang - mil. avv. 202 y.) oqibatida karfagenliklar mag‘lub etildi. Ispaniya Rim qo‘liga o‘tdi, Karfagen esa harbiy - siyosiy qudratidan mahrum bo‘ldi. Rim yirik mamlakatdan G‘arbiy O‘rta er dengizidagi eng yirik buyuk davlatga aylandi. G‘arbiy O‘rta er dengizi mintaqasining Rim hokimiyati ostida birlashtirilishi Yunonistonning Sitsiliya bilan, hamda Misr va Suriyaning Shimoliy Afrika va Italiya bilan mil. avv. III asrda mustahkamlangan an’anaviy savdo aloqalariga sezilarli o‘zgarishlar kiritdi. Savdo yo‘llari va iqtisodiy markazlarning boshqa joylarga ko‘chishi jarayoni boshlandi. Ikkinchi Puni urushidan so‘ng Rim ekspansiyasining yangi davri boshlandi: rimliklar Sharqdagi ellin mamlakatlariga kirib borishdi. Murakkab xalqaro vaziyat va ellin davlatlaridagi ichki inqiroz bu jarayonini engillashtirdi. Rim tomonidan Sharqda olib borilgan hujumkor siyosatning sabablari va maqsadlari Rim jamiyatining rivojlanishidan kelib chiqardi. G‘arbdagi muvaffaqiyatli urushlar natijasida qulchilikning tez sur’atlarda o‘sishi ko‘zga tashlanadi. Ushbu urushlar qullar va moddiy boyliklarning katta oqimini yuzaga keltirdi. Bu jarayon iqtisodiyotda chuqur o‘zgarishlarga olib keldi; tovar xo‘jaligi rivojlandi. Shuning uchun ham Rimning tajovuzkorligi kuchaydi. Miloddan avvalgi III asrning oxirgi yillari Makedoniyaning siyosiy va iqtisodiy jihatdan o‘ta kuchayishi davri hisoblanadi. Misrning ichki qiyinchiliklaridan foydalanib, Makedoniya podshosi Filipp V va Salavkiylar podshosi Antiox III ittifoq tuzishdi va Misrdan tashqarida joylashgan, lekin ushbu davlatga tegishli bo‘lgan erlarni bo‘lib olishdi.
Do'stlaringiz bilan baham: |