48. Илк янги даврда халқаро муносабатлар ва дипломатиянинг тавсифий ҳусусиятлари. XVII asrning xususiyati uning ilk yangi davrning qoq markazida bo‘lganligidadir. Ushbu asrdagi xalqaro siyosatning mazmuni va tamoyillarini hosil qilgan davlatlararo ziddiyatlar, bir tomondan, XVI asrning merosiga tayanardi, ikkinchi tomondan - ushbu siyosatning kelgusi asrdagi rivojlanishini, ma’lum darajada, belgilab berardi. Ushbu davrda diplomatiyaning tutgan o‘rni yanada ahamiyatli bo‘lib bordi, diplomatik xizmatning oyoqqa turishi va takomillashishi ro‘y bermoqda edi. Fransuz tili diplomatik aloqalarning rasmiy tiliga aylandi. XVII asrda paydo bo‘lgan dastlabki gazeta va jurnallardan siyosiy va diniy kurashda, demak xalqaro munosabatlarda ham, keng foydalanildi. Bundan tashqari, diniy omilning xalqaro munosabatlar holatiga ta’sir ko‘rsatishi davom etardi. XVII asrning o‘rtalarigacha davlatlararo ittifoqlarning shakllanishi va harbiy to‘qnashuvlarning yuzaga kelishi asosan diniy tamoyillar negizida ro‘y berardi. Ko‘p hollarda xristian dinidagi turli konfessiyalarning (yo‘nalishlarning, oqimlarning) vakillari prinsipial raqiblar sifatida namoyon bo‘lardi. Bu esa Evropa mamlakatlarini o‘zaro qarama - qarshiligiga olib kelardi. Qudratli buyuk davlat - Usmoniylar imperiyasi xalqaro munosabatlarning yana bir omili edi. Ulkan harbiy va moddiy kuchga ega bo‘lgan Istanbul Evropada yuzaga kelayotgan xalqaro munosabatlar tizimida muhim rol o‘ynardi. Evropa davlatlari Usmoniylarga qarshi ittifoqlar tuzish yo‘lidan borishardi, garchand imperiyaga yaqin joylashgan mamlakatlar tinchlikni saqlashga moyillik bildirsa ham. Kuchlar muvozanatini saqlash g‘oyasi xalqaro munosabatlar tizimida belgilovchi tamoyillardan biriga aylandi. Yirik davlatlar o‘rtasidagi ziddiyatlar alohida ahamiyatga ega edi. Ushbu davlatlar o‘zlarining atrofiga o‘rta va kichik mamlakatlarni jalb etib, turli ittifoqlar tuzishardi. Shu tarzda ko‘plab mamlakatlar diplomatik va harbiy nizolarga tortilardi. Asosiy maqsad - birorta davlatning boshqa davlat evaziga haddan tashqari kuchayib ketishiga yo‘l qo‘ymaslik va mavjud vaziyatni saqlash edi. Tashqi siyosatning asosiy ko‘rinishlaridan biri - bu davlatlar tomonidan olib boriladigan urushlar edi. Xalqaro nizolarni keltirib chiqaradigan sabablar orasida chegara mojarolari, sulolaviy da’volar, savdo molnopoliyasi uchun kurash va boshqalarni ko‘rsatish mumkin. Uzoqqa cho‘ziladigan tavsifga ega bo‘lgan harbiy operatsiyalarning ko‘lami kengayib bordi. Bu esa asosan yollanma askarlardan iborat doimiy armiyalarning mavjud bo‘lishini talab qilardi. O‘ttiz yillik urush (1618 – 1648 yy.) XVII asrdagi xalqaro xayotning eng yirik voqeasi bo‘ldi. Bu urush umumevropa miqyosdagi birinchi urush edi. Uning girdobiga ko‘plab mamlakatlar tortilib ketdi. O‘ttiz yillik urushning boshlanishidan oldin Germaniyada ichki kurash avj oldi. XVII asr boshida kontrreformatsiyaning hujumi kuchayib bordi. Protestantlar tomonidan erishgan mavqelarini birin - ketin yo‘qotib borishi nafaqat umumgerman, balki xalqaro ta’sirga ega edi. Germaniyada diniy - siyosiy vaziyatning keskinlashuvida Evropa davlatlari orasidagi murakkab o‘zarobog‘liklar va ziddiyatlar katta rol o‘ynadi. 1608 - 1609 yillarda bu erda nemis knyazlarining, konfessional (diniy) negizdagi, ikki harbiy - siyosiy ittifoqi yuzaga keldi - Evangeliya uniyasi (Injilchilar ittifoqi) va Katolik ligasi. Ikkala ittifoq ham xorijiy davlatlarning ko‘magini oldi. Natijada Germaniyadagi har qanday harbiy to‘qnashuv, davlatlar orasidagi keskinlashgan munosabatlar sharoitida, xalqaro nizoga aylanib ketishi mumkin edi. Aynan shunday holat O‘ttiz yillik urushning boshida ro‘y berd iva Germaniya harbiy harakatlar maydoniga aylandi. G‘arbiy Evropaning siyosiy hayotidagi asosiy to‘qnashuvi - bu Ispaniya va Avstriya Gabsburglari ittifoqining Fransiya bilan qaytadan boshlanib ketgan kurashi edi. Ikkala kuch ham qit’aning ushbu qismida ustivorlikga da’vogarlik qilardi. Chexiyadagi lokal nizodan boshlangan urush Shimoliy Germaniyaga yoyildi, keyinchalik esa Markaziy Evropaning ulkan hududlarini qamrab oldi. Evropa mamlakatlarining muayyan manfaatlari urushning turli bosqichlarida ularning qatnashuvini belgilab berdi. O‘ttiz yillik urush to‘rtta davrdan iborat: Chexiya davri (1618 – 1629 yy.), Daniya davri (1625 – 1629 yy.), Shvedlar davri (1630 – 1635 yy.) va Fransuz - shvedlar davri (1635 – 1648 yy.). Dastlabki uch davrda Gabsburglarning qo‘li baland keldi. Oxirgisida esa imperiya va uning ittifoqchilari mag‘lub etildilar. Kurashayotgan tomonlarning tinkasi quridi, asosiy harbiy harakatlar olib borilgan Germaniyada aholi xonavayron etildi. Natijada armiyalarning ta’minotini amalga oshirish imkonsiz bo‘lib qoldi. Qolaversa, urushayotgan mamlkatlarning o‘zida ijtimoiy vaziyat keskinlashib bordi. Urushni to‘xtatish zaruriyati yuzaga keldi. 1638 yilning o‘zidayoq Rim papasi va Daniya qiroli urushni to‘xtatishga da’vat etishdi. Ikki yildan so‘ng Regensburgdagi German reyxstagi tinchlik muzokaralarini boshlash g‘oyasini qo‘llab - quvvatladi. Biroq, sulhni diplomatik tarzda tayyorlashga kechroq kirishildi. Faqatgina 1644 yilda Myunsterda tinchlik kongressi ochildi; bu erda imperator va Fransiya o‘rtasida muzokaralar olib borildi. 1645 yilda Vestfaliyaning Osnabryuk shahrida esa shved - german munosabatlari muzokaralar orqali muhokama qilindi. 1648 yilning 24 oktyabrida Myunster va Osnabryukda imzolangan tinchlik shartnomalari nafaqat ushbu o‘ttiz yillikka, balki reformatsion kuchlari va ularning raqiblari o‘rtasidagi qarama - qarshiligi davriga yakun yasadi. Vestfaliya sulhida Evropada hududiy o‘zgarishlar masalalari hal etilgandi. Bundan tashqari, Germaniya imperiyasining siyosiy tuzilishi, uning hududlaridagi din masalasi, Gollandiya va Shveysariyaning mustaqilligini xalqaro huquq tomonidan tasdiqlanishi ham sulhida o‘z aksini topdi. Tinchlik Evropa davlatlari tartibiga va Germaniyadagi vaziyatga sezilarli o‘zgarishlarni kiritgan majburiy yon berishlar natijasida tuzildi. Hududiy jihatdan hammadan ko‘proq Shvetsiya foyda ko‘rdi. Bundan tashqari, Shvetsiya katta pul to‘lovini qo‘lga kiritdi va o‘zining xalqaro mavqeini oshirdi. Shvetsiya Boltiqda hukmronlik qilish maqsadiga erishdi va Evropaning buyuk davlatiga aylandi. Fransiya ham o‘ziga kerakli siyosiy natijaga erishdi - Germaniya imperiyasining siyosiy mavqei zaiflashdi va uning hududiy tarqoqligi saqlanib qolindi. Hududlarga ega bo‘lish masalasida esa Fransiya imperiya hisobidan nisbatan oz erlarni qo‘lga kiritdi.