SAYYID ALOUDDIN ZIYORATGOHI. Hazrati shayx Alovuddin boboning maqbarasi Xiva shahrining Ichon qal’asida joylashgan bo‘lib u islom ulamolaridan hijriy 702 yilda vafot etgan «Barcha ilmlarning kalitdori» nomini olgan Sayyid1 Alouddinga bag‘ishlab, shogirdi, naqshbandiylik tariqatining mashhur vakili So‘fi Amir Kulol (1326 yilda vafot etgan) tomonidan qurilgan. XIX asr tarixchilaridan Ahmad Roziy xorazmlik mashhur shayxlar ro‘yxatiga Sayyid Alouddinni ham kiritib, uni SHayx Najmiddin Kubrodin keyingi yirik shayx bo‘lganini yozib qoldirgan. Bu so‘zlarni Jomiy va Navoiy asarlarida ham uchratish mumkin.
Sayyid Alouddin XIII asrda Xiva shahrida tavallud topib, yigitlik chog‘larida maktab va madrasalarni bitkazib, o‘zi ham Xivada maktabdorlik qilgan. Hazrat Pahlavon Mahmud yoshlik chog‘larida u kishidan ta’lim olgan. SHu bois Pahlavon Mahmud pirlik darajasiga erishgach: “Har kim bizni ziyorat qilish uchun kelsalar, avval aziz ustozimiz Sayyid Alouddin pirni ziyorat qilsinlar, so‘ngra bizni oldimizga kelsunlar” – degan ekanlar.
Tarixiy ma’lumotlarga ko‘ra maqbarani shayx Sayyid Olovuddinning shogirdi va muridi naqshbandiya mazhabining taniqli namoyandasi so‘fi Amir Kulol (1380 yilda vafot etgan va SHahrisabzda dafn qilingan) qurdirgan va koshin bilan bezatganlar. Maqbara peshtoqi shimol tarafga qaratib qurilgan. G‘arbiy devorni yuqori qismida fors tilida yozuv bitilgan bo‘lib unga: “U bir necha yillar Ka’ba (Makka)da yashadi va nihoyat bu erga keldi, uning ismi SHayx Alouddin – ilm ummonining ajoyib gavharidir. Bu gumbaz juda qadimda qurilgan bo‘lib, u bilan faqat osmon gumbazigina bellashaolar. Uni qurgan Amir Kuloldir”, – deyilgan. Bu maqbarani tarixi haqida bitilgan yozuvda 702 yil hijriy, ya’ni 1303 sanasi mavjud bo‘lib, bu Sayyid Alouddinning vafot qilgan yilini ko‘rsatadi. Sayyid Alouddin Pirga Xiva xoni Olloqulixon e’tiqod bog‘lab, uning qabri ustiga katta xonaqo va atroflariga masjid, qorixonalar qurdirgan. Bu haqda YAhyo G‘ulomov o‘zining “Xiva shahrining yodgorliklari” risolasida qayd qilib, bu erda so‘nggi ta’mirlash ishlarini 1241 yil hijriyda (1825 yil) amalga oshirilgan deb yozadi.
Sayyid Alouddin maqbarasi “Ichon qal’a” arxitektura yodgorliklari ichida eng qadimiylaridan biridir. Maqbara bitta ziyoratxona va go‘rxonadan iborat. Asrlar davomida atrofida qabrlar ko‘payib ketganligi uchun maqbara er sathidan pastda qolib ketgan. Arxeologik tekshirishlar natijasida yodgorliklarni avvalgi ko‘rinishi va tarixiga oid ko‘pgina ma’lumotlar to‘plangan. Maqbaraning go‘rxonasida muqaddas hisoblangan ajoyib sirkor dahma joylashgan, dahma juda chiroyli yashil ko‘k va oq rangli koshinlar bilan qoplangan. Bu koshinlardagi barcha naqsh gullari bo‘rtmaligi bilan odatdan tashqari bir go‘zallik kashf etadi. Bunday koshinlar Xivada yagona bo‘lib, uning tengdoshi va o‘xshashi Ko‘hna Urganchda SHayx Najmiddin Kubro, Samarqanddagi SHohi Zindadagi Qusam ibn Abbos qabrida uchraydi.
Gumbazli qabrxonaga janub tomondan kirilgan. Ravoqning timpanida o‘ymakor sopol parchalari terilgan bo‘lgan. Qolgan uch tomonida bittadan panjarali tobodon bo‘lib, shular orqali xonaga yorug‘lik tushgan. Xonada sirkor dahma joylashgan. Maqbara boshqa binolardan ancha 2,5 - 3 metr pastda joylashgan, bu uni qadimiyligidan darakdir. Maqbara davrlar o‘tishi bilan atrofi qabriston bo‘lib, deyarli ko‘milib ketgan edi. 1957 yilda V.A.Bulatova va I.I.Notkinlar tamonidan arxeologik qazish ishlari olib borilgan va maqbara atroflari ochilgan.
Arxeologik qazilmalardan malum bo‘lishicha, nodir mayolika bilan bezatilgan sag‘anasi bor peshtoq – gumbazli bu maqbara XIV asrning birinchi yarmida qurilgan. XVIII asrda esa, yon tomondan unga peshtoqli eshigi qarama – qarshi tomonga qaratib qurilgan ziyoratxona qo‘shilgan.
Maqbara tuzilishi bir oz beo‘xshov. Undagi yirik kosali burchak muqarnasi, do‘ppisimon, sakkiz rahli gumbaz nihoyatda sodda ko‘rinishga ega. Lekin maqbara ana shu beqiyos dahma tufayli mashhur bo‘lib ketdi. Soddagina maqbara bilan rang-barang bezatilgan hashamatli dahma o‘rtasidagi tafovutning kattaligidan, dahma boshqa joydan keltirilgandek tuyuladi. Dahma shakli monumental binoga o‘xshatib yasalgan, burchaklariga ustunchalar qilingan.
Dahma ustida ikkita sag‘anacha (o‘lchamlari: 2X1.2 m, balandligi 1.25 m) bor. Dahmada turli naqshlar bilan birga Sayyid Alouddinning vafoti yozilgan (1303-yil 18-mart) Vaqt o‘tishi bilan XVIII asrda yon tomondan ziyoratxona qurilgan. Bu xonalarning qurilish uslubi turli davrlarni o‘zida aks ettiradi. Qadimiy nusxadagi bog‘lam-bog‘lam paruslar tizmasi pastak qilib qurilgan. Gumbaz ziyoratxonada peshtoqli paruslarga joylashgan. Xonalar ziyoratchilar namoz o‘qishi, turishi uchun qurilgan. Keyinchalik atrofi katta qabristonga aylangan. Maqbaraning g‘arb tomonidagi gumbaz va peshtoqli ziyoratxona qurilgan, janubdagi eshik berkitilib, unga ziyoratxona tomondan qo‘yilgan. Ziyoratxonaning nuragan peshtoqi, ravog‘i qanotini biroz qisqatirilib qaytadan ishlangan, ichkaridagi tokchalar berkitilib, devorlar ganch suvoq qilingan. Xona sahniga g‘isht to‘shalgan. Pishiq g‘ishtdan qurilgan, bu inshoot 1957 yildagi arxeologik qazish ishlardan so‘ng to‘la ta’mirlanib, hozirgi holatiga keltirilgan va bu qadimiy holatiga yaqindir.
Sayyid Alovuddin maqbarasi bir-biriga mutanosib bo‘lmagan ikki xonadan iborat. G‘arbiy tomonda murabba tarhli go‘rxonaga taqab oldi peshtoqli ziyoratxona qurilgan. Go‘rxona va ziyoratxonani oddiy yog‘och to‘siq ajratib turadi. Ziyoratxona go‘rxonaga nisbatan ikki barobar keng. Murakkab tarhli ikkala xona tomi gumbaz shaklida ishlangan. Go‘rxona gumbazi musamman shaklida, ziyoratxona charxi gumbazli. Xonalar burchaklarida muqarnasli kunjaklar ishlangan. Go‘rxonadagi koshinkor sag‘analar (o‘lchami 2x1,2 m, balandligi 1,25 m) prizmasimon shaklda bo‘lib, o‘z hashamati bilan ajralib turadi. Sag‘ana pog‘onali asosga ishlangan. Uning koshin bilan "qoplangan bezagi XIV asr Xorazm me’morchilik maktabining o‘ziga xos namunasidir. Sag‘ana qirralari to‘g‘ri burchakli namoyonlarga bo‘linib, zanjira hoshiyalari to‘q ko‘k asosga ishlangan mayda oq islimi naqsh bilan qoplangan. Guli, bargi va novdasi engil, yorqin va o‘ziga xos uslubda ishlangan. Sag‘anadagi yozuvlardan «…1303 yilda buyuk shayx Sayyid Alouddin vafot qilib Olloh marhamatiga etgani…», devordagi she’riy tarixdan uning bir necha marta Ka’bada bo‘lgani ma’lum bo‘ladi. Xoshiyadagi yozuvga asoslanib, maqbara shayxning izdoshi va shogirdi Amir Kulol tomonidan qurilganligini isbotlash mumkin. YOdgorlik XIV asrda, Oltin O‘rda Xorazmi me’moriy-bezak maktabi gullab-yashnagan davrda yaratilgan. XVI asrda Sayyid Alovuddin maqbarasi qayta tiklandi. Manbalarda aniqlanishicha, Olloqulixon (1825-1842) 1825 - yilda maqbarani tiklash va ta’mirlashni buyurgan. Qurilish, ta’mirlash va bezash ishlariga Xubbiqulixo‘ja Hamid rahbarlik qilgan.
Sayyid Alouddin maqbarasi yillar o‘tgani sayin xalqimizning yirik ziyoratgohiga aylanib bormoqda. Bu maqbarani har kuni 1000 dan ziyod aholi, shuningdek yuzlab xorijiy sayyohlar ziyorat qilmoqda.
Bugungi kunda Sayyid Alouddin maqbarasi nafaqat Xorazm vohasi uchun balki butun o‘zbek halqi uchun muqaddas ziyoratgoh va qadamjo sanaladi. O‘zbekistonda ma’naviy-milliy qadriyatlarimiz tiklanib, istiqboli porloq davlatimizning qudrati oshayotgan hozirgi davrda uzoq-yaqin o‘tmishimizdagi diniy qadriyatlarimiz, obidalarimizni qayta tiklash, ularga bo‘lgan e’tibor ortishi yangi avlodni mustaqillik mafkurasi asosida vatanparvar, komil insonlar qilib tarbiyalashga imkon yaratadi.
Do'stlaringiz bilan baham: |