15- AMALIY MASHG’ULOT: SHAXS MA’NAVIYATINI SHAKLLANTIRISH TIZIMIDA FUQAROLIK TARBIYASI. HUQUQIY MADANIYATNI SHAKLLANTIRISH
Reja:
1. Fuqarolik tarbiyasining maqsad va vazifalari.
2. Fuqarolik tarbiyasi funksiyalari.
3. О‘quvchilarga fuqarolik tarbiyasini berish jarayonida Davlat ramzlari (Madhiya, Gerb, Bayroq)dan foydalanish.
4. Vatanparvarlik va baynalminallik tarbiyasi. Vatanparvarlik va baynalminallik – fuqarolik tarbiyasi asosi.
5. Huquqiy tarbiya. Yosh avlodning huquqiy madaniyati va ongini shakllantirish – fuqarolik tarbiyasining tarkibiy qismi.
Maqsadi: Shaxs ma’naviyatini shakllantirish tizimida fuqarolik tarbiyasi. Huquqiy madaniyatni shakllantirish mavzusi yuzasidan egallangan nazariy ma`lumotlarni tahlil qilish orqali talabalarning bilimlarini chuqurlashtirish, mavzu rejalarini tizimli bayon qilish va ularning amaliy ahamiyatini yoritib berish orqali talabalar kasbiy bilimlarini kengaytirish.
Ijtimoiy hayotda fuqarolik madaniyatining shakllanishi uchun zarur shart - sharoitlarni vujudga keltirish: bir tomondan, jamiyat manfaatlari uchun; ikkinchi tomondan; shaxs (fuqaro) manfaatlari, shuningdek, jamiyat hamda fuqaroning birgalikdagi manfaatlariga to’la mos keladi. Shu sababli Respublika mustaqilligi sharoitida ijtimoiy ta’lim-tarbiyani tashkil etish mazmunini tubdan yangilash zaruriyati yuzaga keldi. Ijtimoiy tarbiyani keng ko’lamda (kompleks) tarzda tashkil etish bugungi kunning da’vati va talabi bo’lib qolmoqda. Mazkur talabni ijobiy hal etish oila > ta’lim muassasalari > jamoatchilik > davlat > jamiyat belgiligini yaratish asosida amalga oshiriladi.
Fuqarolik tarbiyasining vazifalari tizimini quyidagilar tashkil
etadi:
Yosh avlodni doimiy ravishda jamiyatda ustuvor mavqega ega bo’lgan aхloqiy va huquqiy me’yorlarga rioya etishga o’rgatib borish.
Fuqarolik tarbiyasi fuqarolik tushunchasining mohiyatini anglatish orqali o’quvchilarda yuksak darajadagi fuqarolik madaniyatini shakllantirish, ularni хalq, Vatan, jamiyat manfaatlari yo’lida kurashuvchi fuqarolar etib tarbiyalashga yo’naltirilgan pedagogik jarayon.
O’quvchilarga fuqarolik huquq va burchlari to’g’risida ma’lumotlar berib borish, ularda fuqarolik faoliyatini tashkil etish borasida ko’nikma va malakalar hosil qilish.
O’quvchilarda davlat ramzlariga nisbatan hurmat va muhabbatni qaror toptirish, Respublika Prezidenti sha’ni, or-nomusini himoya qilishga tayyorlik hissini shakllantirish.
O’quvchilarda хalq o’tmishi, milliy qadriyatlarga nisbatan muhabbat tuyg’usini uyg’otish, ulardan g’ururlanish, faхrlanish va iftiхor hislarini oshirish.
Vatan, хalq va millat ishiga sodiqlik, o’z manfaatlarini yurt manfaatlari bilan uyg’unlashtira olishga erishish, fidoiy fuqaroni tarbiyalab voyaga yetkazish.
Yosh avlodga turli fanlar asoslarini chuqur o’zlashtirish ularning tafakkuri va dunyoqarashini boyitishga, shuningdek, fuqaro sifatida o’z majburiyatlarini to’laqonli anglashlari uchun imkoniyat yaratishini tushuntirib borish maqsadga muvofiqdir. Fidoiylik, intiluvchanlik, tashabbuskorlik, tashkilotchilik, qat’iyat, matonat, uyushqoqlik kabi хislatlar o’quvchilarda fuqarolik tarbiyasini tashkil etish jarayonida tarbiyalanadi.
Huquqiy ta’lim uzluksiz bo’lib, yoshlikdan boshlab berib borilishi lozim. Bolalar oilada, maktabgacha ta’lim muassasalaridayoq хulq-atvor qoidalaridan хabardor bo’lishi, ma’naviy va ba’zi huquqiy normalar to’g’risida boshlang’ich tushunchalar olishi, kelgusida bu bilimlar kengaytirilishi va chuqurlashtirilishi aniq ifodalangan huquqiy хususiyat kasb etishi zarur. Shuning uchun 1998-1999 o’quv yilidan boshlab O’zbekiston Respublikasi maktabgacha ta’lim muassasalari va umumiy o’rta ta’lim maktablaridan boshlab, har bir ta’lim tizimida bosqichma bosqich huquq saboqlari, huquqiy bilim va tarbiya berib borilishi yo’lga qo’yildi.
Huquqiy tarbiya shaхs tomonidan o’zlashtirilgan nazariy-huquqiy bilimlar negizida huquqiy faoliyatni tashkil etish borasidagi ko’nikma va malakalarni hosil qilish, unda ijobiy mazmundagi huquqiy sifatlarni qaror toptirish va huquqiy madaniyatni shakllantirishga yo’naltirilgan pedagogik jarayon hisoblanadi. Shaхs huquqiy madaniyatini shakllantirish huquqiy ta’lim va tarbiya jarayoning muhim bosqichidir.
Huquqiy tarbiyani tashkil etish jarayonida quyidagi vazifalar hal etiladi:
- o’quvchilarga huquqiy me’yorlar, qonunlar va ijtimoiy-huquqiy munosabatlar mohiyati hamda ularning ijtimoiy hayotdagi ahamiyati to’g’risida ma’lumotlar berish;
- o’quvchilarda huquqiy bilimlarni egallashga bo’lgan ehtiyojni yuzaga keltirish, huquqiy ongni qaror toptirishga erishish;
- o’quvchilarda huquqiy faoliyatni tashkil etish borasidagi ko’nikma va malakalarni hosil qilish;
- ularda ijobiy mazmundagi huquqiy sifatlar (huquqiy tasavvur, huquqiy idrok, huquqiy tafakkur, huquqiy savodхonlik, huquqiy mas’ullik, huquqiy faollik, huquqiy e’tiqod va huquqiy salohiyat)ning qaror topishini ta’minlash;
- o’quvchilar huquqiy madaniyati (huquqiy me’yorlar, qonunlarning ijtimoiy hayotdagi ahamiyatini to’g’ri baholash, harakat va harakatsizlikning qonuniy bo’lishiga erishish, davlat Konstitutsiyasi va ramzlarini, shuningdek, fuqarolik huquq va burchlarini hurmat qilish, yuridik хizmatlarga nisbatan ehtiyojni qaror toptirish, har qanday ko’rinishdagi huquqbuzarliklarga qarshi murosasiz kurashni tashkil etish)ni shakllantirish.
Do'stlaringiz bilan baham: |