H a v o - atmosferadagi gazlarning aralashmasi hisoblanib, balandlikning o`zgarishiga
qarab uning tarkibi ham o`zgarib boradi. Havo organizmlar uchun yashash muhitigina
bo`lmasdan, balki ekologik omil sifatida ham ahamiyatlidir. O`simlikning deyarli 50% quruq
vazni havodan o`zlashtirilgan uglerodga to`g’ri keladi. Atmosferadagi toza va quruq havoda
78,1% azot, 21% kislorod, 0,9% argon, 0,03% SO
2
bo`ladi. Bulardan tashqari oz miqdorda neon,
geliy, kripton, ksenon, ammiak, vodorod, radiy hamda toriy kabi radioaktiv moddalar qoldig’i,
shuningdek, har xil azot oksidlari, xlor va boshqa elementlar uchratiladi. Havoda har doim suv
bug’lari (0,01—4% gacha) bo`ladi. Havoning quyi qatlamlarida gazsimon tabiiy zarrachalardan
tashqari tabiiy aralashmalar ham uchraydi. Ular chang va tutunlar, qurum, ba`zan dengiz
tuzlarining kristallari, har xil organik zarrachalar va boshqalar bo`lishi mumkin. Havo tarkibidagi
kislorod o`simlik va hayvonlarning nafas olishi uchun zarur bo`lgan elementdir. Uning miqdori
havoda etarli darajada bo`ladi. Agarda bu ko`rsatkich 5% ga kamaysa organizmlarning nafas
olishi qiyinlashadi. Karbonat angidrid gazi deyarli doimiy bo`lrb, faqatgina yirik shaharlarda
uning miqdori ortiq bo`lishi mumkin. Ma`lumki, karbonat angidrid gazi yashil o`simliklar uchun
oziqlanishda muhim ahamiyatga ega. Azot elementi havoning tarkibida ko`p miqdordabo`lishiga
qaramay, uni organizmlar to`g’ridan-to`g’ri o`zlashtira olmaydi. Organizmlar uni faqatgina
birikma holdagina o`zlashtirishi mumkin. Azot tugunak bakteriyalar, azotobakteriyalar,
aktinomitsetlar va ko`k-yashil suvo`tlari uchun ozuqa manbai bo`lib xizmat qiladi. Havodagi
azot miqdorining o`zgarishi inson faoliyati yoki o`simliklar qoplamining tabiatiga bog’liqdir.
Havoning tarkibidagi sul’fit angidrid, azot oksidlari, galogenvodorodlar, ammiak va boshqalar
zararli moddalar hisoblanib, uning ifloslanishiga sababchi bo`lmoqda. Ular o`simliklarning havo
orqali oziqlanishida, yog’ingarchilik, tuman vaqtida o`simlik tanasiga kirib boradi. Havodagi ana
shunday zaharli moddalarni yutgan o`simlik barglari, hujayralari o`la boshlaydi. Daraxtlarning
suv shimish mexanizmi ishdan chiqadi va barglari to`kiladi. Uchki shoxlari esa quriydi.
Havo tarkibida turli xil gazlar miqdorining ortib ketish hollari dunyoning turli nuqtalarida
turli darajadadir. O`zbekiston shahar va qishloqlarining deyarli hamma joyida ham havoning
ifloslanish darajasi sanitariya talablariga javob bermaydi. Ba`zi ma`lumotlarga ko`ra, 1989 yilda
sanoat korxonalari tomonidan havoga 1337 ming tonna, avtotransportlardan 2,2 million tonna
zaharli chiqindi moddalar chiqazilgan. Toshkent, Andijon, Qo`qon, Navoiy, Olmaliq, Chirchiq,
Farg’ona va boshqa shaharlarda ifloslanish darajasi juda yuqori bo`lib qolmoqda. Faqat Toshkent
shahri transporti yiliga 360 ming tonnadan ortiq turli chiqindi gazlarni atrofga purkaydi. Ular
tarkibida 100 xildan ortiq zaharli moddalar mavjud. Demak, yirik shaharlarimiz havosining
ifloslanishiga asosan transport va yon atrofdagi kimyoviy zavod fabrikalar sabab bo`lmoqda.
Qishloq joylarda esa ekin maydonlarining o`ta «nashavand» bo`lib qolganligi, ya`ni erga haddan
tashqari mineral o`g’itlar va 70 xilga yaqin turli kimyoviy moddalar (gerbitsid va
pestitsidlar)ning ishlatilganligi havoning buzilishiga olib keldi.
O`simliklarning havodagi turli zaharli moddalarga nisbatan sezgirligi turlichadir.
Masalan, sebarga sul’fit antidridga, lola va gladioluslar — vodorod ftoridga, doim yashil
daraxtlarning barglari sul’fit angidridga, mox, lishayniklar va ba`zi zamburug’lar SO
2
, NG’, NS1
larga nihoyatda sezgirdir. Shubhasiz, o`simliklar havoni ma`lum darajada tozalaydilar. SHuning
uchun ham yashil o`simliklarning ekologik roli nihoyatda kattadir. Havo haqida gapirganda
uning ko`zga yaqqol tashlanadigan bir ko`rinishi — shamol tushunchasi bilan bog’liqdir.
SHamol barcha tirik organizmlarga ekologik omil sifatida turli xil ta`sir ko`rsatadi. Masalan,
shamol ta`sirida o`simliklarda quyidagi jarayonlar sodir bo`ladi: 1. O`zidan suvni bug’lantiradi.
2. Havoda gazlar oqimi, shu jumladan karbonat angidrid oqimi vujudga keladi. 3. Ko`pchilik
o`simliklarda changlanish jarayoni sodir bo`ladi. 4. O`simliklarning sporalari, urug’ va mevalari
yon atrofga tarqaladi.
Shamol hayvonlar hayotiga quyidagicha ta`sir ko`rsatadi:
1. Quruqlikda yashovchi hayvonlarda suv va harorat almashinuvi amalga oshadi;
2.Kuchli esgan shamollar ayrim hayvonlar pat va junlarining qalin va pishiq bo`lishiga
ta`sir ko`rsatadi;
3.Ko`pgina hasharotlar (o`tloq kapalagi, cho`l chigirtkasi, bezgak pashshasi va hokazo)
va mikroorganizmlar shamol yordamida migratsiya qiladi, ya`ni tarqaladi;
4.Ayrim qushlar va hasharotlar qanotining qisqaroq bo`lishi yoki mutlaqo yo`qligiga
ta`sir ko`rsatadi. Natijada shamol kuchli esadigan erlarda ularning soni kamayib ketadi.
Hayvonlarning 75% i (hasharotlar, qushlar, sudralib yuruvchilar va sutemizuvchilar) havoda
uchishga moslashgan. O`simliklarning urug’ va mevalari, mayda hasharotlar, sodda
hayvonlarning tsistalari esa havoda passiv holda uchib yuradi. Bu hodisa anemoxoriya deyiladi.
Bunday organizmlar esa aeroplanktonlar deb ataladi. Aeroplanktonlar havo muhitiga tanasining
kichik o`lchamda bo`lishi, har xil o`simtalar hisobiga yuzasini oshirishi, kuchli darajada
bo`laklarga ajralishi, nisbatan katta yuzaga ega bo`lgan qanotlarining bo`lishi va o`rgimchak ipi
tolasi kabilardan foydalanishi bilan moslashganlar. Ba`zi bir mayda hayvonlar, qushlar va
hasharotlar kuchli shamol (havo oqimi) ga bardosh berolmaydilar. Masalan, janubiy okeanlar
qirg’oqlarida esadigan shamollar ta`siridan saqlanish uchun ba`zi hasharotlar qanotsiz
bo`lganliklari sababli tosh ostidagi va qoyalardagi yoriqlarga yoki o`simliklar qoplami ostiga
yashirinib oladilar. Bu esa ularning shamol ta`siriga nisbatan moslanishidir. Lekin shu bilan
birga u erlarda qanotli pashshalar ham ko`p uchraydi. Kuchli shamollar havoning yuqori
qatlamlariga turli mayda organizmlarni ko`tarib chiqib bir necha ming kilometr masofaga olib
ketadi. Shamol o`simliklarda suv bug’lanishini kuchaytiradi va namlikni olib keladi. U
o`simliklarga bevosita (to`g’ridan-to`g’ri) yoki bilvosita ta`sir etishi mumkin. To`g’ridan-to`g’ri
ta`sirga mexanik bug’lanishni tezlashtirish, SO
2
ning kamayishi, yangisini olib kelish, quruq
shamollarning zararli ta`sirlari kiradi. Tuproqni uchirib ketib ildizlarning ochilib qolishi, qumlar
bilan ko`milishi, qorlarni uchirib ketlishi, boshqa o`simliklar novdalarini sindirib uchirib kelishi
shamolning bilvosita ta`siridir. Shamol o`simliklarning tashqi qiyofasiga ham ta`sir etadi. Havo
bosimining pasayishi ham ko`pincha hasharotlarning faolligiga ijobiy ta`sir etadi. Bulardan
tashqari havoning ionlanishi, elektr maydonlarning organizmlarga ta`sir etishi tabiiydir. Ana
shunday omillarning tirik organizmlarga bo`lgan ta`siri hali etarlicha o`rganilgan emas, SHunday
qilib, havo oqig’mi (yoki shamol) barcha tirik organizmlar hayotiga mexanik, biologik
(fiziologik, anatomik, morfologik), geografik va boshqa xil ta`sir ko`rsatadi.
T u p r o q - tuproq deyilganda erning g’ovak, unumdor yuza qavati tushuniladi.
Tuproqda o`simliklar, mikroorganizmlar va ba`zi umurtqasiz hayvonlar yashaydi. Masalan, 1 m
2
tuproq qatlamida 100 milliardlab sodda hayvonlar hujayrasi, millionlab nematodlar, yuzlab
yomg’ir chuvalchanglari, 100 minglab zamburug’larning gifa-mitselliylari, bakteriyalar va
suvo`tlar yashaydi. Demak, tuproqda uchrovchi barcha tirik organizmlar yashash jarayonlarida
bir-biriga nisbatan turli xil munosabatda bo`lib ta`sir ko`rsatadi, ya`ni o`simlik, hayvon va
mikroorganizmlar o`rtasidagi murakkab munosabatlar natijasida tuproqda gumus va mineral
moddalar to`planadi.
Tuproqning ekologik omil sifatida o`simliklarga ta`siri haqida gapirganda avvalo shuni
aytish kerakki, tuproq o`simlikni o`zida biriktiradi va uni ozuqa bilan ta`minlaydi, ya`ni o`simlik
tuproqdan suv va unda erigan mineral moddalarni oladi. O`simlikka tuproqning xususiyatlari va
kimyoviy tarkibi hamda mikroflorasi juda.katta ta`sir qiladi. Tuproqning kimyoviy xossalaridan
biri uning kislotaliligi bo`lib, bu vodorod ionlari kontsentratsiyasi bilan ifodalanadi. Tuproqning
kimyoviy tabiatiga (rNga) qarab, atsedofil (kislotali), neytrofil (neytral), bazofil (ishqoriy)
o`simlik turlari yoki jamoalari ajratiladi. Tuproqdagi o`simliklar uchun zarur bo`lgan kimyoviy
elementlardan azot, fosfor, kaliy, kal’tsiy, magniy, oltingugurt, temir kabi makroelementlar va
mis, bor, rux, molibden kabi mikroelementlar muhim ekologik ahamiyatga ega..
O`simliklarning tuproqda bo`ladigan turli tuzlarga munosabati ham har xil. Ba`zi
o`simliklar karbonat tuzlari ko`p tuproqlarda yaxshi o`sadi va ular kal’tsefillar deyiladi. Ularga
salablar, beda, Sibir’ tilog’ochi, qoraqayin, shumtollar, vetrenitsa, chalov, tubulg’i va boshqalar
kiradi. Ba`zi botqoqlik yoki kislotali muhitga ega bo`lgan tuproqda o`suvchi o`simliklar kal’tsiy
tuzlarini «yoqtirmaydi» va ular kal’tsefoblar deb ataladi. Torf moxlari, otquloq, kashtan, choy
kabilar kal’tsefob turlar hisoblanadi. Oson eruvchi tuzlarga boy bo`lgan tuproqlarda o`suvchi
o`simliklar galofitlar deyiladi. Cho`l va chala cho`l zonalaridagi ko`pgina maydonlar
sho`rlangan tuproqlar hisoblanadi. Bunday joylarda qorasho`ra, qizil quyonjun, boyalish,
oqboyalish, to`rg’aycho`p, qumboq, baliqko`z, sho`rbo`ta, keyreuk va boshqa o`simlik turlari
o`sadi. Ular uchun poya yoki bargning etli bo`lishi, suv jamg’aruvchi to`qimaning yaxshi
rivojlanganligi, tsitoplazmaning yuqori kontsentratsiyaga chidamliligi, yuqori osmotik bosim
hosil qilishi, ortiqcha tuzlarni maxsus bezlar yordamida tashqariga chiqarib yuborish kabi
moslanish xususiyatlari xosdir. Qumli tuproqlarda psammofitlar deb atalgan o`simliklarning
ekologik guruhi tarqalgan. Psammofit o`simliklarning barglari ensiz, qattiq yoki odatda
reduktsiyalashgan, meva va urug’lari qumda o`rmalab yoki shamol yordamida tarqaladi va
sharsimon ko`rinishda bo`ladi. Tuproqning ma`lum kimyoviy elementlarga boyligini
ko`rsatuvchi o`simliklar indikator turlar deyiladi. Masalan, plauts alyuminiyga boy tuproqlarda,
astragal selenli, itqo`noq ruxli, shuvoq, oddiy qarag’ay va makkajo`xorilar oltinga boy bo`lgan
tuproqlarda o`sadi.
Tuproqda bakteriyalar, zamburug’lardan tashqari sodda hayvonlar, chuvalchanglar va
bo`g’im oyoqlilar keng tarqalgan. Masalan, ishlov beriladigan tuproqlarda gektariga taxminan
350 kg yomg’ir chuvalchanglari to`g’ri keladi. Yuqori agrotexnika qoidalariga amal qilingan
erlarda esa ularning miqdori bir tonnagacha boradi. Ularning bir yil davomida ovqat hazm qilish
tizimidan o`tkazgan tuprog’i gektariga 12 tonnadan 100 tonnagacha yoki 7 mm qalinlikdagi
tuproqni tashkil etadi. Tuproq zarrachalarining donadorligi ham hayvonlar uchun ekologik
ahamiyatga ega. Ba`zi hayvonlar tuproqni kovlab hayot kechiradi. Hasharotlarning lichinkalari
toshloqli tuproqlarda yashay olmaydi. Kovlash xususiyatiga zga bo`lgan pardaqanotlilar
tuxumlarini er ostki bo`shliqlarga, ko`pchilik chigirtkalar ham tuxumini g’ovak tuproqqa
qo`yishga moslashgan. Dengizdagi qumlarda turbellariyalar, halqali chuvalchanglar va
qisqichbaqasimonlarning bir necha turkumlari tarqalgan. Ular tanasining shakli cho`zinchoq va
qum zarrachalari orasini oson yorib o`tadi. Ko`pchilik dengiz qirg’og’ida yashovchi hayvonlar
suvning ko`tarilib va pasayib turishiga moslashgan holda ma`lum o`lchamdagi qumlar ostida
yashaydilar. Tuproq ostida yashovchi hayvonlar uchun yorug’likning ahamiyati uncha katta
emas. Tuproqning chuqur qatlamlarida harorat ham o`zgarmaydi. Kislorodning miqdori esa
kamayib, SO
2
ortib boradi. Tuproq namligi o`simliklar uchungina ahamiyatga ega emas, balki
hayvonlar orasida ham tuproq qurg’oqchiligiga chidamsiz turlar uchratiladi. Ularga yomg’ir
chuvalchanglari va termitlarni ko`rsatish mumkin. Qumli tuproqlarda yashovchi hayvonlar
qumning ostiga tezda kirib ketish xususiyatiga ega bo`ladi. Psammofil hayvonlarninr panjalarida
har xil o`simtalar, tuklar yoki muguz pardalar bo`lib, ularning yuzasini oshiradi. SHu bilan birga
tuproq qatlamida harakat qilishga, uya qurishga ham yordam beradi. Ilonlar, kaltakesaklar, ba`zi
hasharotlar qum ostida anchagina masofalarga ko`chib yurishi mumkin.
Tuproqning hozirgi kundagi holati haqida ham bir oz to`xtalib o`tadigan bo`lsak,
quyidagilarni ta`kidlash zarur bo`ladi. Erdan oqilona foydalanmaslik oqibatida tuproqning
ekologik holati ancha buzilgan. Ayniqsa, dehqonchilik bilan shug’ullanadigan erlarda tuproqning
holati nochordir. Masalan, respublikamizning qishloq xo`jaligi sohasida 70 xilga yaqin turli
kimyoviy moddalar ishlatib kelindi. 1989 yilda har gektar erga solingan kimyoviy dorilar 19,5 kg
(ayrim viloyatlarda hatto 40—45 kg)ni tashkil etdi. Yiliga har gektar erga 400-500
kilogrammgacha mineral o`g’it solindi. Tajribalar shuni ko`rsatadiki, fosfor o`g’iti bilan
birgalikda tuproqqa ftor, uran, toriy,og’ir metall tuzlari ham o`tgan. Ammo tuproqni bunday
kimyoviy dorilardan tozalash texnologiyasi ishlab chiqilmagan. Aksariyat kooperatorlar,
ijarachilar, xo`jalik rahbarlari va umuman dehqonlarimizning haligacha yuqori dehqonchilik
madaniyatiga ega emasliklari ahvolni yanada og’irlashtirmoqda. Zararkunanda va hasharotlarga
sepiladigan dorilarning atigi 1 foizigina foydali ta`sir ko`rsatadi, qolgan 99 foizi tuproq, suv,
o`simlik va boshqa oziq-ovqat mahsulotlariga singib ketadi. Natijada tuproqdagi foydali
jonivorlar ko`plab qiriladi, insonlar salomatligiga katta putur etadi. Ana shunday vaziyat yuz
berganda yana tabiatni, jumladan, tuproqni muhofaza qilish dolzarb muammolar qatoridan joy
oladi.
Do'stlaringiz bilan baham: |