§9.3. Denominasiya va uni amalga oshirish tartibi. Nullifikasiya va uni amalga oshirish tartibi
Denominasiya oʻz mohiyatiga asosan milliy pul birligidagi ortiqcha nollarni olib tashlab muomalaga yangi pullarni chiqarishdan iborat. Denominasiya usulida Rossiya (3 dona nolni olib tashladi) va Turkiya (liradan 6 dona nolni olib tashladi) hukumatlari foydalanishdi.
Inflyasion jarayonlarni davlat tomonidan tartibga solib turish oʻz mohiyatiga asosan mamlakatda mahsulotlar, bajarilgan ishlar, koʻrsatiladigan xizmatlarga boʻlgan narx-navolarni oʻsib borishini cheklash va pul tizimini barqarorlashtirish maqsadida davlat tomonidan aniq chora-tadbirlarni amalga oshirishdan iborat. Ushbu chora-tadbirlar ikki yoʻnalishda olib boriladi:
Deinflyasion siyosat. Ushbu siyosat mamlakatda pulga boʻlgan talabni pul-kredit va moliya mexanizmlari yordamida tartibga solib turiladi. Deinflyasion siyosat davlat xarajatlarini qisqartirish, kreditlar uchun foiz stavkalarini oshirish, soliq yukini kuchaytirish (soliqlar soni va ularni foiz stavkalarini koʻtarish) va pul massasini cheklashni oʻz ichiga oladi. Shuni ta’kidlash lozimki, deinflyasion siyosat mamlakatdagi iqtisodiy oʻsishni sekinlashuviga sabab boʻladi;
Daromadlar siyosati. Ushbu siyosat olib borishda davlat tomonidan mahsulotlar, koʻrsatilgan xizmatlar, bajarilgan ishlarga boʻlgan narx-navo va ish haqi ustidan birdaniga nazorat etiladi hamda ularni oʻsishini ma’lum chegarasi oʻrnatiladi yoki butunlay «muzlatib» qoʻyiladi. Daromadlar siyosati oʻz mohiyatiga koʻra qat’iy siyosat hisoblanadi va u aholi oʻrtasida norozilikni kelib chiqarishi mumkin. Lekin inflyasiya bilan kurashishda ayrim mamlakatlarda daromadlar siyosatidan foydalaniladi.
Xalqaro amaliyotda rivojlanayotgan mamlakatlarda inflyasiyaga qarshi qarash olib borish tajribasida biz ta’kidlab oʻtgan ikki yoʻnalishdan oqilona birgalikda foydalanilgan.
Iqtisodiyoti bozor munosabatlariga oʻtayotgan mamlakatlarda inflyasiyaga qarshi kurashish va milliy pul tizimini mustahkamlash uchun asosan quyidagi chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda:
- milliy iqtisodiyotni sog’lomlashtirish, investisiya faoliyatining tushib ketishini bartaraf etish va iqtisodiy rivojlanishning oqilona darajasini ta’minlash;
- raqobatbardosh, yuqori texnologik ishlab chiqarishni tashkil etish va uni rivojlantirish maqsadida davlat strategiyasini ishlab chiqish hamda uni amalga oshirish;
- xalq iste’mol tovarlarini ishlab chiqaruvchi korxonalarda ishlab chiqarish fondlarining tarkibini oʻzgartirish va unda zamonaviy texnika hamda texnologiyalarni joriy etish;
-tijorat banklarining investisiya va kredit faoliyatini rag’batlantirish;
- soliq tizimini takomillashtirish va ushbu yoʻnalishda asosiy e’tiborni soliqlarning rag’batlantiruvchi funksiyasiga qaratish;
- davlat tomonidan kichik biznes va xususiy tadbirkorlikni qoʻllab-quvvatlash;
- mamlakat ichida mahsulotlar, valyuta, kredit yer, koʻchmas mulk, mehnat va qimmatli qog’ozlarning yagona bozorini shakllantirish hamda uni rivojlantirish;
- pul-kredit siyosatini iqtisodiyotning rivojlanishi holatiga asosan oʻzgartirib turish;
- tashqi iqtisodiy faoliyatni erkinlashtirish va mahsulotlar, ishlar, xizmatlarni eksport qilishni rag’batlantirish;
- erkin bozor baholarini saqlagan holda daromadlar, xarajatlar va narx-navoni davlat tomonidan tartibga solish va uni nazorat qilish;
- davlat byudjet taqchilligini noinflyasion yoʻllar bilan qisqartirish;
- davlatning strategik oltin-valyuta zahiralarini chuqur tahlil etish va ulardan oqilona foydalanishdan iboratdir.