Sudan va Marokash o‘z mustaqilligini saqlab qoldi. Marokash Usmoniylar imperiyasi va Yevropa davlatlari bilan savdo shartnomalarini tuzib, bundan katta foyda oldi. Mamlakat yaxshi rivojlandi.
G‘arbiy Afrika. Yevropaliklar, asosan, portugallar va ispanlarning G‘arbiy Afrika hududlariga kirib kelishi XV asrda boshlandi. 1434-yildan 1482-yilgacha portugallar va ispanlar Yashil burundan Kongo daryosigacha bo‘lgan qirg‘oq hududlarini o‘rganib chiqishdi. Portugaliyaliklar dastlab bu yerdan oltin olib ketishdi. Chunki bu paytda Yevropa bozorlarida qullarga unchalik ehtiyoj yo‘q edi. Amerika qit’asini muntazam ravishda mustamlakaga aylantirishning boshlanishi va bu yerdagi mahalliy hindularning turli sabablar bilan qirilib ketishi natijasida ishchi kuchiga katta ehtiyoj paydo bo‘ldi. Bu ehtiyoj, ayniqsa, plantatsiyali xo‘jalik paydo bo‘lgan hududlarda juda kuchli edi. Bunday ishchi kuchining manbai, asosan, G‘arbiy Afrikaning mahalliy aholisi bo‘lib, keyingi bir necha yuz yil mobaynida bu yerlar juda katta qul bozoriga aylantirildi.
XVI asrning oxirigacha qul savdosi bilan faqat portugallar shug‘ullandi. Ular G‘arbiy Afrika qirg‘oqlarida joylashib olib, asta-sekin Senegal va Gambiya daryolari bo‘ylab qit’a ichiga kirib bordi. Ammo bu keng hududlarda kuchli davlatlar mavjud bo‘lib, portugaliyaliklar o‘zlarini istilochilardek tuta olmasdilar. Shu sababli ular asosiy e’tiborini Quyi Gvineyaga, Atlantika okeani qirg‘oq bo‘yi yerlariga qaratdi. Portugaliyaliklar sohil bo‘ylarini to‘rtta hududga ajratib, bu hududlarni ulardan olinadigan asosiy tovarning nomi bilan atadilar. Hozirgi Shimoliy Liberiyaning qirg‘oqlari Qalampir qirg‘og‘i, Fil Suyagi qirg‘og‘i, Oltin qirg‘oq, Volta va Niger daryolari oralig‘i esa Qul qirg‘og‘i deb atalgan.
XVI asr oxiriga kelib, Amerikaning Ispaniya, Angliya va Fransiya mustamlakalariga aylantirilgan barcha hududlarida plantatsiya xo‘jaligi keng rivojlantirildi. Natijada, qullar mehnatiga ehtiyoj ham ortib bordi. Afrikadagi ishchi kuchi bozorini egallash uchun Yevropa davlatlari o‘rtasida kuchli kurash boshlandi. Bu kurash oqibatida Afrika aholisi juda katta zarar ko‘rdi.
XVII asrdan qul savdosida yetakchilik qilishni gollandlar o‘z qo‘liga oldi va Amerikadagi ispan mustamlakalariga afrikalik qullarni ular yetkazib berdi. Ammo qullar bozorida Gollandiyaning hukmronligi ham uzoqqa cho‘zilmadi. XVII asrning ikkinchi yarmidan mustamlaka bozorlarini egallash uchun kurashga Angliya va Fransiya qo‘shildi. Ingliz va fransuz plantatorlari o‘z xo‘jaliklarining kengayishi tufayli qullarning mehnat bozorini o‘zlari egallashga, o‘z tovarlariga oltin-u kumush bilan haq oladigan portugal hamda golland savdogarlarining xizmatidan voz kechishga harakat qildilar.
Qul savdosiga, shuningdek, Shvetsiya, Daniya, Brandenburg kabi davlatlar ham qo‘shildi. Yevropaning kuchli davlatlari o‘rtasidagi raqobatchilik kurashi XVII asrning ikkinchi yarmi va butun XVIII asr mobaynida davom etdi. Bu kurash maydoni Afrika qit’asi, ayniqsa, G‘arbiy va Markaziy Afrika bo‘ldi. Qul savdosi u bilan shug‘ullanuvchilarga va savdogarlarga juda katta foyda keltirdi. Yevropa va Amerikadagi Bristol, Liverpul, Manchester, London, Nant, Ruan, Amsterdam, Nyu-York, Yangi Orlean, Rio-de-Janeyro kabi ko‘plab shaharlarning jadal rivojlanishi va gullab-yashnashi qul savdosidan keladigan foyda bilan bog‘liq edi.
XVI–XVIII asrlarda yevropalik qulfurushlar Amerikaga 15– 16 million qul olib kelishdi. Arablar ham musulmon mamlakatlariga taxminan shuncha qul yetkazib bergan. Qullarning ko‘pchiligi ularni tutish va tashib ketish jarayonida nobud bo‘lardi. Birgina Atlantika okeani orqali amalga oshirilgan qul savdosi jarayonida 60–70 million afrikalik halok bo‘ldi. Qul savdosi Afrika aholisining tabiiy rivojini to‘xtatibgina qolmasdan, afrikaliklar jamiyatini g‘ayriodatiy rivojlanish yo‘liga ham burib yubordi.
Qul savdosi afrikaliklar jamiyatida mulkiy va ijtimoiy tengsizlikni kuchaytirdi, qabilaviy tuzumning buzilishiga, qabila oqsoqollari orasidan qulfurushlar qatlamining shakllanishiga olib keldi. Qul savdosi Afrika xalqlarining kuchsizlanishiga, bir-biriga nisbatan ishonchsizlik va nafratning oshishiga sabab bo‘ldi. Qul savdosi Afrikaning sillasini quritish evaziga Yevropa va Amerika mamlakatlarining iqtisodiy gullab-yashnashi uchun xizmat qildi.
Qul savdosining Afrika uchun eng og‘ir oqibatlaridan biri psixologik holat bo‘ldi: inson hayoti qadrsizlandi, quldorlar va qullarning tubanlashuvi yuz berdi. Qulchilikning eng g‘ayriinsoniy ko‘rinishi – irqchilik mafkurasi shakllandi. Yevropaliklar Afrikani zabt etish va mustamlakalarga bo‘lib olishdagi o‘zlarining g‘ayriinsoniy va axloqsiz harakatlarini oqlash uchun bu mafkuradan ustalik bilan foydalandilar.
Do'stlaringiz bilan baham: |