3.Birinchi jahon urushining Turkistonga ta’siri. 1916-yildagi qo`zg`alon Turkiston va birinchi jahon urushi
1914-yil 1-avgustda davlatlarning ikki guruhi: Antanta (Angliya, Fransiya va Rossiya) va Uchlar ittifoqi (Germaniya, Avstriya-Vengriya va Italiya) o`rtasida Birinchi jahon urushi boshlandi. Rossiya urushga tayyor emasdi, ya’ni armiya jangovar tayyorgarlikka keltirilmagan, mamlakat iqtisodiyoti harbiy holatga o`tkazilmagan edi. o`q-dorilar yetishmasligi sezilib turar edi. Urushning birinchi yilidayoq Rossiya armiyasi ketma-ket qator og`ir mag`lubiyatga uchradi.
Urush davomida qishloq xo`jaligi vayron bo`ldi, ekin maydonlari qisqarib ketdi, qishloqda ishchi kuchlar yetishmas edi. Temiryo`lda boshboshdoqlik hukmron bo`lib, amalda esa u harbiy davr yuklarini tashir edi. Butun xo`jalik aloqalari izdan chiqqan. Rossiya iqtisodiyoti urush va bunday ko`lamdagi harbiy harakatlar uchun zaif ekanligi ayon bo`ldi. Davlat moliyasi inqirozga yuz tutdi. Maorifga, madaniyatni rivojlantirishga xarajatlar kamayib ketdi va mayda kredit deyarli qolmadi. Faqat urushning bir yili davomida soliqlar miqdori 50 foizga ko’paydi.
Talafotlar o`rnini to`ldirish va harbiy xarajatlar o`sishini qoplash maqsadida qo`shimcha mablag`lar izlar ekan, chor hukumati o`zi uchun ancha odatiy va eng oson bo`lgan yo`ldan, ya’ni o`z mustamlaka o`lkalarini talashdan, urush olib borish uchun sarf-xarajatlarning katta qismini o`z mustamlakalari, jumladan, Turkiston o`lkasi gardaniga yuklash yo`lidan bordi.
1915-yildan boshlab, Turkistonda paxtaga o`zgarmas davlat narxlari joriy etildi, narxlar umumiy o`sishi ( sharoitida bu narx paxtakorlarning hosil yetishtirishdagi xarajatlarini qoplay olmas edi. 1914—1915-yillarda paxtaga ayirboshlanadigan bug`doy narxi 100 foizga, 1916-yilda esa 400 foizga ko`paydi, paxta narxi esa 50 foizga ko`tarildi, xolos. Bu ko`rsatkichlar paxtaning davlat uchun zarurligini, lekin paxtakorning taqdiri uni qiziqtirmasligini anglatar edi. o`z paxtasini boshqa narxlarda, ya’ni monopol narxlardan yuqori narxda sotishga harakat qilib ko`rgan paxtakorlarga qarshi mol-mulkni musodara qilishgacha bo`lgan "zo`ravonlik" choralari qo`llandi.
Milliy-ozodlik harakatlari
1916-yil mahalliy aholi zimmasiga "podshohota" foydasiga, uning urush olib borishi uchun "ko`ngilli" badallar to`lash majburiyati yuklandi. Bu badallar har bir uy, oiladan olinadigan majburiy soliqlarga aylanib qoldi. Bu soliqlar oddiy xalq daromadi uchun og`ir yuk edi.
Urush davomida aholiga qo`shimcha soliqlar va natural majburiyatlar ham yuklandi. Turkistonda bu majburiyatlar butun mustamlaka xo`jaligining chuqur tanazzuliga olib keldi. Pulning qadrsizlanishi, bajarib bo`lmas soliqlar va sudxo`rlarning zo`ravonlarcha shartlari xalq azob-uqubatlarini haddan oshirib yuborgan edi. Ularning xo`jaligi tamomila zavolga yuz tutdi, bu esa iqtisodiyotning uzil-kesil barbod bo`lish havfmi tug`dirdi. Dehqonlar yerni arzon-garovga sotib yuborardi, natijada ularning 50 foizdan ortig`i yersiz dehqonga aylandi. Qarzlari evaziga ularning yer haydovchi mollarini va mehnat qurollarini tortib olishardi. Qishloq xo`jaligi ahvoli yomonlashuvi oqibatida paxta hosildorligi tushib ketdi va mehnat unumdorligi ham keskin pasaydi.
1915-yil oxiri va 1916-yilda boshlangan qimmatchilikdan norozilik aholining barcha qatlamlarini qamrab oldi va xalq g`alayonlari kelib chiqa boshladi.
Toshkentdagi "ayollar isyoni" haqidagi xabar tez kunda mamlalditga tarqab ketdi, bunda bolalari och qolgan ayollar savdo rastalarini vayron qilib tashlashdi. Oziq-ovqat mahsulotlarini tashib ketishdi, politsiyachilarga qarshilik ko`rsatishdi, ba’zan ularni kaltaklashdi.
Bu hokimiyat tanazzuli va Turkistonda milliy-ozodlik harakati yangi bosqichining boshlanishi bo`ldi. Keskin mojarolar ro`y bergan joylarga jo`natiladigan jazo guruhlari paydo bo`ldi. Turkistonda bir arzimas bahona bilan portlab ketgulik inqilobiy kuch yetarlicha to`planib qolgan edi.
1916-yil 25-iyunda e’lon qilingan podsho farmonida Turkistonda 19 dan 43 yoshgacha bo`lgan "mahalliy millatga mansub" erkaklarni harakatdagi armiya mintaqalarida mudofaa inshootlari qurish bo`yicha, shuningdek, davlat mudofaasi uchun zarur bo`lgan ishlarga jalb etish to`g`risidagi hujjatda "imperator oliy maqomda amr etishi ma’qul topildi", deyilgan edi.
Farmondan keyin Turkiston general-gubernatori vazifasini bajaruvchi general Yerofeyev Ichki ishlar vaziridan mardikorlar olishni kechiktirmasdan va qisqa muddatda amalga oshirish to`g`risida ko`rsatma oladi.
Mardikorlikka olishning "rekvizitsiya" shaklida podsho hukumatining mustamlakachilik siyosati va uning mahalliy aholiga nafrat bilan munosabatda bo`lishi yetarlicha aniq-yaqqol ifodasini topgan edi. Negaki, odatda narsalar yoki qoramollar — yem-xashak, yoqilg`i, otlar, aravalar tortib olinardi, endi esa "mahalliy millatga mansub" odamlar ham narsa yoki buyum sifatida tortib olinishi kerak edi. "Oliymaqom amr" asosida Sirdaryo, Samarqand va Farg`ona viloyatlaridan 250 ming kishi "rekvizitsiya" qilinishi mo`ljallangan edi.
Turkistondan odamlarni istehkomlar qurish uchun emas, balki Rossiya pomeshiklari va tadbirkorlarining ishchilar va dehqonlar urushga olingan korxonalari va imeniyelari (mulklari)da ishlatish uchun jo`nata boshladilar. Bu itoatkor va tekin ishchi kuchi edi. "Mahalliy millatga mansub" odamlar Ukraina shakar zavodlarida, Kavkaz mis konlarida, Donbass ko`mir shaxtalarida, tekin ishchi kuchi talab etiladigan deyarli hamma joyda mehnat qilishdi.
Qozg`lon sabablari va uning borishi
Farmonning e’lon qilinishi daladagi ishlarning qizg`in pallasiga to`g`ri keldi. Bu vaqtda hamma ishlovchi kuchlar hisobda bo`ladi. Ana shunday bir mahalda eng zarur ishchi kuchlarini ishlab chiqarishdan olib qo`yish mo`ljallangan edi.
Mustabid hukumat ma’murlari mardikorlarni kurashsiz olib bo`lmasligini oldindan bilishardi. General-gubernator qo`lida jamlangan cheklanmagan hokimiyat unga g`ayriqonuniy jazolarni qo`llashi uchun imkoniyat yaratib berar edi. Mahalliy aholi vaziyatni yaxshi tushunar va kurashda chor ma’muriyati ustun ekanligini sezib turar edi. Hokimiyat tarafida zamonaviy qurollar va yaxshi harbiy ta’lim ko`rgan muntazam armiya turardi. Mahalliy aholining quroli esa ketmon, o`roq va oybolta bo`lgan. Shunga qaramay, zulm va nohaqlikdan to`ygan xalq chorizm bilan noteng kurashga kirishdi.
1916-yil 4-iyulda Xo`jandda frontortidagi ishlarga jo`natiladigan mardikorlar ro`yxatini tuzishga qarshi namoyish bo`ldi. Hokimiyat namoyishchilarga qarshi kuch ishlatdi va mahalliy aholiga qarata o`q uzdi. o`sha oqshom ularga qarshi 200 askar va kazak qo`shinlari ham jo`natildi. Shahar harbiy holatda ekanligi e’lon qilindi. Aholining ko`chaga chiqishi taqiqlab qo`yildi. Suvga yoki bozorga borish ham mumkin emas edi. Askarlar va ofitserlar harbiy holat to`g`risidagi farmonni buzganlarni shafqatsiz jazolardi. Shunaqangi zo`ravonlikka qaramasdan, Xo`jand aholisi har qanday sharoitda ham mardikor bermaslikka qat’iy ahd qildi. Xo`jand voqealari Turkistonda 1916-yilgi qo`zg`alonlarni boshlab berdi.
5-iyulda Samarqand viloyatida qo`zg`alon boshlanib ketdi. Urgut shahrida olomon pristav mahkamasi tevaragida to`plandi. To`planganlar frontorti ishlariga jo`natilishi mo`ljallangan odamlar ro`yxatini yo`q qilib tashlashga muyassar bo`lishdi. 8-iyuldan boshlab qo`zg`alon keng qamrov oldi.
Aholining qahr-g`azabi avjga mindi. Masalan, Farg`ona viloyatining Afg`on qishlog`ida olomon volost boshqaruvchisini, uning kotibi va qorovulini o`ldirib tashladi. Andijonda qo`shinlar bilan aholi o`rtasidagi to`qnashuvda 12 kishi yaralangan, 5 kishi halok bo`lgan edi. Xalq biron-bir o`qotar quroli bo`lmagani holda hech qo`rqmasdan qurolli qo`shinlarga qarshi tashlandi. Eski Marg`ilonda qo`zg`alon ko`targanlar mahalliy ma’muriyatdan besh kishini o`ldirishdi.
11-iyul kuni Toshkentda qo`zg`alon bo`ldi. Devoniga shikoyat qilib kelgan ayollar olomoniga pristav (politsiya boshlig`i) o`q uzish to`g`risida buyruq berdi. Sebzor va Ko`kcha mahallalarining vakillari Toshkentning barcha aholisini qo`zg`alonga daVat etishdi. Qo`zg`alonchilar politsiya boshqarmasiga tashlandilar. Ro`y bergan to`qnashuvda bir necha kishi halok bo`ldi. Politsiyachilar ham o`ldirilgan edi. Yaralanganlarning ko`plarini qo`zg`alonchilar olib ketishgandi. Qo`zg`alonchilarni rus ishchilari ham qo`llab-quvvatlashdi. Toshkent tramvay deposi ishchilari, Toshkent gospitali sanitarlari, feldsherlari yaradorlarni yashirishdi va ularga tibbiy yordam ko`rsatishar edi.
Xuddi shu kuni Namanganda ham to`qnashuv bo`ldi. Qo`zg`alonchilarga qarata pulemyotdan o`q yog`dirildi, 16 kishi o`ldirildi va 30 kishi yarador bo`ldi.
Toshkentdagi voqealardan keyin butun Turkiston qo`zg`alonlar alangasi girdobida qolgan edi. Shaharlarva qishloqlar aholisi mitinglar va namoyishlarga chiqishdi, mardikorlikka olinadiganlar ro`yxatlarini yo`q qilib tashlashdi, volostnoylar, qozilar, politsiyachilarni o`ldirishdi.
13-iyulda Jizzaxda qo`zg`alon boshlandi. Xuddi shu kuni tinimsiz ishlagan telegraf ushbu bildirish harflarini yetkazib turgan: "Jizzaxda tartibsizliklar, simlar kesib tashlangan, o`qlar otilmoqda, madad yuborishingizni so`raymiz". Hukumat qo`shinlari qo`zg`alonchilarga qarata o`q uza boshladi, bu narsa ularning qahrg`azabini battar kuchaytirib yubordi. Qo`zg`alon butun uyezdni qamrab oldi. Temiryo`llar, ko`priklar, telegraf liniyalari va Lomakino stansiyasi vayron qilindi. Lomakino va Obruchevo stansiyalari o`rtasidagi temiryo’1 shoxobchasi qo`shinlar yo`lini to`sib qo`yish uchun buzib tashlandi. Obruchevo stansiyasida tungi qattiq janglar bo`ldi. Har ikki tomondan ham o`ldirilganlar va yarador bo`lganlar ko`p edi. Jizzax qo`zg`alonchilariga qarshi yirik harbiy qismlar va ikkita artilleriya batareyasi tashlandi. Qurolsiz isyonchilarni hatto to`plar na’rasi ham cho`chita olmasdi. Ayovsiz jangga tayyorgarlik ko`rgan qo`zg`alonchilar o`z oilalarini tog`larga jo`natib yuborgan edilar.
Qozg`alonning bostirilishi
Viloyatning hamma joylaridan Jizzax qo`zg`alonchilari uchun madadga yetib kelishardi. Jazolovchilarga qarshi ular qurolsiz holda tashlandilar. 16-iyulda podsho hukumati qo`shinlari tevarakdagi qishloqlarga o`t qo`yishdi, eski Jizzax markazi ham yondirib tashlandi. Ammo qo`zg`alonchilar taslim bo`lishmadi.
Kurash qattiqbo`ldi, qo`zg`alonchilar oxirigacha turib berishdi. Faqat 18-iyulda chorqo`shini Jizzax shahrini egalladi. Ko`pgina qishloqlar butunlay vayron etildi. Dehqonlarni, shaharliklarni tergovsiz va sud qilmasdan otib tashlayverdilar. Halok bo`lganlarni kechalari qarindoshlari tog`dan tushib, olib ketib, dafn etishardi.
1916-yilgi qo`zg`alonning asosiy harakatlantiruvchi kuchi dehqonlar ommasi bo`lgan. Unda shahar kambag`allari — qora ishchilar, kosib-hunarmandlar, mardikorlar, chorakorlar ham faol ishtirok etdi. Butun Turkiston o`lkasida harbiy holat e’lon qilindi. Jazolovchilar temiryo’1 bo`ylab qo`zg`alon bo`lgan barcha mintaqalaridan o`tdilar.
Mustabid hukumat qo`zg`alonga yaxshi qurollangan armiyani tashladi. 25-iyulga kelib, hamma joyda qo`zg`alonlar bostirildi, qo`zg`alonchilar ayovsiz jazolandi. Ayniqsa, Jizzax aholisidan shafqatsiz o`ch olindi. Qo`zg`alonchilardan chorva, molmulk va bor g`allasi tortib olindi. Yangi tayinlangan general-gubernator Kuropatkin buyrug`iga ko`ra Jizzax shahri yo`q qilib tashlandi, ko`pgina qishloqlar tag-tugi bilan yondirib yuborildi. Jizzax uyezdi aholisidan o`ch olish maqsadida mavjud ekin maydonlarining hammasi musodara etildi. Minglab odamlar Sibirga surgun qilindi va turmalarga tashlandi.
1916-yilgi qo`zg`alon o`zbek xalqining podsho hukumati va Rossiya mustamlakachiligiga qarshi milliy-ozodlik harakatining cho`qqisi bo`ldi. Qo`zg`alonchilar aniq rejasi bo`lmagani tufayli tarqoq hujum qilishdi. Biroq qo`zg`alon kamchiliklari va yaxshi tayyorlanmaganligiga qaramay, Turkistonda milliy-ozodlik harakati rivojlanishida muhim bosqich bo`ldi. U Turkiston mehnatkash ommasi chorizmga qarshi yalpi ozodlik harakati yo`liga kirganini namoyish etdi. Qo`zg`alonchilar chorizmning mo`min-qobil va mute qullari bo`lib qola olmasliklarini isbotlashdi. 1916-yil qo`zg`alonining tarixiy ahamiyati ham shundadir, kun tartibida endi qurolli kurash turar edi.
1917-yil fevral inqilobidan so`ng Turkiston masalasi bo`yicha adolatli qarorga kelish imkoni tug`ildi. 30-mart kuni Turkiston general-gubernatori va Bosh qo`mondoni general Kuropatkin vazifasidan chetlatildi va hibsga olindi. o`lkaning eski ma’muriy boshqaruv apparati o`rnida Turkiston Muvaqqat hukumati qo`mitasi tashkil etildi. Shu bilan Turkistonda 50 yil hukm surgan general gubernatorlik barham topdi.
Yakunlarni chiqaramiz
-1914-yil 1-avgust — Birinchi jahon urushi boshlandi;
-urushga ketadigan xarajatlarning katta qismi Turkiston aholisi zimmasiga tushdi;
-"Ayollar isyoni" — narxlar oshirilishiga qarshi xalq g`alayonlari edi;
-1916-yil 25-iyun — erkak aholini frontorti ishlariga mardikorlikka olish to`g`risida oqpodsho farmoni chiqdi;
-1916-yil 4-iyul — Xo`jandda qo`zg`alon boshlandi;
-Samarqand viloyatida, Marg`ilon, Andijon, Toshkent, Namangan, Jizzaxda xalq qo`zg`alonlari bo`ldi;
-25-iyul — butun Turkiston hududida qo`zg`alonlar bostirildi;
-Mustabid hukumatga qarshi ommaviy ozodlik harakatlari boshlandi.
Do'stlaringiz bilan baham: |