9-sinf. Jahon tarixi



Download 433.37 Kb.
bet5/8
Sana11.01.2017
Hajmi433.37 Kb.
1   2   3   4   5   6   7   8

25-§. 19 ASR OXIRI—20 ASR BOSHLARIDA BOLQON DAVLATLARI
19 asrning 70- yillariga kelganda janubiy slavyanlarning ko’pchiligi hamon chet el zulmi ostida ezilmoqda edi. Faqat kichkina Chernogoriya va Serbiya knyazligini tashkil etgan serb yerlarining bir qismigina mustaqil edi. Janubiy slavyanlar— bolgarlar, makedoniyaliklar, Bosniya va Gersegovina slavyanlari, serb-larning talaygina qismi Turkiya hukmronligi ostida edi.

Xorvatlar, slovenlar Avstriya-Vengriya monarxiyasi, g’arbiy slavyanlar (chex, slovak, polyak)ning bir qismi ham Gabsburglar hukmronligida edi. Polyaklarning ikkinchi qismi Germaniya, uchinchisi esa chorizm zulmidan azob chekardilar. Chet el zulmi slavyan xalqlarining siyosiy, iqtisodiy va madaniy taraqqiyotiga to’sqinlik qilardi.

19 asrning 60-yillaridan boshlab slavyan xalqlarining milliy-ozodlik kurashi kuchaydi. Ja‘sur bolgar inqilobchisi Vasil Levskiy mustaqil demokratik Bolgariya Respublikasini barpo etish rejasini ilgari surdi.

U Bolgariya hududida yashirin qo’zg’olonchi qo’mitalar tuzdi. 1872-yilda V.Levskiyni qatl etishgan bo’lsada, ozodlik harakati pasaymadi. 1876- yil aprel oyida Bolgariyada qo’zg’olon boshlandi.

Qo’zg’olonchilar o’z bayroqlariga «Ozodlik yoki o’lim» shiorini yozgandilar. Talantli publitsist va shoir Xristo Botev (1848—1876) ozodlik harakatiga yo’lboshchilik qildi (u turklar bilan bo’lgan jangda 1876- yil 1- iyunda qahramonlarcha halok bo’ldi. U halok bo’lgan kun Bolgariyada Xotira kuni sifatida nishonlanadi).

Bolgar xalqining kurashi juda og’ir kechdi. Kuchlar teng emas edi. Turklar 30 000 ga yaqin bolgarni qilichdan o’tkazdilar va ko’plab qishloqlarini kultepaga aylantirdilar.

Bu vahshiyliklar ko’plab mamlakatlar jamoatchiligini qattiq g’azablantirdi. Rus hukumati Bolqonda o’z ta’sirini mustahkamlash uchun qo’zg’olonlardan foydalanishga qaror berdi va Bolqon slavyan-larini yoqlab chiqdi.

Yuqorida aytilganidek, Rossiya hukumati 1877- yil 24- aprelda Turkiyaga qarshi urush e’lon qildi (20-§ ga qarang).

Turkiya Bolgariya davlatining tuzilishiga rozilik bildirdi. Mustaqilikka ega bo’lgan davlatlar konstitutsiyaviy monarxiya davlatlari bo’lib qoldilar.

Yangidan vujudga keltirilgan Bolgariyaning davlat tuzumi 1878- yil aprelida Tirnovo Ta’sis majlisi

tomonidan qabul qilingan Bolgar knyazligi Konstitutsiyasida (Tirnovo Konstitutsiyasida) uzil-kesil rasmiylashtirildi.

Tirnova Konstitutsiyasiga muvofiq Bolgariya knyazligi meros bo’lib qoladigan konstitutsiyaviy monarxiya deb e’lon qilindi. Bu konstitutsiya Bolgariya mustaqilligini amalda tasdiqladi.

Buyuk Xalq Majlisi (parlament) bolgar taxtiga pruss ofitseri, rus imperatritsasining jiyani Aleksandr Battenbergni sayladi. Uni rus im-peratori Aleksandr II tavsiya qildi va Yevropaning buyuk davlatlari buni ma’qulladi. Biroq u tez orada Rossiyaga qarshi siyosat yurita boshladi.

Rossiya Battenbergning siyosatiga norozilik belgisi sifatida o’z zo-bitlarini Bolgariyadan chaqirib oldi. Shunday sharoitda, bir guruh oliy zobitlar 1886- yilning 9- avgustida Battenbergni taxtdan voz kechishga majbur etdilar.

Biroq Buyuk Xalq Majlisining raisi S.Stambolov rahbarligidagi siyosiy kuchlar bu zobitlarni qamoqqa oldilar. Mamlakatda hokimiyat S.Stambolov boshchiligida Davlat Kengashi qo’liga o’tdi. Bu hol Rossiya-Bolgariya diplomatik munosabatlarining uzulishiga olib keldi.

1887- yilda Buyuk Xalq Majlisi nemis shahzodasi F.Koburgni Bolgariya podshosi etib sayladi. Uni Avstriya-Vengriya tavsiya etgan edi. Ayni paytda, Angliya, Germaniya va Turkiya bu nomzodni qo’llab-quvvatladi.

1896- yilda Rossiya-Bolgariya diplomatik munosabatlari qayta tiklandi.

Turklar zulmiga qarshi Albaniyaning mus-taqillik uchun kurashi kuchaydi. Albaniya-dagi barcha siyosiy kuchlar Albaniyani taqsimlab olish rejalarini tuzayotgan chet el davlatlari siyosatiga qarshi chiqdilar. Bolgariyada chiqayotgan «Kalendari kombiar» («Milliy kalendar») degan jurnal 1902- yilda shunday deb yozgan: «Biz uyquda yotibmiz, bu vaqtda esa bizning ustimizda savdolashmoqdalar».

1912- yil 28- noyabrda Albaniya mustaqillikka erishdi. Turklarning qariyb besh asr davom etgan hukmronligi tugadi.

Bolqon davlatlari Turkiyaning Bolqondagi hokimiyatiga butunlay chekq o’yishga qaror qildilar. Shu maqsadni ro’yobga chiqarish uchun Bolgariya,

Serbiya, Chernogoriya va Gretsiya o’zaro ittifoq tuzdilar. Bu ittifoq tarixga «Bolqon ittifoqi» nomi bilan kirdi va Rossiya tomonidan qo’llab-quvvatlandi. «Bolqon ittifoqi» 1912- yilning 17- oktabrida Turkiyaga urush e’lon qildi. Bu urushda Turkiya mag’lubiyatga uchradi. 1913-yilning 30- may kuni Londonda Bolqon ittifoqi bilan Turkiya o’rtasida tinchlik shartnomasi imzolandi. Unga ko’ra, Turkiya Yevropada Konstantinopol shahri va Qora dengiz bo’g’ozi qirg’oqlaridan boshqa barcha hududlaridan ajradi.

Tez orada 2-Bolqon urushi yuz berdi. Bu urushga Bolqon davlatlari o’rtasida Turkiya mustamlakachiligidan ozod bo’lgan hududlarni taqsimlashda kelib chiqqan nizo sabab bo’ldi. Bolgariya Serbiyaning kuchayib ketishini aslo xohlamadi.

Germaniya va Avstriya-Vengriya madadiga tayangan Bolgariya 1913-yilning 29- iyunida Serbiya va Gretsiyaga qarshi urush harakatlarini boshladi. Chernogoriya va Ruminiya Serbiya va Gretsiyaga yordam berdilar, Turkiya ham Bolgariyaga qarshi urushda ishtirok etdi. Bolgariyaning qiyin ahvolga tushib qolganidan foydalangan Turkiya 16- iyul kuni Bolgariyaga hujum qildi.

Bolgariya mag’lubiyatga uchradi, 20- iyulda Turkiya undan Adriano-polni qaytarib oldi. Buxarest shah-rida 1913- yil 10- avgustda Tinchlik shartnomasi imzolandi, Unga ko’ra Bolgariya qo’lga kiritgan yerlarning bir qismidan ajradi. Ruminiya, Serbiya va Gretsiya hududlari kengaydi, 24- sentabrda Turkiya va Bolgariya o’rtasida Konstantinopolda imzolangan shartnomaga ko’ra Adriano-pol Turkiyaga qaytarildi.

Bolqonda Rossiyaning Germaniya-Avstriya-Vengriya ittifoqi bi-lan munosabatlari keskinlashdi. Bolqon Yevropaning portlovchi modda solingan «bochkasi»ga aylandi.
26-§. 19 ASRNING OXIRI VA 20 ASR BOSHLARIDA YAPONIYA
Mamlakatda bozor iqtisodiyotining rivojlanishi 1867—1868-yillarda bo’lib o’tgan o’zgarishlardan so’ng Yaponiyada Tokugava xonadoni qo’lida bo’lgan syogunlik boshqaruvi barham topdi. 1868— 1878- yillarda mamlakatda mohiyatan inqilobga teng «Meydzi islohotlari» (imperator Mutsixito «Meydzi» nomi bilan taxtga o’tqazilgan. Bu so’z «ma’rifatli boshqarav» degan ma’noni angla-tadi) deb atalgan islohotlar o’tkazildi. Imperator Mutsixito parla-mentga o’xshash Davlat Kengashi tashkil etdi. Ishlab chiqarish kuchlarining rivojiga to’sqinlik qiluvchi qonun va tartiblar bekor qilindi. o’sha vaqtga qadar Yevropaning ilg’or davlatlariga, ularning Yapo-niya bilan savdo-iqtisodiy aloqalariga qarshi siyosat hukmron edi. Yangi hukumat Yaponiyani Yevropa bilan «yaqinlashtirish» siyosatini yuritdi. Mamlakatda yagona pul birligi (ien) joriy etildi.

Ayrim-ayrim hokimliklar chegaralaridagi bojxonalar va boshqa to’siqlar olib tashlandi. Bu tadbir mamlakat miqyosida savdo-iqtisodiy aloqalarga keng yo’l ochdi. Yo’llarda dehqonlarning shaharga qochib ketishiga qarshi, ularni tutib joyiga qaytarish uchun qo’yilgan poyloqchilik manzillari tugatildi. Chunki sanoat qishloqdan ishchi kuchi «oqib» kelishidan manfaatdor edi. Bu tadbirlar Yaponiyada ichki bozorning, sanoat tarmoqlarining rivojiga xizmat qila boshladi.

1869- yilda «to’rt tabaqa» haqidagi qonun bekor qilindi. Feodal zamindor samuray, dehqon, hunarmand va savdogar tabaqalar rasman teng huquqli deb e’lon qilindi. 1871- yili huquqsiz quyi tabaqa haqidagi qonun ham bekor qilindi. Barcha tabaqa vakillari kasb tanlashda erkin, tadbirkorlik ishlariga haqli bo’lishdi.

Mamlakatda alohida feodal mulklar tizimi, hokimliklar tugatilib, 75 ta viloyat tuzildi. Natijada markazlashgan hukumat boshqaruvi yuzaga keldi. 1872- yilda yalpi harbiy xizmat haqida qonun qabul qilindi.

1871—1878- yillarda qishloq xo’jaligi sohasida islohotlar o’tkazilib, yerni erkin oldi-sotdi qilish, istagan turdagi ekinlarni ekishga ruxsat berildi. Hosildan hissa ko’rinishidagi soliq pul solig’i bilan almashtirildi. Yerning mayda bo’laklarga bo’linib ketishiga qarshi qonun chiqarildi. Sharoit qanchalik og’ir bo’lmasin, Yaponiyada bozor munosabatlari tez rivojlana boshladi. Yaponiya Yevropa tajribalaridan Sharqda birinchi bo’lib foydalandi, Yevropada uzoq vaqt davomida yuzaga keltirilgan ilg’or sanoat texnikasini Yaponiya tayyor holda olar edi. Davlat bozor ishlab chiqarishini keng yo’lga qo’yish uchun homiylik qilish yo’lidan bordi.

Birinchi galda Yaponiyada to’qimachilik sanoati tez rivojlandi. 1890- yilda u barcha sanoat tarmoqlarining 45 foizini tashkil etdi. 1868—1885- yillarda davlat hisobidan 1300 sanoat korxonasi qurildi. Ular dastlab badavlat sanoatchilarga ijaraga berildi. Keyinroq esa sanoat korxonalari o’z narxining yarmiga, hatto 10—15 foiziga xususiy qilib sotiladigan bo’ldi.

Natijada, Mitsuiva Mitsubisi, Sumitomo, Yasuda, Furukava, Kavasaki, Tanaka, Asano kabi bank egalari yirik sanoat korxonalarining egalariga aylandilar. Yaponiya sanoat va capital sohalarida o’sha davrdagi Rossiyadan o’n barobar tezroq rivojlanmoqda edi. Yapon kapitalizmi ko’proq bank kapitalizmi tusini oldi.

Sanoat markazlashuvi va ixtisoslashuvidan ko’ra bank sarmoyalarining markazlashuvi tezroq bordi. Islohotlar davri, sanoatda yangilanish jarayoni kapital jamg’arish bilan barobap davom etdi. Mablag’larni savdo, transport va banklarga solish ko’proq foydali bo’lib qoldi.

Yaponiyada monopolistik kapitalizm feudal monarxiya qoldiqlan bilari chirmashib ketdi. Bujihatdan Yaponiya Rossiyaga o’xshab ketardi.

Angliya, Fransiya, AQShdan farqli o’laroq, Yaponiyada hokimiyat burjuaziya qo’lida bo’lmay, balki pomeshchik-burjuaziya bloki qo’lida edi.

Yaponiya Xitoydan kontributsiya tariqasida olgan katta miqdordagi tovon pulini armiya va flotni kuchaytirishga sarfladi. Harbiy buyurtmalar yuzasidan qiladigan hisob-kitoblar natijasida bu mablag’lar yirik sanoat va temiryo’llarga sarflanadigan bo’ldi. Yaponiya hukumati og’ir
industriyani rivojlantirishga alohida e’tibor berdi.

1900—1913- yillarda sanoat ishlab chiqarishi AQShda 85 foiz, Germaniyada 54 foiz, Fransiyada 51 foiz, Angliyada 25 foiz o’sgan bo’lsa, Yaponiyada 181 foiz o’sdi. U ishlab chiqarish bo’yidia Italiyadan o’zib ketib, Fransiyaga yaqinlashdi. Mamlakatda sanoat, savdo-sotiq va banklar konsentratsiyalashib, monopoliyalar vujudga keldi.


Yaponiyada yangi islohotlar tezkorlik bilan ro’y berdi. Sanoat rivoji o’z natijasini ko’rsata boshladi.

Kapitalizm taraqqiyoti dehqonlarning yerdan ajralishi bilan birgalikda bordi. 1883- yilda 33 ming dehqon yerdan ajralgan bo’lsa, 1885- yilga kelib bu raqam 108 mingga yetdi. Natijada, ular shaharga ketib, yollanma ishchilarga aylandilar. Sanoat egalari yangicha, ilg’or ishlab chiqarishni keng yo’lga qo’yib, mamlakatni yangi taraqqiyot bosqichiga olib chiqa boshladilar. Sanoat korxonalarining soni yildan yilga ko’payib bordi.

Lekin ishchilarning ish haqi juda past edi. Ish vaqti 15—18 soat davom etardi. Korxonada texnika xavfsizligiga javobgarlik yo’q edi. Buning ustiga yapon ishchilari va mehnatkashlari na siyosiy, na ijtimoiy huquqlardan foydalanar edilar. Bunday sharoit, albatta, norozilikka sabab bo’lar edi. Bu holat 1881 -1896- yillar orasida Yaponiya mehnatkashlarinlng bir qator kasaba uyushmalari tuzilishiga olib keldi.

Yaponiyajamiyatining ilg’or qatlami 1872— 1882- yillarda vakolatli parlament tizimi o’rnatish uchun kurashdilar. Hukumat 1878- yilda prefektura (viloyat)larda mahalliy o’z-o’zini boshqaruvni joriy qilishga majbur bo’ldi. 1881- yilda Imperator parlament tuzishga va’da berdi.

Iqtisodiy islohotlar burjuaziyaning o’sishiga va siyosiy Jihatdan kuchayishiga sabab bo’ldi. Burjuaziya davlatga rahbarlikni o’z qo’liga olishni da’vo qila boshladi.

Hukumat «yon berishga» qaror qildi. Nlhoyat, 1889- yil 11-fevralda Prussiya Konstitutsiyasi namunasi asosida tuzilgan Konsti-tutsiya yuzaga keldi. Mamlakatda ikki palatadan: yuqori (perlar) va quyi palata (vakillar)dan iborat parlament tuzildi. Parlamentning yuqori palatasi a’zolaridan bir qismi zodagonlardan va Imperator tayinlaydigan shaxslardan iborat bo’lsa, bir qismi mulkdorlardan 7 yilga saylanar edi. Quyi palata 4 yilga saylangan. Yaponiyaning atigi bir foiz aholisi saylov huquqiga ega bo’ldi.

Konstitutsiya Imperatorning mavjud barcha huquqlarini nafaqat saqlab qoldi, balki unga yanada keng huquqlar berdi. Masalan, u parlamentni chaqirish, ochish, tarqatib yuborish, qonunllar o’rniga oliy farmonlar chiqarish, qo’shinlarning Oliy Bosh qo’mondoni bo’lish, urush e’lon qilish, sulh tuzish kabi huquqlarni o’zida saqlab qoldi. Konstitutsiyaga ko’ra, Vazirlar Kengashi faqat Imperatorga hisob berardi.

Imperator xonadoni vakillaridan iborat davlatmandlar perlar palatasida asosiy ko’pchilikni tashkil qilardi. Parlamentning barcha qarorlari Imperator huzuridagi Yashirin Kengashdan o’tishi zarur edi. Saylov huquqi mol-mulk senzi bilan cheklandi. Saylov yoshi 25 yosh qilib belgilandi. Shunga qaramay, Yaponiyadek feodal an’analarga boy mamlakatda Konstitutsiya qabul qilinishining o’zi katta voqea edi. Aholining kambag’alligi sanoat mahsulotlarining sotib olinishini qiyinlashtirdi. Bu hodisa Yapon hukmron doiralarini qo’shni davlatlar hududlarini bosib olishga undagan. Bu maqsadni ro’yobga chiqarish uchun Yaponiya zo’r berib qurollandi.

Yaponiyaning bosqinchilik maqsadlari Koreya, Xitoy, Tinch okean havzasiga qaratildi. Tez orada Yaponiya bosqinchilik urushlarini boshlab yubordi. 1874- yili Tayvan oroliga hujum qildi. 1872—1879- yillarda Yaponiya, Xitoyning noroziligiga qaramay, Ryukyu orolini bosib oldi. AQSh 1875- yilda Yaponiyani tan olib, unga mustamlakachilik ishlarida «madad qo’li»ni cho’zdi. 1875- yilda Yaponiya Janubiy Saxalin hisobiga Kuril orollarini Rossiyadan ajratib, o’ziga qo’shib oldi. 1875- yilda Yaponiya Koreyaga hujum qildi va Kanxva orolini bosib oldi. 1876- yili yaponlar uchun Koreya «ochiq» mamlakat deb e’lon qilindi. Yapon mollari bojsiz sotiladigan bo’ldi. Shu yo’l bilan Koreya Xitoy ta’siridan ajratib olindi.

Yaponiya-Xitoy munosabatlaridagi ziddiyat 1894-1895- yillarda urushga olib keldi. 1894-yil iyulida Yaponiya Seulda saroy to’ntarishi uyushtirib, yaponparast hukumat tuzdi va poytaxt gornizonini qurolsizlantirdi. Bu hodisa 1894- yil avgustida yapon-xitoy urushi boshlanishiga olib keldi. Xitoy harbiy flotining transport kemalari cho’ktirildi. Ayni paytda, yapon qo’shinlari urush e’lon qilmasdan Koreyada turgan Xitoy harbiy qismlariga hujum qildi. 1894- yilda Xitoy qo’shinlari Pxenyan yonida mag’lubiyatga uchradi. Bu hol Yaponiyaning Uzoq Sharqda ustunlikka ega bo’lishiga yo’l ochdi. Yaponiyaning zamonaviy qurollar bilan ta’minlangan harbiy kuchlari ham quruqlikdan, ham dengizdan hujum uyushtirib, Xitoy qo’shin-larini mag’lubiyatga uchratdi. 1895-yil 17- aprelda Simonoseki sulhi tuzildi. Xitoy Koreyaning musta-qilligini tan oldi. Lyaodun, Tayvan, Penxu (Peskador) orollarini Yapo-niyaga berdi. Shunindek, Yaponiyaga katta miqdorda tovon to’lashga majbur etildi.

Teng bo’lmagan shartnomaga ko’ra, Yaponiya o’z savdosi uchun Xitoyni «ochib» qo’yish, Xitoy hududida yangi sanoat korxonalarini qurish va ulardan foydalanish huquqini oldi.

Yaponiya-Xitoy urushi Yaponiyani monopolistik kapitalizm yo’liga olib kirdi. Uzoq Sharqda uning harakatlari erkinlashdi. Shu bilan birga, G’arb davlatlari bilan Yaponiya o’rtasida noteng iqtisodiy bitimlarning bekor qilinishiga olib keldi.

1895- yili Yaponiya 10 yillik qurollanish dasturini qabul qildi. Ayni paytda, Yaponiya xalqaro miqyosda zo’r berib diplomatik muzokaralar olib bordi. Masalan, 1902- yili Angliya bilan 5 yillik bitim tuzib, Xitoyda Angliya— Yaponiya manfaatlarini belgilab oldi. AQSh Yaponiyani quvvatlashini bildirdi va Germaniya, Fransiyani ham shunga chaqirdi. Shunday qilib, muqarrar bo’lib qolgan urushda Rossiya yolg’izlatib qo’yildi. Rus-yapon urushi 1904-yil 24- yanvarda boshlandi (20-§ ga qarang).

1910- yil Yaponiya Koreyaning anneksiya qilinganligini rasman e’lon qildi. Yaponiya hukumatining talabi bilan Koreya imperatori o’zining butun hokimiyatini «abadiy va batamom» Yaponiyaga top-shirdi. Koreyada ma’muriy mansablarning barchasini yaponlar egal-lab oldilar. Koreys xalqining milliy madaniyati poymol qilindi. Mak-tablarda koreys tilida o’qitish taqiqlandi. Koreyada qurilayotgan yapon sanoat korxonalarida koreyslar qattiq ekspluatatsiya qilina bosh-landi.Yapon bosqinchilari «qilich bilan chopish» rejimini o’rnatdilar.

Yaponiya endilikda barcha e’tiborni Xitoyga qaratdi. Yevropa davlatlari va AQShning Xitoy boyliklaridan foydalanishi Yaponiyani ham Xitoy mulklaridan foydalanishga undar edi. Ishtahasining «ochilib» ketishi AQSh va Angliya bilan munosabatlarining yomonlashuviga olib keldi. Yaponiya Uzoq Sharqda «xavfli raqib»ga aylandi. Rossiya bilan Mo’g’uliston va Manjuriyada «ta’sir zonalari» ni bo’lib olish haqidagi bitimlar (1907—1912) Uzoq Sharqdagi kuchlar nisbatini Yaponiya foydasiga keskin ravishda o’zgartirib yubordi. Shu tariqa, Yaponiya ham yangi urush girdobiga tobora ko’proq tortilib boraverdi.
27-§. 19 ASRNING OXIRIDA XITOY
19 asr oxirida ham Xitoy qoloq, yarim feodal davlat edi. Yerning asosiy qismi zamindor boylar qo’lida edi. Ko’pchilik dehqonlar zamindor-lardan yerni ijaraga olar, ijara haqini pul bilan yoki hosil hisobidan to’lar edilar. Yeri bor dehqonlar juda kam edi. Dehqonlar shaharga ish qidirib kelardilar. Lekin har doim ham ish topilmas edi. Chunki Xitoyda sanoat juda sekin taraqqiy etayotgan edi. 19 asrning so’nggi choragidan boshlab mamlakatda kapitalistik munosabatlar ham rivojlana boshladi. Dastlabki temiryo’llar qurildi. Iqtisodiy aloqalar kengaydi. Yirik shaharlar barpo etildi. Ishchilar soni ko’paydi. Sanoat paydo bo’lishi bilan milliy burjuaziya ham shakllana boshladi. Biroq milliy burjuaziyaning ko’pchiligi kom-pradorlardan iborat edi. Ular amalda chet el firmalarining agentlari edi. Ular chetdan keltirilgan tovarlarni sotish va arzon xomashyo sotib olish hisobiga boyib borardilar.

Pulga muhtoj bo’lgan Sin sulolasi chet el davlatlari bilan asoratli shartnomalar tuzar va milliy manfaatlarga xilof ravishda ularga «yon» berardi. 70-yillardayoq ajnabiylar Xitoynnig 26 porti (bandargohi)ga bemalol kirardilar va xo’jayinlardek ish yuritardilar.

Temiryo’llar qurilishi xorijliklar tasarrufida edi. Ko’mir shax-talarining, konlarning katta qismi ham ularning ixtiyorida bo’lib, Xitoy chet el davlatlarining xomashyo bazasiga aylanib qoldi. Chet elliklar katta shaharlarda hatto o’z rayonlarini tashkil etib, Xitoy ma’murlarini mensimasdan mustaqil ish yuritdilar.

Xitoyning Yaponiya bilan 1894—1895- yillardagi urushda mag’lu-biyatga uchrashi chet ellik monopolistlarning Xitoyni yanada ko’proq talashlari, asoratga solishlariga sabab bo’ldi. 1897- yilda Germaniya Szyaochjouvan ko’rfazini bosib oldi va Shandun viloyatini o’z ta’sir doirasiga kiritdi. Fransiya Suamchjuvan ko’rfazini egalladi va Yunan viloyatida hukmronlik ta’sirini o’tkaza boshladi. Rossiya Port-Arturni, Angliya Veyxay portini bosib oldi. Eng boy hudud—Yanszi daryosi havzasi Angliyaning ta’sir doirasiga tushib qoldi. Futsziyan viloyatida yapon bosqinchilari hukmron bo’lib oldilar. Xitoydagi har qanday qurilish yoki o’zgarishlar bosqinchilar tomonidan nazorat qilinardi. Shunday qilib, Xitoy yarim mustamlakaga aylandi.

19 asrning oxirida Xitoyda ilk sanoat korxonalari paydo bo’la boshladi. 1881- yilda Shimoliy Xitoyda birinchi temiryo’l ishga tushirildi. 1897- yilda bu yerda 600 ga yaqin chet el firmalari mavjud edi. Lekin sanoat korxonalarining o’sishi va ko’payishi sust bordi.

Yevropaning savdodagi hissasi 1890- yilda 40 mln. iyenga tengj bo’ldi. Import eksportdan ancha ko’p edi. Xitoy bilan Angliya o’rtasida 1876- yili tuzilgan konvensiya Xitoyni yanada asoratga soldi. Konvensiya Angliyaga Xitoyning 10 dan ortiq portiga erkin kirish, qator viloyatlarda imtiyozli savdo qilish huquqini berdi.

1880- yillarda Fransiyaning Vyetnamni bosib olishi tufayli Fransiya-Xitoy munosabatlari yomonlashdi. 1884- yili Xitoy Markaziy Vyetnam ustidan rasmiy hukmronligidan voz kechdi va u yerda fransuz protektoratini tan oldi. Fransiya Xitoyga qarshi urush ochdi. 22 ta Xitoy harbiy keraasi cho’ktirildi. Xitoy xalqidagi baland ruh, imihy shakllanish jarayoni Sin imperatorlarida vahima uyg’otdi. Bundan cho’chigan Xitoy hukumati Fransiya bilan shoshilinch bitim tuzdi. U g’olibona umshni mag’lub sifatida yakunlab, Fransiyaga qator rnasalalarda «yon berdi».

Yaponiya ham Xitoyga nisbatan bosqinchilik rejalarini amalga oshirishga kirishdi. 1872-yili Ryukyu orolini, 1874-yiliTayvannibosib olishga harakat qildi. Tayvandagi urushda AQSh harbiy kuchlari ishtirok etgani uchun bu orol amerikalik savdo-sanoatchilar uchun «ochiq» deb e’lon qilindi.

Xitoy endigina sanoatlashuv yo’liga qadam qo yganda xonjiy davlatlar tomonidan talon-taroj qilinishi xalq ahvoliga og’ir ta’sir krsatdi. Xitoyni to’g’ri taraqqiyot yo’liga olib chiqish haqida turli ilg’or ijtimoiy g’oyalar shakllandi. Bularning hammasi yaxlit ma’noda 19 asr oxirlarida Xitoyda islohotchilik harakati deb ataldi. Bu davr ijtimoiy harakatida Sun Yat Senning o’rni alohida ahamiyatga ega bo’ldi. U Xitoyni inqilob yo’liga yetaklagan «rahnamo» edi. Sun Yat Senning «Xitoy uyg’onish jami-yati» nomli tashkiloti manjurlarning Sin sulolasini ag’darib tashlash va Xitoyda demokratik milliy davlat tuzish uchun kurashar edi.

Xitoyda bu davrdagi ijtimoiy harakatda «Ixetuan» — «Tinchlik va adolat uchun ko’tarilgan musht» deb atalgan yashirin tashkilot ham katta rol o’yriadi. «Ixetuan»lar «Manjur sinlarini haydab chiqaramiz, chet elliklarni yo’qotamiz» shiori ostida ish ko’rardilar.

1899- yili Ixetuan harakati qo’zg’olon tusini oldi. Ixetuanlar Yaponiyaga tovon to’lashni to’xtatish, Tayvanni Xitoyga birlashtirish kabi talablarni qo’ydilar. Sin hukumati qo’zg’olondan cho’chib qoldi. Chunki ixetuanlar poytaxt va viloyatlarning qariyb yarmini qo’lda tutib turgan edilar. 1900- yili hukumat qo’zg’olonchilarga qarshi yuborgan qo’shin yengildi,

Qo’zg’olonchilarning yaxshi uyushgan otryadlari Pekinga yurish boshladilar va bu yerda o’z hokimiyatini o’rnatdilar, Pekinga chet elliklar intervensiyasi boshlanishiga bahona bo’ldi. Intervensiyada sakkiz davlat Germaniya, Yaponiya, Italiya, Angliya, AQSh, Fransiya, Rossiya va Avstriya-Vengriya qatnashdi. Ularning har biri Xitoyda kattaroq ulushga ega bo’lish maqsadini ko’zlar edi.

1900- yil iyul oyida chet el interventlari yalpi hujumga o’tdilar. Avgust oyida Pekin egallandi. Xorijliklar shaharni va Imperator saroyini talon-taroj qildilar. Sakkiz davlat Xitoyni asoratli shartnomani (1901-yil 7- sentabrda) imzolashga majbur qildi, Shartnomada qo’zg’olonda qatnashgan mansabdor shaxslarni qatl etish yoki surgun qilish talab etildi. Shuningdek, Pekin bilan dengiz sohili o’rtasidagi yo’llarni muhofaza qilish uchun ajnabiy davlatlarga Xitoyda o’z qo’shinlarini saqlashga ruxsat berildi. Bundan tashqari, Xitoy chet el intervent-lariga 33 mln. dollar tovon to’lashga majbur etildi. Xitoyga qurol-aslaha kiritish taqiqlandi. Ajnabiylarning Xitoydagi imtiyozlari ko’paydi. Natijada Xitoy yanada himoyasiz bo’lib qoldi.

Ayni paytda «Ixetuan» qo’zg’o-loni mustamlakachilarni ehtiyotkorlik bilan harakat qilishga majbur etdi. AQSh monopolistlari 90-yillarda Xitoyga bostirib kirishni o’zlariga asosiy maqsad qilib oldilar.

1899- yil sentabrda AQSh davlat kotibi Xeyning «ochiq eshiklar va teng imkoniyatlar» siyosati e’lon qilindi va «Xey» doktrinasi deb nom oldi (15—16-§ ga qarang).

O’zining iqtisodiy kuch-qudratiga ishongan Amerika kapitali Xitoyda barcha raqiblarini yengishga umid bog’ladi.


20 ASR BOSHLARIDA XITOYNING IJTIMOIY-IQTISODIY VA SIYOSIY AHVOLI
20 asr boshlanda Xitoyda ijtimoiy ziddiyatlar kuchayib ketdi. Manjurlarmng Sm sulolasi hukmronligi inqirozga yuz tutdi. Shoshilinch ko’rilgan islohot choralari jamiyat ahvolini tubdan yaxshilamadi. Xitoyda sanoat taraqqiyoti bilan unga to’siqqa aylangan yer mulkchiligiga xos qoloq ishlab chiqarish munosabatlari o’rtasida ziddiyat chuqurlashdi. Omma orasida manjurlar boshqaruviga qarshi harakat kuchaydi. Xorijiy davlatlar Xitoyda o’z mavqelarini mustahkamlab oldilar. Xitoy milliy sanoati rivojlanishi ancha orqada qoldi. Shunday bo’lsa-da, har yili 50 tadan ko’proq korxona ishga tushirildi. Natijada, eksport 1901- yildan 1911- yilgacha 122 mln. dollardan 245 mln. dollarga o’sdi. Xorijiy davlatlar ichida Angliya tovar ayirboshlashda birinchi o’rinda (50 foiz) turar edi. 1914- yilga kelib Xitoy xorijiy davlatlardan 835 mln. dollar qarz bo’lib qoldi.

Sun Yat Sen tashkiloti konstitutsiyaviy mo-narxiya haqidagi fikrlarni qoraladi. Sin sulolasini umuman yo’qotib, Respublika tuzish talabi qo’yildi. Bu chaqiriqlar man-jurlarga qarshi harakatni yanada kuchaytirdi. Bu harakat 1911- yili chet elliklardan temiryo’l qurilishi uchun qarz olish haqida bitim tuzilgach, qurolli qarshilik tusini oldi. Hatto armiyada ham norozilik boshlandi.

Uxan shahrida askarlar yotog’ini tintuv qilishga kirgan manjur ma’muriyati tarafdorlarini askarlar o’ldirdilar. Qurol-aslaha omborini bosib oldilar. Boshqa qo’shin qismlari ham ularga qo’shildi. Inqilobchilar 11- oktabrda Uxanni to’la qo’lga kiritdilar. Ular Respublika hukumati tuzdilar va barcha Xitoy viloyatlarini Respublika atrofida birlashishga chaqirdilar. Manjur sulolasi hukmronligi tugatilgani e’lon qilindi. Bu inqilob Xitoy tarixiga «Sinxay inqilobi» nomi bilan kirgan. Shunday qilib, «Sinxay inqilobi» qurolli qo’zg’olon yo’li bilan Xitoyda XVII asrdan boshlab hukm surgan manjurlar hokimiyatini ag’darib tashladi. Inqilobchi demokrat Sun Yat Sen (1866-1925) Xitoydagi milliy-ozodlik harakatining atoqli arbobi edi. U Guanchjou (Kanton) yaqinida dehqon oilasida tavallud topdi. Sun Yat Sen 90- yillarning boshida Gonkong (Syangan)da ingliz tibbiyot institutini tamomladi. Keyingi hayotini u siyosiy soha bilan bog’ladi.

Sun Yat Sen 1905- yil avgust oyida «Xitoy uyushmalari ittifoqi» (Tunminxay) degan siyosiy tashkilot tuzdi. Yirik shaharlarda bu ittifoqning yashirin bo’limlari ochildi. Ittifoq 1905- yil noyabrida «Minbao» (Xalq gazetasi)ni chiqara boshladi.

«Ittifoq» Sun Yat Sen rahbarligida dastur qabul qildi. Dasturda Sin monarxiyasini ag’darib tashlash, Xitoyda Respublika ta’sis etish va yerga egalik huquqini tenglashtirish, mustaqillikni tiklash, millatparvarlik, demokratiya va xalq farovonligi talab etilgan edi.

Sun Yat Sen ijtimoiy-iqtisodiy jihatdan sust taraqqiy etgan Xitoyda yerga egalik huquqini tenglashtirish yo’li bilan, ijtimoiy adolatli tuzum yaratish mumkin, degan fikrda edi.

1911- yil 25- dekabrda ko’p yillik muhojirlikdan so’ng Sun Yat Sen Xitoyga qaytib keldi. Uni xitoy xalqi xursandchilik bilan kutib oldi. 29- dekabrda Nankinda inqilobiy viloyatlar vakillaridan iborat
Millat Majlisi to’plandi. Millat Majlisi Xitoyni Respublika deb e’lon qildi va muhojirlikdan qaytib kelgan Sun Yat Senni Xitoy Respublikasining vaqtincha Prezidenti etib sayladi. 1912- yil 1- yanvardan Sun Yat Sen o’z prezidentlik vazifasini bajarishga kirishdi.

Millat Majlisi vaqtincha qabul qilgan Konstitutsiyada barcha fuqarolarning tengligi va turli demokratik erkinliklar e’lon qillnsa-da, dehqonlarning orzutilaklarini ifoda etuvchi «yerga egalik qilishda teng huquqli bo’lish» shiori Konstitutsiyada ham, Millat Majlisining ko’rgan chora-tadbirlarida ham o’z aksini topmadi. Buning sababi — yerga egalik qilishda teng huquqqa ega bo’lishga qarshi kuchlarning katta mavqega ega bo’lganligi edi.

Inqilob natijasida Xitoyda ikki hokimiyatchilik diktaturasi vujudga keldi- Ularning biri-Xitoy Respublikasi hokimiyati, ikkinchisi — ShimoJda saqlanib qolgan imperator hokimiyati edi. Pekindagi imperator hukumatining boshlig’i Yuan Shikay edi.

Chet el monopolistlarini Xitoydagi mavqelarining qay ahvolda qolishi tashvishga solib qo’ydi. Shu sababli ular turli bahonalar bilan Xitoyning ichki ishlariga tobora ko’proq aralasha boshladilar. Xorijlik bosqinchilar Xitoydagi inqilobni qurol kuchi bilan bostirish maqsadida o’z kuehlarini birlashtirishga erishdilar.

Rivojlangan xorijiy davlatlaraing Pekin hukumatini qo’llab-quvvatlashdan maqsadi Xitoyning ichki ishlariga o’z bilganicha aralashish edi. Biroq bu Xitoyda umumiy norozilik keltirib chiqardi. Aholi chet el tovarlarini boykot qila boshladilar. Shunday sharoitda reaksiya Bosh vazir Yuan Shikay atrofiga birlashdi.

Pekin saroy ahli unga monarxiyaning homiysi—xaloskori deb qarar edi. Biroq Yuan Shikay inqilobiy harakatning tazyiqi bilan 1912- yil 12- fevral kuni Sin sulolasini taxtdan voz kechishga majbur etdi. Hukmron tabaqalar butun hokimiyatni unga topshirishga urindilar. Yuan Shikay Nankinda hukumat tuzdi. Bu orada, xorijiy davlatlar ham Sun Yat Senning hukumat «tepasidan» ketishini ochiqdan ochiq talab qildilar va Xitoyga intervensiya uyushtirishga oshkora tayyorgarlik ko’ra boshladilar. Xitoyga qarshi intervensiya xavfi ostida 1912- yil 1-aprelda Sun Yat Sen prezidentlik lavozimini Yuan Shikayga topshirishga majbur bo’ldi.

Hokimiyat «tepasiga» kelgan Yuan Shikay demokratik erkinliklarni yo’qqa chiqara boshladi. U ishni, avvalo, inqilob qo’shinlarini butunlay qurolsizlantirishdan boshladi. Hukumatga qarshi tuzilgan har qanday guruh a’zolarining taqdiri o’lim bilan yakunlanardi, Har bir qishloqda jazo ekspeditsiyasi ish ko’radigan bo’ldi.

Ayni vaqtda «Birlashgan ittifoq» bilan liberal guruhlar qo’shilib 1912- yil avgustida Gomindan (Milliy partiya)ni tuzdilar, partiya boshqaruvi raisligiga Sun Yat Sen saylandi.

Aksilinqilobning g’alabasidan ruhlangan Yuan Shikay Millat Majlisini o’zini besh yil muddatga Prezident etib saylashga majbur qildi. Yuan Shikay buyuk davlatlar bilan yangi asoratli qarz to’g’risida shartnoma imzoladi. Shundan so’ng xorijiy davlatlar Xitoy Respub-likasini tan olganliklarini ma’lum qildilar. Xitoyning iqtisodiy ahvoli og’irlashdi. Sun Yat Sen xitoy xalqini qo’zg’olon boshlashga undadi. 1913- yil yozida Xitoyning janubida hukumatning reaksion siyosatiga qarshi «Ikkinchi inqilob» deb nom-langan qo’zg’olon boshlanib ketdi. Qo’zg’olonga Sun Yat Sen bosh-cbilik qildi.

Biroq, kuchlar teng bo’lma-ganligi, qo’zg’olonchilar zamona-viy qurollar bilan ta’minlanma-ganliklari tufayli chet el davlatlari-dan harbiy madad olgan hukumat qo’shinlari tomonidan «Ikkinchi inqilob» harakati tor-mor etildi.

1914- yil mart oyida Yuan Shikay Konstitutsiyaviy Kengash chaqirdi. Unda «Yangi Xitoy Konstitutsiyasi» qabul qilindi. To’plangan odamlar uning so’zini «ikki» qilmaydiganlar edi. Yuan Shikay Prezident sifatida cheklanmagan hokimiyatga ega bo’ldi. Harbiy diktatura o’rnatildi. Respublika boshqaruv organlari tugatildi. Bu hol amalda 1911- yil «Sinxay inqilobi»ning mag’lubiyati edi.



Do'stlaringiz bilan baham:
1   2   3   4   5   6   7   8


Ma'lumotlar bazasi mualliflik huquqi bilan himoyalangan ©hozir.org 2017
ma'muriyatiga murojaat qiling

    Bosh sahifa