III.Yangi mavzu bayoni: Salib yurishi 1096- yilning bahorida boshlandi va 1270- yilgacha davom etdi. Sakkiz marta salib yurishi bo’ lib o’tdi. Yurishni dastlab dehqonlar boshlashdi. 60-70 ming dehqon 5-6 guruhga bo’linib, bola-chaqalari bilan aravalarda to’kin hayot izlab, muqaddas yurt sari jo’nab ketdilar. Salibchilar katta qiyinchilik va talafotlar bilan yozda Konstantinopol shahriga yetib kelishdi. Vizantiya imperatori ularni Kichik Osiyoga o’tkazib yubordi. Bu yerda ular saljuqiy turklar qo’shini bilan to’qnashishdi. Salibchilar birinchi to’qnashuvdayoq tor-mor etildi. Ularning katta qismi qirib tashlandi. Qolgan-qutgani bir amallab Konstantinopolga qaytib keldi. Shundan so’ng 1096- yilning kuzida yaxshi qurollangan Fransiya, Germaniya va Italiya ritsarlari Yaqin Sharqqa yo’l oldilar. Ular Konstantinopol shahrida uchrashdilar. Vizantiya imperatori avvalgidek ularni Kichik Osiyoga o’tkazib yubordi. 1097- yilning yozida salibchilar saljuqiy turklar qo’shinini tor-mor etdilar. So’ng Falastinga yo’l oldilar. Va nihoyat, yo’l-yo’lakay qattiq janglardan keyin 1099-yilning 15-iyul kuni muqaddas Quddus shahrini ishg’ol qildilar. Salibchilar shaharni ayovsiz taladilar. Aholini shafqatsizlarcha qirdilar. Shu tariqa uch yillik jangu jadallar davomida jami 1200 km uzunlikdagi yer-mulkni bosib oldilar.
Bosqinchi salibchilar bosib olgan hududlarida o’z davlatlarini tuzdilar. Ularning eng yirigi Quddus qirolligi edi. Qolgan mulklar bu qirollikning vassallariga aylantirildi. Salibchilarning yetakchilaridan biri gersog Gotfrid Bulonskiy qirollik taxtini egalladi. Salibchilar shaxsan erkin mahalliy aholining barchasini krepostnoylarga aylantirdilar.
Birinchi salib yurishidan keyin Falastinda ritsarlar oz qoldi. Shunday sharoitda ularni saqlab qolish muhim masala edi: Chunki salibchilar o’z davlatlarini mudofaa qilishga ham majbur edilar. Ritsarlarni saqlab qolish zarurati diniy-ritsarlik ordenlari tashkil etilishiga olib kelgan. Bular Tamplif, Ioannit ordenlari edi. Uchinchi salib yurishidan so’ng Tevton ordeni ham tashkil etilgan. Falastinda va Yevropaning turli mamlakatlarida ordenlarga yermulk ajratib berilgan. Ular shu yer-mulklardan kelgan daromad hisobiga yashaganlar. Bundan tashqari, dindorlar ham katta xayr-ehsonlar qilganlar. Ordenlarga salibchilar davlatini va yevropalik ziyoratchilarni himoya qilish vazifasi yuklatilgan. Rim Papasi yeretiklarga qarshi kurashda Tamplif ordeni xizmatidan bir necha marta foydalangan. Ordenlar bora-bora Yaqin Sharqda va G’arbiy Yevropada yirik mulkdorlarga aylangan, keyinchalik salib yurishlari muvaffaqiyatsizlikka uchragach, Tamplif ordeni Fransiyaga, Ioannitlar ordeni Malta oroliga ko’chirilgan. Tevton ordeni XIII asr boshlarida Shimoli-sharqiy Yevropaga o’rnashib olgan. Tamplif ordeni Fransiyada hatto qirol hokimiyatiga ham xavf sola boshlagani uchun 1312- yilda butunlay tugatilgan. Tevton ordeni esa XVI asrda o’z qudrati va ahamiyatini yo’qotgan.
1147- yilda ikkinchi salib yurishi uyushtirildi. Unda Fransiya qiroli va Germaniya imperatori shaxsan ishtirok etdi. Biroq bu yurish tamomila barbod bo’ldi. Salibchilar Quddus qirolligiga xavf solayotgan Damashq bekligini bosib ololmadilar. Bu orada turklar Salohiddin Ayyubiy (1171- 1193) boshchiligida Misr davlatini tuzishga muvaffaq bo’ldilar. 1187- yilda Misr qo’shini Quddusni zabt etdi. Salibchilar shahardan quvib chiqarildi. Quddusni qaytarib olish maqsadida 1189- yilda uchinchi salib yurishi uyushtirildi. Bu yurishda Fransiya, Germaniya va Angliya davlatlari qatnashdi. Har bir davlat hukmdori o’z qo’shinlariga shaxsan rahbarlik qildi. Biroq bu yurishdan ko’zlangan asosiy maqsadga erishilmadi. 1192- yilda salibchilar va Salohiddin Ayyubiy o’rtasida shartnoma tuzildi. Unga ko’ra, yevropaliklar xristianlar uchun muqaddas hisoblanuvchi Quddus va boshqa shaharlarga bemalol ziyoratga kelib ketishlari mumkin edi. Uchinchi salib yurishining yevropaliklai uchun muhim ahamiyati Kipr orolining egallanishi bo’ldi. Salibchilar bu yerda Kipr qirolligini tuzganlar.